• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

Firdavs Fayzillaev 2004-yili Navoiy viloyatining Uchquduq shahrida tug‘ilgan. Hozirda Qatardagi Karnegi Mellon universiteti Biznes boshqaruvi (Business Administration) fakulteti 1-bosqich talabasi.

Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining foundation kursini bitirgach Qatarga ketishga qaror qilgan Firdavs Fayzillaev Qatarga topshirish sabablari, Qatar hukumati grant dasturi va unga kerakli hujjatlar, taʼlim tizimi va davlatga moslashish jarayonlari haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.


Kichkinaligimdan xorijda o‘qishni istardim

Maktabda o‘qib yurgan paytimda chet elda o‘qish istagi bo‘lgan, asosan Amerikadagi universitetlarga topshirganman. Qatardagi Karnegi Mellon universiteti talabasi Yusufbek Nasriddinov bilan intervyuni ko‘rgach Qatarga topshirish istagi ham paydo bo‘lgan.

Karnegi Mellonga hujjat topshirganimda Toshkentdagi Vestminster universitetining 1-bosqich talabasi edim va Qatarga kirgach, o‘qishni o‘sha davlatda davom ettirishga qaror qilganman.

Biznes Administration (Biznes boshqaruvi) yo‘nalishini unga oid bilimlarim ancha kuchli bo‘lgani uchun tanlaganman. Maktabdagi Iqtisodiyot fanini yoqtirganim, undan keyin Vestminster universitetiga topshirib, u yerda ham biznes yo‘nalishida 1 yil o‘qiganligim bunga asosiy turtki bo‘lgan. Universitetni bitirgach ham aynan shu sohada faoliyatimni davom ettirmoqchiman.

Foto: Carnegie Mellon University in Qatar

Hujjat topshirish

Bu o‘zimiznikidan farq qiladi. O‘zbekistonda avgust oyida hujjat topshirish jarayoni va imtihonlar bo‘lib o‘tsa, Qatarda yanvar oyida deyarli barcha universitetlar hujjat topshirish oynasini yopadi. Hujjatlar “Common App” platformasi orqali topshiriladi.

Asosiy hujjatlar:

  • pasport nusxasi;
  • insholar (motivation letter);
  • o‘qituvchilardan tavsiyanomalar;
  • maktabdagi baholar;
  • chet tilini bilish sertifikati;
  • ijtimoiy faoliyat, qiziqishlar va uni tasdiqlovchi hujjat (sport musobaqalarida yoki volontyorlik ishlarida, madaniy tadbirlarda qatnashganlik haqida diplom va sertifikatlar).

Hujjat topshirish eng ko‘p vaqt oladigan jarayon bo‘lib, insholar ustida ko‘p ishlaganim uchun deyarli 4 oy ketgan. Insho qabul komissiyasi juda katta e’tibor qaratadigan faktor hisoblanadi. Bundan tashqari “Common App"ning ham har bir universitet uchun alohida to‘ldirilishi kerak hujjatlari (formalar) mavjud.

O‘qituvchilardan va/yoki ish tajribasi bo‘lsa buni ham kiritib, ulardan ham tavsiyanomalar olib, hammasini platformaga kiritish ancha mashaqqatli bo‘lgan.

Oilali kelib o‘qish. Men o‘qiyotgan universitetda o‘g‘il bolalarga nisbatan qizlar ko‘proq, ular ham Qatarga bir o‘zi kelib bemalol 100%lik grant yutib o‘qishi mumkin. Oilali bo‘lib kelishga ham ruxsat beriladi, ammo 3 kishidan ortiq bo‘lmasligi lozim. Ya’ni talaba o‘zi bilan turmush o‘rtog‘i va bir nafar farzandini olib kela oladi.

Agar talaba bakalavrning birinchi bosqichiga yakka o‘zi kelib, bir yoki ikki yildan keyin oilaviy holati o‘zgarsa, 100%lik grant ajratadigan Qatar fondi ham grant summasini o‘zgartiradi, ya’ni ko‘tarib beradi. Qo‘shimcha, bir kishilik xonadan oila uchun mo‘ljallangan xonaga o‘tkaziladi.

grant, grantlar, qatar, xorijda ta'lim

Foto: masterok.livejournal.com

Qatar hukumati grant dasturi

Grantni Karnegi Mellon universiteti emas, Qatar fondi ajratadi — har bitta qabul qilingan talabaning oilaviy yillik daromadidan kelib chiqqan holda qisman yoki to‘liq grantlar beradi. Oilaviy daromad qanchalik past bo‘lsa, talabaga ajratiladigan mablag‘ shuncha yuqori bo‘ladi.

Bu miqdor hozirda 4 yilga $320 mingni tashkil qiladi. Grantni saqlab qolish uchun bitta shart bor, har yili akademik ko‘rsatkichlar kamida 2,5/4 GPA, ya’ni bu 65−66%lar atrofida bo‘lishi, 65%dan tushib ketmasligi lozim.

Ajratilgan mablag‘ o‘qish, yashash, oziq-ovqat va O‘zbekistonga yiliga ikki marta borib-kelish xarajatlarini qoplaydi.

O‘qishga kirgach fondga alohida hujjat topshirish lozim. Grantga topshiriladigan hujjatlarning universitetnikidan asosiy farqi, moliyaviy taraflama oilaning sharoiti nazarda tutilishida. Bunga ota-onaning ish joyidan yillik daromadini ko‘rsatuvchi hujjat, bank ma’lumotnomasi talab qilinadi, bundan tashqari agar oila qandaydir uy-joy yoki mulkka, biznesga egalik qilsa bu to‘g‘risida ham alohida hujjatlar so‘raladi.

Viza olish jarayoni. Bizga o‘qishga qabul qilinganligimiz va grant yutganligimiz to‘g‘risida hujjatlar chiqqandan keyin universitetning Xalqaro talabalar bilan ishlash departamenti bog‘langan. O‘sha joydan bir vakil aloqaga chiqib, kerakli hujjatlarni so‘ragan.

Bular orasida pasport nusxasi, universitetdan qabul xati va boshqa hujjatlar bor edi. Shundan so‘ng keyingi ikki hafta ichida bizga elektron viza chiqarib berishgan, bunda hechqanday muammo yuzaga kelmagan.

grant, grantlar, qatar, xorijda ta'lim

Foto: Firdavs Fayzillaevning shaxsiy arxividan

Ta’lim tizimi, o‘ziga xos jihatlari

AQSh universiteti bo‘lganligi uchun bizga u yerning tizimida ta’lim beriladi. O‘ziga xos jihatlariga kelsak, talabalar semestr davomida qaysi fanlarni o‘qishni o‘zlari tanlaydilar. Fanlar ham ko‘p emas, bir semestr uchun 5 yoki 6ta fan to‘g‘ri keladi. Qishki ta’til 1 oy, yozgi ta’til 3 oydan ortiqroq beriladi.

Buning asosiy ikki sababi bor: birinchisi, universitetlar juda qisqa muddatda katta miqdordagi ma’lumotlarni talabalarga taqdim qilishi, ikkinchisi, ta’til davomida o‘zlari tanlagan sohaga aloqador kompaniyada amaliyot (internship) o‘tashi uchun beriladi.

Bundan tashqari, deyarli har oy universitetda katta tadbirlar o‘tkaziladi. Unda Qatardagi yetakchi kompaniya vakillari universitetga taklif qilinadi va talabalarga rezyumelari bilan tanishtirish, o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, bu yerda talabalar vaqtini maroqli o‘tkazishi uchun usti yopiq va ochiq professional sport va shunchaki dam olish uchun har xil turdagi basseynlar, har bir universitet uchun alohida va barcha uchun ochiq bo‘lgan 5 turdagi sport zallari, katta va kichik futbol maydonchasi, tennis, badminton, basketbol, voleybol maydonchalari, talabalar uchun bepul arab tili kurslari va hamma sharoitlar bilan ta’minlangan mehmonxonadan farq qilmaydigan yotoqxonalar mavjud. Bularning barchasi 100% grant yutib olganlar uchun tekin. Shuncha sharoit qilib berilganiga yarasha universitetda talab ham kuchli.

grant, grantlar, qatar, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Bundan tashqari ko‘plab universitetlarda shunday tizim bor: agar men o‘qishni tashlab ketadigan bo‘lsam, boshqa o‘zbekistonlik o‘qishga qabul qilinmasligi mumkin. Amerikaning top-universitetlari ma’lum bir davlatdan talaba qabul qilishda o‘sha davlatdan oldingi yillarda qabul qilinganlar ko‘rsatgan natijalarga e’tibor beradi.

Misol uchun, siz topshirmoqchi bo‘lgan universitetga oldingi yillarda o‘zbek abiturientlar qabul qilingan va ular yaxshi natijalar ko‘rsatgan bo‘lsa Qabul komissiyasi bu davlat o‘quvchilariga ko‘proq e’tibor beradi va agarda qabul qilinganlar yomon akademik natijalar ko‘rsatsa yoki qonunni buzganligi tufayli universitet ma’muriyati nazariga tushadigan bo‘lsa Qabul komissiyasi o‘zbek abituriyentlarini tanlashda ehtiyotkorroq bo‘lishni afzal ko‘radi.

Agarda siz topshirgan universitetga sizdan oldin o‘zbekistonliklar qabul qilinmagan bo‘lsa, birinchi bo‘lishingiz mumkin va keyingi talabalarni qabul qilish ham qaysidir jihatdan sizning akademik ko‘rsatkichlaringiz, universitetdagi yutuqlar va o‘zingizni tutishingizga qarab belgilanadi.

Magistratura va doktoranturani arab davlatida o‘qish imkoniyati. Qatar davlatidagi Hamad Bin Khalifa universitetida qabul qilinganlarning barchasiga 100%lik grant taqdim qila oladigan Iqtisodiyot, IT, Muhandislik, Tibbiyot, Ijtimoiy-gumanitar va Islomiy ta’lim fakultetlari mavjud va o‘qish har xil binolarda olib boriladi.

Hujjat topshirish uchun pasport nusxasi, rezyume, insho, tavsiyanoma, tanlagan yo‘nalishga mos keladigan til sertifikati, universitetning onlayn formasini to‘ldirish, IELTSdan kamida 6,5 ball olgan bo‘lishingiz va diplomdagi baholar 75%dan kam bo‘lmasligi talab etiladi.

Islomiy ta’lim fakultetiga esa IELTSdan kamida 5 ball va arab tilini o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikat so‘raladi. Bunda, albatta, magistraturaga topshirmoqchi bo‘lgan talabgor tanlagan yo‘nalishiga mos bakalavr diplomini, doktoranturaga topshirmoqchi bo‘lganlar esa yo‘nalishiga mos magistr diplomini olgan bo‘lishi lozim. Universitetga hujjatlarni 1-fevralgacha topshirish mumkin.

grant, grantlar, qatar, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

O‘qishdan tashqari ishlash

Qatarda o‘qishni tugatgandan keyin ish topish qiyin emas, lekin top-kompaniyalarga kirishda boshqalar bilan bellashishga to‘g‘ri keladi va bu jarayon anchagina vaqtni olishi ham mumkin.

Talabalarning o‘qishdan tashqari ishlashiga faqat universitet binosida (ko‘chaga chiqib ishlash mumkin emas), haftasiga 20 soatgacha ruxsat beriladi. Bu yerda ish o‘rinlari ko‘p, maoshlar soatiga $10dan $13gacha belgilangan. Ishlar qiyin emas, ularning ko‘pchiligi qo‘ng‘iroqlarga javob berish, hujjatlarni to‘ldirish va boshqa talabalarning savollariga javob berishni o‘z ichiga oladi.

Talabalar haftasiga 14−15 soatdan ishlasa, oyiga o‘rtacha $550−750 atrofida ishlab topadi va bu oylik maksimum $1040gacha chiqishi mumkin. Ko‘pincha talabalar akademik taraflama ishlashadi, ya’ni o‘zlaridan keyingi bosqich talabalariga yordam berish uchun avvalgi semestrda o‘qitgan fan professoriga assistentlik qiladi.

Men o‘qishdan tashqari universitetning o‘zida tashkil etilgan EcoCampus loyihasida ijtimoiy media-kordinator bo‘lib ishlayman va vazifam EcoCampus tomonidan tashkillashtirilgan barcha tadbirlarda qatnashish hamda bularni rasmiy “Instagram” sahifasida yoritib borish, posterlar tayyorlashdan iborat.

Talaba uchun oylik xarajatlar. Qatar o‘zi boy davlat bo‘lgani uchun bu yerda narxlar qimmatroq va o‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bir oylik xarajat oziq-ovqatga o‘rtacha $500, transportga ko‘pi bilan $100 hamda yotoqxona uchun $700 atrofida mablag‘ sarflanadi.

Qatarga moslashish. Bu yerga kelgach ob-havoga moslashish biroz qiyin bo‘lgan, avgust o‘rtalarida kelganmiz va yoz Qatarda juda issiq o‘tgan. Bu davrda ko‘chada aholining piyoda yurganini deyarli ko‘rmaysiz, chunki hamma mashinada harakatlanadi. Bu holat esa meni va boshqa O‘zbekistondan kelgan talabalarni biroz hayron qoldirgan.

Bundan tashqari, bu yerda hafta yakshanbadan boshlanadi va payshanbada tugaydi. O‘zimizniki kabi shanba va yakshanba dam olish emas, juma va shanba dam olish kunlari hisoblanadi. To‘g‘risini aytganda, bu bizga juda ma’qul kelgan va qiyinchilik degandan ko‘ra buni yengillik desak ham to‘g‘riroq bo‘ladi.

Ўхшаш янгиликлар