• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

Mamlakatda ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, joriy yilning 1-sentabridan ovchilik xo‘jaligini tashkil etishning yangi tartibi o‘rnatiladi. Unga ko‘ra, ov qilish faqat ovchilik xo‘jaliklari hududida amalga oshiriladi va mazkur hududdan tashqarida ov qilish taqiqlanadi.

Ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etishga yer yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi. Ijara huquqi asosida 49 yilga beriladi.

Dastlabki ijara shartnomasi 10 yilga mo‘ljallangan. Agar sarmoya va boshqa majburiyatlar bajarilsa, yana 10 yilga, keyin esa 29 yilga uzaytiriladi.

Ikki yil ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror ko‘paytirish uchastkasi tashkil qilinmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi.

Elektron onlayn-auksion g‘olibi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xo‘jaliklariga (ovchilik bazalari va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari biriktirib beriladi.

Ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shaklini Ekologiya vazirligi tasdiqlaydi. Texnik-iqtisodiy asosnoma materiallarining formati ham vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.

Joriy yilning 1-sentabridan yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish joylarini, kichik safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklari 3 yil mobaynida mol-mulk va yer solig‘ini 50%ga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha, aylanmadan olinadigan soliqni 1% miqdorida to‘laydi.

1-oktabrdan ovchilarga ovchilik yo‘llanmasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalar asosida elektron dastur orqali beriladi. Ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlar maxsus o‘quv kurslarida o‘qitiladi.

Ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarga beriladi. Uni Yagona portal orqali 2 yil muddatga olish mumkin bo‘ladi.

Ekologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, “O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi” tomonidan jami 695 ming gektar yerda tashkil etilgan 37ta ovchilik xo‘jaliklarining birortasida ham yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish pitomnigi va takror ko‘paytirish uchastkalari tashkil etilmagan. Bu esa “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunga ziddir.

Avvalroq daraxtlarni noqonuniy kesgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi haqida xabar berilgandi. Daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini noqonuniy kesgan shaxslar kompensatsiya sifatida ko‘chat ekib, uch yil davomida uni parvarishlaydi.

Ўхшаш янгиликлар