• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +22°C
Detail image

“Toyota” Yaponiyaning “Tsutsumi” zavodida ishlab chiqarilgan 135 305 dona “Prius” avtomobilini qaytarib olish tartibini joriy qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, avtomobillarning qaytarib olinishiga orqa eshik tutqichlaridagi nuqson sabab bo‘lgan.

Transport departamentiga ko‘ra, chaqirib olingan mashinalar 2022-yilning noyabridan 2024-yilning apreligacha ishlab chiqarilgan.

Ushbu muammodan kelib chiqib, kompaniya kamchiliklarni tuzatishga e’tibor qaratish va kelajakda shu kabi ishlab chiqarish xatolarining oldini olish maqsadida “Prius"ga buyurtmalarni vaqtincha to‘xtatdi.

Mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash uchun “Toyota” zavodda tegishli ishlab chiqarish liniyasini to‘xtatdi va qo‘shimcha avtomobil sifatini tekshirishni boshladi.

Qaytarib olinadigan avtomobillar qatoriga kiruvchi “Prius” egalaridan nosoz komponentlarni bepul almashtirish uchun vakolatli xizmat ko‘rsatish markazlariga tashrif buyurish so‘raladi.

Bu holat an’anaviy ravishda ilg‘or texnologiyalar va yuqori sifat bilan bog‘liq bo‘lgan “Toyota"imijigaa sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

2023-yil dekabr oyida “Toyota” xavfsizlik yostig‘i muammosi tufayli 1,12 mln avtomobilni qaytarib olishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi.

Kompaniya 20-dekabr kuni bergan bayonotida aytishicha, sensordagi qisqa tutashuv xavfsizlik yostiqchalari mo‘ljallangandek ochilmasligiga olib kelishi mumkin.

Mashinalarni ortga qaytarish 2020-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan avtomobillarni, jumladan “Avalon”, “Camry”, “Corolla”, “RAV4”, “Lexus ES250”, “ES300H”, “ES350”, “RX350 Highlander” va “Sienna Hybrid” modeldagi avtomobillarni o‘z ichiga oladi.

Ularda yo‘lovchilarni tasniflash tizimining (OCS) sensorlari ishlamay qolishi mumkin. Jarayon AQShda 1 mln avtomobilni qamrab oladi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya fevral oyidan boshlab mashina egalarini qaytarib olish haqida xabardor qilishni rejalashtirmoqda.

2022-yil iyul oyida “Toyota” OCS sensori yo‘lovchini noto‘g‘ri aniqlashiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ichki qismlar o‘rtasidagi potentsial o‘zaro ta’sirlar tufayli AQShdagi 3500 ta “RAV4” avtomobilini chaqirib olishini e’lon qilgandi.

AQSh Milliy Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, oldingi xavfsizlik yostiqchalari 30 yil ichida mamlakatda 50 mingdan ortiq odamning hayotini saqlab qolgan.

“Yangi datchiklar paydo bo‘lishining sababi, eski xavfsizlik yostiqchalar haydovchi va yo‘lovchilar uchun bir xil tarzda ochilib, ba’zi jarohatlar, kam hollarda bolalar, jussasi kichiklar va havo yostig‘iga juda yaqin bo‘lgan kamarsiz yo‘lovchilarning o‘limiga olib kelgan”, deyiladi xabarda.

Ўхшаш янгиликлар