• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +20°C
Detail image

AQShda o‘tkaziladigan “Humphrey Fellowship” stipendiya dasturiga arizalar qabul qilinmoqda.

Unda butun dunyodan nomzodlar ilmiy unvonsiz magistratura darajasi uchun ishtirok etishlari mumkin.

Stipendiyalar davlat va jamoat tashkilotlari yoki xususiy sektorda ishlayotgan, boshqaruv qobiliyatiga ega, faol jamoatchi mutaxassislarga tanlov asosida ajratiladi.

Dastur muddati 10 oyni tashkil etadi, uning davomida ishtirokchilar kasbiy rivojlanish bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilinadi.

Bularga AQSh professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari bilan maslahatlar va hamkorliklar, seminarlar, tadqiqot loyihalari hamda foydali strategiyalarni ishlab chiqish jarayonlari kiradi.

Nomzodlar quyidagilarga ega bo‘lishlari kerak:

  • bakalavr darajasi;
  • kamida besh yillik ish tajribasi;
  • AQShning bakalavr unvoniga teng bo‘lgan, tugallangan oliy ma’lumot;
  • yetakchilik fazilatlari;
  • ingliz tilini bilish.

Shuningdek, AQShda oxirgi besh yil ichida olti oydan uzoqroq muddat davomida istiqomat qilganlar mazkur dasturda ishtirok eta olmaydi.

Kerakli ta’lim sohalari qatorida Iqtisodiy rivojlanish, moliya va bank ishi, aloqa va jurnalistika, qonun va inson huquqlari, qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslar kabilar bor.

Tanlovda ishtirok etish uchun ingliz tilidagi rasmiy transkriptlar, ikkita tavsiyanomani onlayn jo‘natish kerak. Bunda ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat talab etilmaydi. Biroq mavjud bo‘lsa, uni ham ilova qilish mumkin.

Ariza topshirish bo‘yicha so‘nggi muddat tugagach, qabul qilingan barcha arizalar elchixona xodimlari va sobiq stipendiatlardan iborat hay’at tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Hujjatlari ma’qul topilgan nomzodlar AQSh elchixonasida bo‘lib o‘tadigan suhbatga taklif qilinadi. Eng yaxshi nomzodlar elchixona tomonidan stipendiya olishga tavsiya etiladi.

Grant o‘z ichiga quyidagilarni oladi:

  • universitetlarga kirish uchun topshiriladigan imtihon xarajatlari;
  • J-1 toifasidagi vizani olishda yordam;
  • borish-qaytish aviachiptasi;
  • tibbiy sug‘urta;
  • yashash xarajatlari;
  • o‘qish boshlanishidan oldingi tanishtiruv dasturi.

Arizalarni joriy yilning 7-iyunigacha havola orqali jo‘natish kerak. Dastur haqidagi batafsil ma’lumotlar bu yerda.

Savollar mavjud bo‘lsa TashkentFulbright@state.gov manziliga “2025 Humphrey Fellowship Program” mavzusida yo‘llash mumkin.


Avvalroq Polshada o‘tkaziladigan amaliyot dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Ўхшаш янгиликлар