• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +23°C
Detail image

Iskandar Anvarov 1995-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. U boshlang‘ich ta’limni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 49-umumta'lim maktabda oladi.

So‘ngra, 2011-yili Toshkent xalqaro vestminster universiteti (WIUT) qoshidagi akademik litseyga kiradi. Shu vaqtda oliy ta’limni ham “WIUT"da o‘qishga qaror qiladi.

Litseyning uchinchi yilida universitetdagi “foundation course” (universitet o‘qishiga tayyorlovchi kurs, odatda xorij universitetlaridagi 1-kurs)ni ham parallel o‘qiydi.

Shu tariqa 2013-yil universitetda o‘qishni boshlaydi. Dasturchi talabalik davrida “Nihol-Komtex” kompaniyasida amaliyot o‘taydi.

Universitetni bitirgach esa “WIUT"ning o‘zida ilmiy yordamchi (Research Assistant), so‘ngra “Synel Software Development” va “EPAM Systems” kompaniyalarida dasturchi sifatida ishlaydi.

2022-yil aprel oyida “Amazon"ga qabul qilinadi. Hozirda kompaniyaning Amsterdamdagi ofisida faoliyat yuritmoqda.


Bolaligimdan IT-sohasi mutaxassislari orasida katta bo‘lganman — otam Jahon tillari universitetida “Informatsion texnologiyalar” fanidan o‘qituchi, amakim esa “O‘zbekneftgaz"da dasturchi bo‘lib ishlaganlar.

Shu sababli men va ukalarim yoshlikdan kompyuterga qiziqib kelganmiz. Hali ham kechagidek esimda — 14−15 yoshli paytlarimda ta’tillarni vebsayt yaratish, HTML/CSS kabi boshlang‘ich bilimlarni o‘rganish bilan o‘tkazardim.

Keyinchalik, litseyda 2,3-kurslarda o‘qiyotgan vaqtlarimda sohaga qiziqishim yanada kuchaygan. Universitetda iqtisodiyot yoki IT-yo‘nalishidan qaysi birini tanlashni bilmay turganimda otamning maslahatlariga ko‘ra, “Business Information Systems” fakultetini tanlaganman.

Talabalik davrimda amaliyotni “Nihol-Komtex” kompaniyasida o‘tadim. Universitetni bitirgach esa biroz muddat “WIUT"ning o‘zida ilmiy yordamchi, so‘ngra “Synel Software Development” va “EPAM Systems” kompaniyalarida ishladim.


“Amazon"gacha bo‘lgan yo‘l: tayyorgarlik va qiyinchiliklar

2021-yil yoz oylarida FAANG (“Facebook”, “Amazon”, “Apple”, “Netflix”, “Google”)ga qiziqish uyg‘ondi. Ushbu kompaniyalardagi ish jarayoni bilan tanishish chog‘ida ishga kirish haqida o‘ylay boshladim.

Suhbatdan o‘tishga sakkiz oy davomida tayyorgarlik ko‘rdim. Bunda “FAANG"da ishlaydigan vatandoshlar, tanish-bilishlar shaxsiy tajribalari asosida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishgan.

To‘g‘ri, ushbu kompaniyalarga qabul qilinish qiyin bo‘lsa ham, ishga topshirish bosqichlari yetarlicha tushuntirib berilsa va qunt bilan tayyorlanilsa, jarayon ancha oson kechadi.

Ishga kirish uchun bo‘ladigan intervyu ikki turdagi texnik savollardan tashkil topadi: “Algorithm and Data Structures” (Algoritmlar) va “System Design” (Tizim arxitekturasi).

Algoritmlar bo‘limiga “Cracking the coding interview” kitobi va “LeetCode Patterns” sayti orqali tayyorlangan bo’lsam, Tizim arxitetkturasiga “System Design Interview” kitobi va “Grokking System Design” onlayn-kursi orqali tayyorlandim.

Albatta, bu resurslar bilan cheklanib qolmay, internet orqali mavzu bo‘yicha izlanishlarni ham davom ettirganman.

2022-yil mart oyida bir nechta FAANG va boshqa kompaniyalarga hujjat topshirdim. Ularning intervyularidan o‘tishimga taxminan ikki oy vaqt ketdi.

Suhbatdan dunyoning istalgan chekkasidan turib o‘tsa bo‘ladi. Masalan, men barcha jarayonlarni O‘zbekistonda turib amalga oshirganman.

“Facebook”, “Deliveroo”, “Google” kompaniyalaridan rad javobi olgan bo‘lsam, “Amazon”, “Booking.com”, “Uber” kompaniyalari meni qabul qilishdi. Men esa “Amazon"da ishlashga qaror qildim.

Kompaniya Yevropaning ko‘plab davlatlarida ofislariga ega. Ishga qabul qilingach, istalgan davlat va jamoani tanlash imkoni beriladi. Men Niderlandiyani tanladim va shu tariqa L5 darajadagi Software Development Engineer (SDE L5) sifatida ishlay boshladim.

“Amazon"dagi imkoniyatlar, shart-sharoitlar va ayniqsa intervyularda uchragan odamlar sabab aynan shu kompaniyani tanlaganman.

Bu yerda farzandli xodimlarga juda yaxshi imkoniyatlar yaratgan: uydan turib ishlashga chegara qo‘yilmaydi, boshqa davlatdagi ofisga borib ishlashni qoplab beriladi va o‘zining bir qancha servislardan foydalanishga chegirmalar beriladi.


Nima uchun Niderlandiya?

Niderlandiyani tanlashimga bir nechta sabab bo‘lgan. Birinchidan, bu yerda ko‘p yaqin do‘stlarim yashar va bu esa, o‘z navbatida, begona mamlakatga moslashishim osonroq kechishiga yordam berardi.

Ikkinchidan, Niderlandiyada ingliz tili keng tarqalgan, faqatgina ingliz tilini bilib ham bemalol yashash mumkin.

Yana eng muhim sabablardan biri bu chet elliklarga berilgan katta imkoniyatlardir. Masalan, sohangiz davlat rivoji uchun muhim deb topilsa va oyligingiz o‘rtachadan yuqori bo‘lsa, 30%lik daromad solig‘idan ozod etilasiz.

Bularga IT-yo‘nalishi ham kiradi. Kerakli hujjatlar topshirilgach, hukumat komissiyasi ularni tekshirib, ikki oy ichida natijasi haqida ma’lumot beradi.

Visa va ko‘chish jarayonlari. Niderlandiyaga visa olish uchun o‘zbekistonliklar qirollikning Moskvadagi elchixonasiga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi — O‘zbekistondagi elchixona visa berish ishlari bilan shug‘ullanmaydi.

Agar ish beruvchi sizni o‘zi chaqirib olsa, visa jarayonlarining katta qismini o‘zi bajaradi. Menda ham shunday bo‘lgan.

Lekin bu yil oxirgi sodir bo‘layotgan hodisalar tufayli jarayonlar ancha cho‘zilib ketdi. Shu sabab ishga qabul qilingan kunimdan chiqqunimga qadar deyarli 3 oy o‘tdi.

Chet elga ko‘chib kelishdan avval uy ijarasi, soliq va tibbiy sug‘urta kabi masalalarni yaxshilab o‘rganish juda muhim. Katta shaharlarda imkoniyatlar ko‘p bo‘lgani uchun ijaraga uy olish murakkab va vaqt oladigan jarayon.

Soliq va sug‘urta masalalarida ish beruvchilar yordam bersa ham puxtalik bilan yondashish kerak deb hisoblayman, chunki bular qonuniy majburiyatlardir. Ularni shunchaki boshqalarga ishonib qolib bo‘lmaydi.


Niderlandiyadagi ish haqlari va xarajatlar

O‘zbekistondan Niderlandiyaga junior darajasidagi ish bo‘yicha kelish juda qiyin masala. Shunga ularning oyliklari haqida ma’lumotim yo‘q.

Odatda kompaniyalar middle darajasidan boshlab relokatsiya taklif qiladi. Ularning yillik ish haqlari soha va tajribaga qarab 60 mingdan 80 ming yevrogacha bo‘ladi. FAANG kompaniyalari esa 90 mingdan 140 ming yevrogacha ham berishi mumkin.

Bunda qaysi kompaniyaligi, professional tajriba, tor sohada mutaxassisligi, o‘xshash loyihalarda qatnashganligi va suhbatdan qanchalik yaxshi o‘tganligi rol o‘ynaydi.

Aytgancha, yuqorida aytilgan raqamlar faqat oylikning o‘zi emas, balki bonus va kompaniya aksiyalari qo‘shilgandagi raqamlardir.

Xarajatlarga kelsak, oylikning 40%dan oshiqrog‘i daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va pensiya jamg‘armasiga ketadi. Pensiya jamg‘armasi oylikning 2%idan boshlanadi va xohishga qarab oshirish mumkin.

Lekin, oldinroq ta’kidlaganimdek, IT-mutaxassislari 30%lik daromad solig‘idan ozod etiladilar (hukumat yoqlagan taqdirda).

Amsterdam va uning oldidagi shaharlarda uy ijarasi ancha qimmat va ularga oylikning 30%igacha bo‘lgan miqdorda pul ketadi. Bundan tashqari, majburiy tibbiy sug‘urta olish kerak bo‘ladi.

Bu bir kishiga oylik 135 yevrodan boshlanadi. Ota-ona sug‘urtasi 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlarinikini ham qoplaydi.

Niderlandiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi farqlar

Niderlandiyada ishlash odatlari O‘zbekistondagidan farq qiladi. Bu yerda dam olish kunlarida yoki ish soatlaridan keyin ishlash noodatiy hisoblanadi. Shuning uchun sotuv va xizmat shahobchalari jadvaldan oshiq ishlamaydi — ular 22:00 da yopiladi.

Yana bir sezgan farqim davlat xizmatlarida bo‘ldi. Bu yerda ularni tezlashtirib bo‘lmaydi, masalalar oldindan belgilangan vaqt bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga xizmat ko‘rsatish sifati juda yuqori, insonlarga barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Byurokratiya juda katta bo‘lsa ham tizimlar to‘liq va mukammal ishlaydi.


“Amazon"ga ishga kirgan yana bir hamyurtimiz — Jahongir Rahmonov hikoyasi bilan bu yerda tanishish mumkin.

Ўхшаш янгиликлар