• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +24°C
Detail image

«Germaniya uchun muqobil» o‘ng qanot populist partiyasidan siyosatchi Maksimilian Kra Rossiya va Xitoydan to‘lovlar olganlikda gumon qilinmoqda.

Foto: Andreas Arnold/dpa/picture alliance

Drezden prokuraturasi Rossiya va Xitoydan pul olganlikda gumon qilinayotgan o‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasi siyosatchisi Maksimilian Kraga qarshi dastlabki tergov boshladi. 24 aprel, chorshanba kuni prokuratura vakili Reuters va AFP so‘rovlariga javoban Yevroparlament a’zosiga qarshi ish 18 aprel kuni OAVning so‘nggi xabarlari asosida ochilganini bildirdi.

Bundan tashqari, Drezden prokuraturasi Yevroparlament deputati Maksimilian Kraga nisbatan uning deputat sifatidagi faoliyati uchun Xitoydan to‘lovlar olgani bo‘yicha ikkinchi dastlabki tergovni olib bormoqda, deya qo‘shimcha qildi u. 

Jarayonlar Kraning xodimiga qarshi tergov bilan bog‘liq emas 

Shu bilan birga, Drezdenda ta’kidlanishicha, ayni paytda deputatning qonunni buzuvchi xatti-harakatlari haqidagi gumonlar asosli yoki asosli emasligini tekshirish uchun ikkita dastlabki tergov olib borilmoqda. Bu tartib-qoidalar Germaniya Federal prokuraturasi tomonidan Xitoy razvedka xizmatlarida ishlaganlikda gumon qilingan Kraning xodimi - Germaniya fuqarosi Tszyan G.ga nisbatan olib borilayotgan tergov bilan hech qanday aloqasi yo‘q, deya qo‘shimcha qildi prokuratura vakili. 

Maksimilian Kra Yevroparlamentga bo‘lajak saylovlarda GuM partiyasining asosiy nomzodi hisoblanadi. 24 aprel kuni u partiya rahbariyatiga hali ham ushbu ro‘yxatni boshqarmoqchi ekanligini ma’lum qildi. 

Yevroparlamentda Xitoyga josuslik qilish bo‘yicha gumonlar atrofidagi janjal 

Kraning yordamchisi Tszyan G. 22 aprel kuni Drezdenda jinoyat ishlari bo‘yicha boshqarma xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Uning uyida tintuv o‘tkazildi. Germaniya bosh prokurori u «Xitoy razvedka xizmati xodimi» ekanligini va 2024 yil yanvar oyida «Yevropa parlamentidagi muzokaralar va qarorlar haqidagi ma’lumotni razvedka xizmatidan bo‘lgan buyurtmachiga» uzatganini aytdi. Yevroparlamentdan rasmiy ma’lumotlarni topshirishdan tashqari, u razvedka xizmatining ko‘rsatmasi bilan Germaniyadagi xitoylik muxolifatchilarni kuzatish bilan shug‘ullangan. 24 aprel kuni Tszyan G. hibsga olindi. 

Germaniya huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan Tszyan G. Yevroparlamentdan ma’lumotni xorijiy razvedka xizmatiga uzatgan. Maksimilian Kraning o‘zi Xalqaro savdo qo‘mitasi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi parlamentining inson huquqlari, xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha quyi qo‘mitalarining a’zosi va AQSh bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiya tarkibiga kiradi. U 2019 yildan buyon birga ishlagan xodimi hibsga olingani haqida OAVdan bilganini aytdi. U qo‘shimcha ma’lumotga ega emasligini bildirdi. «Xorijiy davlat foydasiga josuslik qilish jiddiy ayblovdir», dedi Kra Tszyan G.ni darhol ishdan bo‘shatganini qo‘shimcha qilib.

Yevrodeputat Kraga nisbatan shubhalar 

Ayni paytda, Kraning o‘zi AQShda Rossiya Federatsiyasidan pul olganlikda gumon qilinmoqda. 2023 yil dekabr oyida Nyu-Yorkka tashrifi chog‘ida u Amerika maxsus xizmati FTB tomonidan «Kremlga yaqin manbalardan shubhali to‘lovlar» olishi mumkinligi haqida so‘roqqa tutilgan, deb yozadi Der Spiegel haftalik nashri. Maqolada «o‘ng qanot ekstremist» deb atalgan siyosatchi tahririyat so‘roviga javoban AQShda so‘roq qilingani faktini tasdiqladi. 

Amerika maxsus xizmatlari chatdagi xabarni qo‘lga kiritgan, unda rossiyaparast faol Oleg Voloshin Kraga uning «texnik topshiriqlari» uchun «kompensatsiya» muammosi hal qilingani va may oyidan boshlab «hamma narsa avvalgidek bo‘lishi» haqida yozgan. «Bu ibora Kra uzoq vaqt davomida yashirin ravishda to‘lovlarni olgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi», deb ta’kidlaydi jurnalistlar. 

Der Spiegel nashriga ko‘ra, nemis siyosatchisi Kra nafaqat Oleg Voloshin bilan, balki Chexiya rasmiylariga ko‘ra, Kremlning quroli bo‘lgan Voice of Europe onlayn-platformasi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu, shu jumladan, iyun oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda Yevropa parlamentiga Moskvaga ma’qul kelgan nomzodlarni moliyalashtirish uchun qilinayotgani aytiladi. 
 

Ўхшаш янгиликлар