• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

Prezidentning 18-iyuldagi qarori bilan Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra, mazkur oliygoh Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qo‘shib yuborish orqali tashkil etiladi.

Muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

2024/2025 o‘quv yilidan universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi. Bunda, yirik ishlab chiqarish korxonalari mazkur maktabga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.

2025/2026 o‘quv yilidan esa universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi.

Shu bilan birga, universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlariga o‘qishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.

Universitetga xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 300talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish huquqi beriladi.

Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.

15-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan taqdimotda mazkur universitetni tashkil etish rejalari ma’lum qilingandi.

Avvalroq Toshkentda Amerika texnologiyalar universiteti tashkil etildi. Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, o‘quv jarayonlari to‘lov-kontrakt asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, IT yo‘nalishlariga kvotalar soni oshirilmoqda.

Ўхшаш янгиликлар