• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +16°C
Detail image

O‘zbekistonda alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar 1-martdan majburiy raqamli markirovkalashni joriy etishga tayyor emasligini ma’lum qildi. Bu haqda 9ta kompaniya manfaatlarini himoya qiluvchi O‘zbekiston alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) xabar berdi.

Ishlab chiqarishda uchta markirovkalash usuli sinovdan o‘tkazildi: etiketkaga tipografik qo‘llash, to‘g‘ridan to‘g‘ri qopqoqqa qo‘llash va yopishtirish. Xususan, uyushma a’zolari orasidan uchta ishlab chiqaruvchi markirovkalash usullarini umuman sinab ko‘rmagan. Beshta kompaniya esa 1−2 yondashuvni amalga oshirgan.

“International Beverages Tashkent” bir vaqtning o‘zida uchta usulni sinovdan o‘tkazdi, biroq “yondashuvlarning hech birini ishlab chiqarishda samarali qo‘llab bo‘lmaydi”.

Barcha holatlarda korxonalar yuqori tezlikdagi liniyalarda ishlab chiqarishning pasayishi, mavjud materiallar sarfi, uskunalarning buzilishi va moliyaviy xarajatlarning oshishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishdi.

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd”, “International Beverages Tashkent” va “Sayhun Group Bottlers” kompaniyalari hozircha markirovkalash usulini tanlashmadi. Boshqa kompaniyalar qopqoqqa “Data Matrix” shtrix kodini qo‘llashadi, stikerlardan foydalanishadi yoki ishlab chiqarish liniyasidan kelib chiqib, ikkala usulni ham ishlatishadi.

Ishlab chiqaruvchilarning ko‘pchiligi raqamli markirovkalash uskunalari yetkazib beruvchilari bilan shartnomalar tuzishgan. “Lactalis Central Asia” shartnoma “jiddiy kamchiliklar bilan bajarilayotganini” qayd etadi. Biroq, “UzBev” a’zolaridan hech biri barcha zarur jihozlarni to‘liq o‘rnatmagan.

“Yuqori tezlikda harakatlanuvchi liniyalar uchun markirovkalash qoplamalari zaxirasi mavjud emas. Namangan viloyatining Nanay qishlog‘i, Qarshi shahrining Yakkabog‘ qishlog‘i, Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi Saksonota qishlog‘i kabi chekka hududlarda internet tarmog‘ini qurish bo‘yicha montaj ishlari olib borilmoqda. Rossiyadagi bojxonada tovarlarni rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar tufayli integrator zarur butlovchi qismlarni yetkazib bermadi”, — deya ta’kidladi “Hydrolife Bottlers”.

Umumiy hisobda so‘rovda ishtirok etgan kompaniyalar raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘yicha pilot loyihalarga $2 mlndan ortiq mablag‘ sarflashdi.

Bundan tashqari, hech bir kompaniya markirovkalashdan foydalanishning ijobiy ta’sirini ko‘rmadi. Bu sotish va ishlab chiqarishning pasayishi, ish o‘rinlarining qisqarishi, mablag‘larni yo‘qotish va biznesni kengaytirishga investitsiyalarni to‘xtatish kabi xatarlarga olib kelishi mumkin.

“Biz yo juda katta miqdordagi mablag‘larni yo‘qotamiz yoki ishlab chiqarish hajmini qisqartiramiz, biznesni kengaytirishga investitsiya kiritishni to‘xtatamiz. Biz yetkazib berish, distribyutorlarga sotish bilan bog‘liq muammolarni prognoz qilmoqdamiz, bu distribyutorlarning savdo nuqtalarida qanday ishlashi tushunarsiz holat. Hududlardagi savdo nuqtalari raqamli markirovkalashga tayyor emas”, — deya “International Beverages Tashkent"da qo‘shimcha qilindi.

Alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilari 1-martdan raqamli markirovkalashni majburiy joriy etishni bekor qilishni yoki uni ixtiyoriy etishni taklif qilishmoqda.

Mahalliy “Hydrolife Bottlers” kompaniyasi quyidagi takliflarni ilgari surdi:

  • markirovkalash usullarini o‘zgartirish (har bir shisha o‘rniga — blok yoki palletda);
  • markirovkalash kodlari uchun oldindan to‘lov shartlarini bekor qilish;
  • markirovkalash kodlari narxini bir birlik uchun amaldagi 68 so‘mdan 5 so‘mgacha pasaytirish yoki kodlarning buyurtma hajmiga ko‘ra narxlar gradatsiyasini belgilash.

Fevral oyi oxirida Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidentga 1-martdan raqamli markirovkalashni majburiy joriy etishni bekor qilish va biznes hamda hukumat o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish iltimosi bilan xat yo‘llagandi.

Avvalroq maktablarda gazlangan va energetik ichimliklar savdosini cheklash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Ўхшаш янгиликлар