• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +17°C
Detail image

Toshkent aeroportining steril zonasida kapsulali mehmonxona ochiladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Mehmonxona ikki qavatdan iborat bo‘lib, 27 ta turar joyni tashkil etadi. Birinchi qavatda qabulxona, hammom va dush xonasi bo‘ladi.

“Bu shunchaki „kapsulalar“ emas, balki to‘liq bir kishilik to‘shak va minimal aksessuarlar to‘plami — chiroq, kiyim ilgichi, qo‘l yuki uchun javon, stoldan iborat kichik qulay kabinalar bo‘ladi”, — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.

Bunday kabinalarda yo‘lovchi kutish vaqtida aeroportdan va tranzit zonadan chiqmasdan bir necha soat davomida dam olishi mumkin bo‘ladi.

“Biz xonalarda Sharqona ko‘rinish va hashamatni, Yevropa minimalizmi va ixchamligini saqlashga harakat qildik. Afsuski, har bir tranzit yo‘lovchi O‘zbekistonda qolib, qadimiy shaharlar va madaniyatni ko‘rishga ulgurmaydi. Maqsadimiz aynan aeroportda haqiqiy Sharqona muhit yaratish edi”, — deydi dizayner Bobur Ismoilov.

Mehmonxonani mehmonxona tarmog‘i boshqaruviga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Hududni ijaraga olish uchun tegishli lot E-auksion platformasida joylashtirilgan.

Mehmonxonaning umumiy maydoni 240 kv.m, boshlang‘ich yillik qiymati 325,4 mln so‘m.ni tashkil etadi.

Auksionda belgilangan texnik topshiriqlarga javob beradigan barcha kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.

Arizalarni 13-aprel soat 9:00 ga qadar havola orqali jo‘natish mumkin. Auksion shu kuni soat 10:00 da boshlanadi.


Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportining CIP-zali uchun to‘lovni Telegram-bot orqali amalga oshirish xizmati ishga tushirilgandi

Ўхшаш янгиликлар