• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +16°C
Detail image

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida umumiy quvvati 6 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari loyihalari bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida umumiy quvvati 5 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi quriladi. Loyihaning umumiy qiymati $6,2 mlrdni tashkil etadi.

Bu stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 17,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, 5,3 mlrd kubometr tabiiy gaz zaxiralari tejalishi imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 7,4 mln tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistonining “Amea Power” kompaniyasi bilan Qo‘ng‘irot tumanida umumiy qiymati $1,1 mlrdlik umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi quriladi.

Ushbu stansiya ishga tushirilishi natijasida yiligi 3,5 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, 1,060 mlrd kubometr tabiiy gaz zaxiralari tejalishi imkoniyati yaratiladi. 1,48 mln tonna zararli gazlarning esa atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi.

Mazkur kompaniyalar bilan shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari yuzasidan “Elektr energiyasini sotib olish bitimi” imzolandi.

2023-yilning noyabrida “ACWA Power” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgandi.

Yil oxirida BAAning “Masdar” kompaniyasi yangi shamol stansiyasi va energiya saqlash tizimlarini qurish uchun $2,6 mlrd investitsiya kiritishi ma’lum qilindi.

Ўхшаш янгиликлар