• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +24.2°C
Detail image

HAMAS asirlarni berishga ko‘nmayapti, Isroil Rafahda operatsiya boshlash arafasida

19 aprel kuni HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Hanya Turkiyaga borib, Erdo‘g‘an qabulida bo‘ldi. Avvalroq byuro Qatardan boshqa joyga, ehtimol Ummonga ko‘chishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ayni paytda Isroil Rafah operatsiyasini boshlash arafasida. Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealarni Kun.uz studiyasida ekspert Shavkat Ikromov sharhlab berdi.

— Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va HAMASning siyosiy qanoti rahbari Ismoil Hanya muzokaralari nimaga qaratilgandi?

— Bu ularning birinchi uchrashuv emas, 7 oktyabrdan keyin Ismoil Hanya uchinchi marta Erdo‘g‘an bilan uchrashyapti. Mazkur uchrashuv G‘azodagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi bayonotlar bilan kechgani yo‘q. Ya’ni muhim qarorlar qabul qilingani yo‘q, bayonot ham berilmadi, lekin muzokaralar uzoq davom etdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri bilan 3 soatlik va Erdo‘g‘an bilan uchrashuvlardan keyin ayrim tezislar e’lon qilingan. Ularga ko‘ra, Erdo‘g‘an Falastin xalqini birdamlikka, mustaqilligi uchun kurashishga chaqirgan. Umuman, bunday chaqiriq Erdo‘g‘an partiyasi hokimiyatda ekanidan buyon mavjud.

Aniq bayonotlar yo‘q, lekin bir qancha masalalar ko‘rib chiqilganini taxmin qilish mumkin. Xususan, HAMASning Qatardagi ofisini ko‘chirish masalasi, guruhlarni ko‘chirish masalasi, Falastin davlati tashkil topishi, o‘t ochishni to‘xtatish, keskinlikni yumshatish, HAMASni muzokaralarga undash kabi masalalar ko‘rilgan bo‘lishi mumkin ehtimol. Lekin natijasiz tugagan bo‘lsa kerak, chunki maxsus bayonotlar bo‘lmadi.

Turkiyaning G‘azodagi jarayonlarga o‘zgaruvchan munosabati haqida gapirmoqchiman. Turkiya juda nozik o‘yin olib boryapti. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavritaniyaga borgandagi bayonotida Turkiyaning G‘azo bo‘yicha “o‘ta nozik siyosati” degan jumla ishlatilgan. Bu noziklik Rossiya-Ukraina urushi kontekstida ham ishlatilgandi. Anqara Ukraina suverenitetini e’tirof etib, Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirgan. G‘azoda ham shunday holat. Turkiya Netanyahu hukumatiga nisbatan keskin bayonotlar beradi, lekin iqtisodiy aloqalar pastlagani yo‘q.

Turkiya – Isroilni tan olgan birinchi musulmon davlati, 1949 yildayoq tan olgan. Sovuq urushdan keyin 2006 yilgacha Turkiya va Isroil yaqin ittifoqchilar edi. 2006 yilda G‘azoda HAMAS hokimiyatga keldi, Turkiyada hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasida esa musulmon dunyosiga e’tibor berish, yetakchilik qilish pozitsiyasi bor edi. Shu nuqtai nazardan HAMASni qo‘llashini bildirdi va Isroil bilan ziddiyatlar vujudga keldi. 2006-2013 yillar oralig‘ida ziddiyatlar biroz harbiy tus olgan, jiddiy voqelar bo‘lgan. Lekin bu orada va keyinroq ham har ikki davlat bir-biri uchun tashqi savdodagi eng asosiy o‘nta hamkordan biri bo‘lib kelgan. Isroildan Turkiyaga yuqori texnologiyalar, Turkiyadan Isroilga esa to‘qimachilik mahsulotlari, harbiy harakatlarda kerak bo‘lishi mumkin bo‘lgan po‘lat kirib borgan.

2023 yilda Turkiya hukumati davlat tomonidan beriladigan yordamlar Isroil bilan hamkorlik qilayotgan biznesmenlarga taalluqli bo‘lmasligi haqida qaror chiqargan bo‘lsa-da, bu amalda o‘zaro savdoga ta’sir qilmagan, bizneslar rivojlanishda davom etgan. Demoqchimanki, HAMAS va Turkiya qanday munosabatda bo‘lsa ham, Turkiya va Isroil o‘rtasida qalin iqtisodiy munosabatlar saqlanib qolgan. Keskin bayonotlar ritorikadan boshqa narsa emas hozircha, faktlar shuni ko‘rsatadi.

— Falastin Ozodlik tashkilotini qayta tashkil etish jarayonida qanday qiyinchiliklar kuzatilmoqda?

— Falastindagi boshqaruv o‘ta murakkab, markazlashgan boshqaruv yo‘q deyish mumkin. Falastin rasmiy ma’muriyati bor, lekin ular ham yagona markaziy hukumat sifatida tan olinmaydi. Falastin Ozodlik tashkiloti bor, BMTda kuzatuvchi maqomiga ega, xalqaro hamjamiyat Falastin xalqining qonuniy vakili sifatida tan olgan, lekin bu tashkilotning ichkaridagi real hokimiyati cheklangan. Umumiy boshqaruvga qarasak, Falastin hududi bo‘ylab ayrim joylarda HAMAS, ayrimlarida Falastin ma’muriyati, ayrimlari Isroil boshqaruvi bor.

Ismoil Hanya Falastinda tan olingan inklyuziv hukumat tuzilsa, HAMAS tashkilot sifatida tugatilishi haqida ham gapirgan. Erdo‘g‘an ham shunday gapni aytdi, ya’ni hozirgidek tarqoq emas, yagona Falastin davlati ma’muriyati tashkil topishi kerak. Umuman, Falastinning asosiy muammolaridan biri ham birlik yo‘qligi, boshqaruv kuchlari ko‘p va maqsadlarida ham keskin farqlar bor.

— Ismoil Hanya Rossiyani ham kafil sifatida ko‘rishi aytilgan. Bunga qanday qarash kerak?

— HAMAS tashkil topgandan beri Moskvada qabul qilingan, muloqotda bo‘lgan. Shuning uchun hamkor davlatlar qatorida Rossiya aytilgan, kuchlar balansini vujudga keltirish uchun ham bu. Lekin vaziyatga katta ta’sir ko‘rsatadigan omil emas.

— HAMASning siyosiy korpusi Qatardan boshqa davlatga ko‘chishi mumkinmi? Shunday bo‘lsa, nega va qaysi davlatga?

— Arab nashrlari bu haqida yozdi, bor gap bu. Sabab shuki, HAMAS va Isroil muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Qatar vositachilik harakati muvaffaqiyatsizlikka uchrayapti, HAMASni ko‘ndirolmayapti. O‘z uyida turgan tashkilot shartlariga ko‘nmayotgani Qatarga yoqmasligi tabiiy. AQSh va Qatar munosabatlari omili ham bor, ular yaqin aloqalarga ega – AQShning ham bosimi bor muzokaralar borasida. Misrning ham takliflari qabul qilinmayapti, shu ma’noda ham Qatar HAMASdan hafsalasi pir bo‘lgan. Buni HAMAS bilib turibdi, shuning uchun Qatar takliflariga bemalol yo‘q deya olish uchun Qatardan chiqib ketmoqchi.

Manbalarga ko‘ra, Qatar 2 ta davlatga taklif yuborgan. Biri Ummon sultonligi, ikkinchisi aytilmagan. Katta ehtimol bilan Ummon buni qabul qilgan. Nega Ummon? Bilamizki, Ummon va Eron munosabatlari yaxshi, “Hizbulloh” bilan ham tanish, shu tomondan ham Ummon varianti ehtimoli yuqori.

Bu vaziyatda nafaqat HAMAS, Isroil ham shartlarga ko‘nmayotgani rol o‘ynamayaptimi?

— Qatar va boshqa arab davlatlari tomonidan ham HAMASga Isroil foydasiga yon berish taklif etilyapti. Asirlarni bermay, oyoq tirab turgani shuncha odam o‘limiga sabab bo‘lyapti. Asirdagilar shuncha qurbon berishga arziydimi, degan masala ham bor. Birdan asirlarni qo‘yish emas, bosqichma-bosqich yon berish aytilyapti. HAMAS tomonidan qadamlar tashlanmasa, Isroil qirg‘inni davom ettiraveradi. HAMASning g‘oyasi, tushunchalari bor, lekin 40 mingga yaqin qurbon, aksariyati bolalar ekanini hisobga olsak, HAMAS yon berishi kerak.

Oldin ham aytganimizdek, HAMASda urushni uzoq davom ettirish va buning uchun ko‘proq qurbonlar berish strategiyasi bor.

— TsAHALning Rafahga kirishi borasida o‘zgarishlar bo‘ldimi?

— Rafahga kirish shu haftadan boshlangan o‘zi. Netanyahu hukumati biror bir taqiqlarga e’tibor bergani yo‘q, o‘z rejalari, strategiyasini amalga oshirishda davom etyapti. Isroil Rafahdagi harbiy operatsiyani boshlashga juda yaqin turibdi. AQSh, boshqa hamkorlar bundan qaytarishga urinyapti, lekin bundan oldingi harakatlarda ham shunday bo‘lgandi. Rafahda ham harbiy operatsiyalar bo‘ladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil o‘zining taktik qarorlarini o‘zgartirayotgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Qurbonlar soni esa oshib boradi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ўхшаш янгиликлар