• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi prezident farmoyishi qabul qilindi.

Hujjat bilan, davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi (grant) parametrlari bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga — 34 838 nafar etib, magistratura bo‘yicha esa 9 365 nafar etib belgilandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga uch kun ichida davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etish istagini bildirgan hamda talabalar qabulini davlat OTMlari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlarda amalga oshiruvchi nodavlat OTMlari ro‘yxatini, ular takliflariga asosan ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlari bo‘yicha takliflarni Davlat komissiyasiga taqdim etadi.

Shuningdek, vazirlik bir haftada quyidagi takliflar taqsimotini ham taqdim etishi kerak:

  • xorijiy OTMlar va ularning filiallari hamda nodavlat OTMlarga ajratilgan 1200ta davlat granti;
  • xotin-qizlar uchun ajratilgan 2000ta davlat granti;
  • o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, san’at va hunarmandchilik yo‘nalishlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30ta davlat granti.

Davlat komissiyasi bir hafta ichida bakalavriaturaga qabul bo‘yicha OTMlar, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul, shuningdek, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini tasdiqlashi zarur.

Shu bilan birga, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballari hisobga olingan holda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish bali tasdiqlanadi.

Davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari buyurtmalariga asosan, umumiy grant asosidagi qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari va ularning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimoti tadiqlanadi.

Bundan tashqari, har bir bakalavriatura bo‘yicha OTMning umumiy qabul parametriga nisbatan grant kvotasi ulushi ta’lim sohalari kesimida, magistratura bo‘yicha qabul parametrlari grant va to‘lov-kontraktga ajratilgan holda OTMlar va tillar kesimida tasdiqlanadi.

O‘qishga kirishda to‘plagan baliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plasa, unga mos ravishda grant yoki to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha kvota bilan talabalikka tavsiya etiladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qabul parametrlarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

15-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev davlat OTMlariga qabul jarayonlari bo‘yicha takliflar bilan tanishgandi. Unda davlat rahbari OTMlarga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlash borasida ko‘rsatmalar bergandi.

Ўхшаш янгиликлар