• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +19°C
Detail image

Toshkent viloyatidan 20 mingga yaqin binolar Yangi Toshkent hududiga o‘tkazilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi Toshkent hududiga o‘tayotgan ko‘chmas mulk obyektlarining umumiy soni 19 723tani tashkil etadi.

Shundan 18 773tasi turar joy, 891tasi noturar joy hamda 52tasi ko‘p qavatli uylar hisoblanadi.

Bunda Yuqori Chirchiq tumanidan 6 556ta, O‘rta Chirchiq tumanidan esa jami 3 167ta obyekt o‘tkazilmoqda.

Mart oyida viloyatdagi qariyb 20 ming gektar yer maydoni Yangi Toshkentga o‘tkazilishi ma’qullandi. Yuqori Chirchiq tumanidan 17,3 ming gektar va O‘rta Chirchiq tumanidan esa 2,4 ming gektar yer ajratiladi.

Yuqori Chirchiq tumanidagi 33ta mahalla (20tasi to‘liq, 13tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidagi 7ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) poytaxt tarkibidagi Yangi Toshkent tumaniga o‘tkaziladi. Ularning to‘liq ro‘yxati bilan havola orqali tanishish mumkin.

Avvalroq Yangi Toshkentning dastlabki binolari qurilishi boshlangandi. Birinchi bosqichda ikkita OTM kampuslari, kutubxona, teatr, muzey hamda ijod maktablari barpo etiladi.

O‘tgan yilning mart oyida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan. Yangi Toshkent konsepsiyasi va bosh rejasini ishlab chiqish 4 bosqichda amalga oshiriladi.

Tuman administratsiya, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniyat kabi 5ta negiz asosida quriladi. 2023-yilning iyul oyida Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Ўхшаш янгиликлар