• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +16°C
Detail image

Abdujalol Egamberdiyev 25 yoshda. Hozirda Moskva moliya va sanoat universiteti (Synergy University)ning lingvistika yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Dastlab tilshunoslik sohasiga qiziqqan Abdujalol 2023-yil “Ayol Taxi” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Bu ishni boshlash uchun shaxsiy avtomobilini sotib, birinchi sarmoyasini kiritdi.

Toshkentga kelganida bitta o‘zi faoliyat boshlagan bo‘lsa, hozirda 250 nafardan ortiq ayol haydovchilardan iborat jamoasi bor.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:



Loyihaning yaratilishi

Bu loyihaning paydo bo‘lishi oila davrasidan boshlangan. Bir kuni ertalab suhbatlashib o‘tirganimizda, ayollarimiz mehmondorchilikka borishmoqchi ekanliklarini aytishdi. Lekin dadamni ham, meni ham vaqtimiz bo‘lmaganligi uchun olib bora olmadik va ular biroz xafa bo‘lishdi.

Bu holatni ko‘rib, vaziyatni yumshatishga harakat qildim va ayol haydovchilarni topishimni aytdim. Bu gapim ularga ma’qul keldi va shu suhbat sabab bo‘lib, “Ayol Taxi” loyihasini yo‘lga qo‘yishni o‘ylay boshladim.

Internet tarmoqlariga kirib, o‘zi ayol taksi bormi, bu loyihani yo‘lga qo‘yish qanday bo‘ladi, deb qiziqdim. Dubay va Hindistonda “Pink Taxis”, “Women Taxi” xizmat turlari bor va ularda asosan ayollar xizmat ko‘rsatadi. Farqli jihati, haydovchilar barchani, ya’ni erkaklarni ham, ayollarni ham manziliga olib boradi.

Keyin, buni o‘zimizda yo‘lga qo‘ysak qanday bo‘ladi deb, dastlab yaqinlarim fikrini o‘rgandim. “Ayol Taxi” ochilsa va faqat ayol haydovchilar bo‘lsa, o‘zingizni qanday his qilardingiz?" deb so‘radim. Erkaklar “birinchi mijozingiz o‘zimiz bo‘lamiz [ayollarimiz bo‘lishadi]” degan munosabatni bildirishdi. So‘ng, ayollardan so‘raganimda, aksariyati “gazini bosing” deb motivatsiya berishdi.

ayol taxi, biznes

Foto: Spot

Dastlab, Farg‘ona shahrida ish boshladik va ayol haydovchilarni topib, ular bilan suhbatlashdik. Ayollar harakat paytida erkaklar bilan o‘zlarini noqulay his qilishlarini, faqatgina ayollar va bolalarga xizmat ko‘rsatilsa ishlashlarini aytishdi.

So‘ng, ilovani ishlab chiqib va haydovchilarni shakllantirib, asta-sekin ishni boshlayotgan davrimiz qish fasliga to‘g‘ri keldi. Bu paytda, bizda asosan yoqilg‘i tanqisligi muammosi bo‘ldi. Mijozlardan ko‘plab buyurtmalar kelib tushdi, lekin biz ularga haydovchilarni yetkazib bera olmadik.

Ijtimoiy tarmoqlarimizda Toshkentdan ham mijozlar qiziqish bildirishni boshlashdi va faoliyatimizni poytaxtda ham davom qildirishga qaror qildik.

“Omadingizni bersin” SMS xabari

Poytaxtda ish boshlashdan oldin bu faoliyat turi bormi, ayol haydovchilarni qanday yig‘a olaman degan savollarga javob qidirayotgan paytimda ijtimoiy tarmoqlardagi “ayol haydovchilarni ishga olamiz” e’loniga ko‘zim tushdi. So‘ng, o‘sha ayol bilan bog‘lanib, mendagi bor ilova va rejalarim bilan bo‘lishdim, birga ish boshlashga kelishib ham oldik.

Keyin, poytaxtga yetib kelgach, ularga aloqaga chiqdim. Barcha takliflarni qabul qilishga va bu g‘oyani yanada rivojlantirishga tayyor ekanligimni ham bildirdim. Kechki payt o‘zlari men bilan bog‘lanishlarini aytib, shu bilan qayta qo‘ng‘iroq qilishmadi. Ertasiga “Omadingizni bersin” degan SMS xabar keldi.

Oldiniga bu vaziyat menga katta ta’sir qildi, chunki Toshkentga aynan shu jamoaga ishongan holatda ish boshlash uchun kelgandim. Bu holatdan keyin o‘zim harakat qilib ijtimoiy tarmoqlarda, “OLX"da e’lon berishni boshladim va asta-sekin jamoa ham shakllandi.

Shuningdek, faoliyatimizdagi asosiy qiyinchilik — ayol haydovchilarni topish va tarmoqqa olib chiqishda bo‘lgan. Mijozlar odatda, taksi chaqirishganda haydovchilar chiqmasligi va kech yetib kelishlarini aytishadi.

Buning sababi, ayollar erkaklarga o‘xshab ertalabdan ishga chiqib keta olmaydi. Turmush o‘rtog‘ini ishga, bolalarini maktabga jo‘natgach, o‘zlari ham buyurtmalar qabul qilishni boshlashadi. Shu oraliqda, bir-birlarini o‘rinlarini to‘ldirguncha vaqt ketadi.

ayol taxi, biznes

Foto: Spot

Ilovada ish boshlagunimizgacha ham ko‘pgina yo‘qotishlar bo‘ldi. Ya’ni, mijozlar ofisga telefon qilib manzil aytishadi, ammo poytaxt katta hudud bo‘lgani uchun haydovchilar manzilni to‘g‘ri topib borishgunicha orada ko‘p vaqt va mijoz ham yo‘qotdik.

Hozirgi paytda, mobil ilovadan foydalanishda +99877, 88 va 33 kodli telefon raqamlaridan ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lgan mijozlar uchun tasdiqlash kodlarini olishda kichik kamchiliklar kuzatilyapti va buni tez orada hal qilamiz.

“Ayol Taxi” raqamlarda

Bu loyihani yo‘lga qo‘yishni 2022-yil kuz fasli oxirida boshladik. Dastlab, moliyalashtirish uchun shaxsiy avtomobilimni sotib, ilova xarid qilishga, reklamaga va xodimlarni ishga olishga sarfladim.

Shuningdek, Toshkentdagi ofisimiz jihozlari, kompyuter texnikalari uchun boshlanishiga 10 mln so‘m sarflaganman.

“Ayol Taxi” mobil ilovasini tayyorlash uchun 6 oy vaqt ketgan. Hozirgi holatga kelgunga qadar esa $20 ming atrofida mablag‘ sarfladik. Buning ichiga Android va iOS foydalanuvchilari uchun mobil ilova va Telegram-bot kiradi.

Hozirgi kunda 23 mingga yaqin foydalanuvchilarimiz bor va kuniga 500dan ortiq buyurtmalarni amalga oshiramiz.

ayol taxi, biznes

Foto: Spot

Xodimlar faoliyati

Eng boshida haydovchilarimiz soni 20 nafarni tashkil etgan. Bugungi kungacha 800 nafardan ortiq ayol haydovchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, doimiy xizmat ko‘rsatib boradiganlari soni 250 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, bizda ayol haydovchilar kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi shart. Aniqrog‘i, uyda yoki ishxonasida doimiy avtomobil boshqarganligi inobatga olinadi.

Ish grafigi ham erkin, o‘ziga qulay paytda mobil ilovasini faollashtirib harakatlanishlari mumkin. Ishga joylashish uchun esa ilovadan yoki ofisga kelib ro‘yxatdan o‘tsa bo‘ladi va biz ularni suhbat asosida qabul qilamiz.

Haydovchilarimiz uchun ham har kunlik bonuslar mavjud. Masalan, kun davomida 7ta buyurtma qabul qilsa, 100 ming so‘mlik safar uchun to‘laydigan foizlardan ozod etiladi.

Bundan tashqari, bizda operatorlar va IT bo‘yicha xodimlar jami 13 nafarni tashkil etadi. Asosan, masofadan turib ish olib borishadi va ularning o‘rtacha maoshi 2,5 mln so‘mni tashkil etadi.

“Bu ish bilan asosan 1 yildan beri, bo‘sh vaqtlarimda shug‘ullanaman. Ertalabdan kechgacha ishlasa, kuniga 500−600 ming so‘m daromad qilsa bo‘ladi. Men odatda 4−5 soat ishlab, 300−400 ming so‘m atrofida pul topaman.” — Anora Ortiqova “Ayol Taxi” haydovchisi

ayol taxi, biznes

Foto: Spot

Raqobat. Har kimning o‘z ulushi bor, biz ham shu bozorda harakatimizga yarasha rizqimizni terib kelyapmiz. Mijozlarga qulaylik yaratish uchun boshqa taksi xizmatlardan o‘zimizga kerakli jihatlarni o‘rganib boramiz.

Tariflar va bonuslar

Foydalanuvchilarimiz uchun hozirda keshbek xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz. Har bitta buyurtmasi uchun mijoz 3%dan 5%gacha qo‘shimcha keshbekka ega bo‘ladi. To‘plangan pullarni kelasi safar “Ayol Taxi"dan foydalanayotganda ishlatishlari mumkin.

Birinchi marta buyurtma qilayotganlarga 5000 so‘m bonus taqdim etiladi. Bu xizmat narxini arzonlashishiga ya’ni, mijoz 20 ming so‘mga boradigan joyiga 15 ming so‘mga yetib borishiga yordam beradi.

Bizning xizmatimizda kutib turish vaqti asosan mijozdan qancha masofa uzoqdaligi bilan bog‘liq bo‘lib, haydovchini kutish vaqti o‘rtacha 10 daqiqani, manzilga yetib borgach, mijozni kutib turish 5 daqiqani tashkil etadi. Standart tarifda minimal xizmat narxi 13 ming so‘mdan boshlanadi va har bir kilometr uchun 2300 so‘mdan qo‘shib hisoblab ketiladi.

Shuningdek, “Ayol Taxi"ning haftalik tarif rejasini ham yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Bunda haydovchilar mijozlarni belgilangan grafik asosida maktab, bog‘cha yoki ish joylariga yetkazib olib borishadi va qayta olib kelishadi.

Bu loyihamiz muntazam ayollarga va bolalarga xizmat ko‘rsatadi, shu bilan birga mijozlarimiz “Oilaviy” tarifida oila a’zolari bilan birga foydalanishlari mumkin.

Rejalar. Mijozlarimizning farzandlari uchun turli xil xususiy to‘garaklarni tashkil qilishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, “Ayol Taxi” xizmatini Samarqand viloyatida ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Ўхшаш янгиликлар