• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +7°C
Detail image

Vladimir Lindel, Freedom Broker vakili, qimmatli qog‘ozlar bozorida qancha mablag‘ jalb qilish mumkinligi, anderrayter nima uchun kerakligi va bundan kompaniyalarga qanday foyda bo’lishi haqida gapirib berdi.

Qimmatli qog‘ozlar o‘zi nima? O‘zbekistondagi kompaniyalar qaysi turdagi qimmatli qog‘ozlarni chiqarishi mumkin?

Bozorda uzoq muddatli va samarali faoliyat yuritishni maqsad qilgan har bir kompaniya rivojlanishi uchun doimiy ravishda mablag‘ izlaydi. Moliyaviy resurslarni jalb qilishning asosiy manbalari — xususiy investorlar, bank kreditlari va qimmatli qog‘ozlarni chiqarishdir. Mamlakatimizda qimmatli qog‘ozlar bozori yetarlicha rivojlanmaganligi sabab, tadbirkorlar, asosan, dastlabki ikkita moliyalashtirish vositalaridan foydalanadilar va ularning ko‘pchiligi qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali mablag‘ jalb qilish mumkinligi haqida hattoki bilishmaydi.

Har bir mahalliy kompaniya qimmatli qog‘ozlar — aksiyalar va obligatsiyalar chiqarish orqali zarur kapitalni jalb qilish imkoniyatiga yega. Qay bir vositani tanlash kompaniyaning maqsadlari, istaklari va imkoniyatlariga bog‘liqdir.

Aksiya — bu aksiyadorlik jamiyati tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozdir. Aksiyalar kompaniya egalari o‘rtasida taqsimlanishi yoki IPO paytida (ingliz tilidan Initial Public Offering — qimmatli qog‘ozlarning dastlabki ommaviy taklifi) jismoniy shaxslarga, ya’ni oddiy aholiga sotilishi mumkin. IPO`dan so‘ng kompaniya ommaviy statusga erishadi, har bir investor uning aksiyalarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Aksiyalar investorni kompaniya egalari qatoriga qo‘shib, aksiyadorga aylantiradi. Aksiyador kompaniya foydasining bir qismini dividendlar shaklida olish huquqiga ega.

Obligatsiya — qarz sifatidagi qimmatli qog‘ozdir. Obligatsiyalarni sotib olayotganda investor kompaniyani maʼlum muddatga va maʼlum bir foizda moliyalashtiradi. Obligatsiyalar odatda bir yildan besh yilgacha muddatga chiqariladi, muddat tugagach kompaniya asosiy qarz miqdorini investorga qaytaradi. Obligatsiyalar ham aksiyadorlik jamiyatlari, ham masʼuliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan chiqarilishi mumkin.

Qimmatli qog‘ozlarni chiqarishning asosiy afzalliklari:

  • pulni yana-da qulay shartlarda jalb qilish — qimmatli qog‘ozlarni chiqarish odatda garovni talab qilmaydi;
  • kompaniya va brend haqida aholini xabardorligini oshirish;
  • ochiq kredit tarixini yaratish;
  • ishonchni oshirish — ommaviy va ochiq kompaniyalarga ishonch yuqori bo‘ladi, shu jumladan kredit tashkilotlari tomonidan ham;
  • taʼsischilar va dastlabki investorlar uchun likvidlikni taʼminlash va ularning aksiyalari qiymatini maksimal darajada oshirish;
  • kompaniyaning adolatli bahosini olish.

Lekin kompaniya shunchaki bankdan kredit olishi mumkin bo‘lgan paytda, nega qimmatli qog‘ozlar chiqarishi kerak?

Bank krediti eng keng tarqalgan va tushunarli klassik mahsulot bo‘lib, yaqqol afzalliklarga ega bo‘lsa-da, uning bir qator kamchiliklari bor. Ulardan biri — garovga bo‘lgan ehtiyojdir. Garov shaklida ko‘pincha ko‘chmas mulk ishlatiladi va u odatda juda konservativ tarzda baholanadi. Kredit to‘lanishi kredit tashkiloti tomonidan nazorat qilinadi, bundan tashqari qarzning asosiy summasi ko‘p hollarda qarz oluvchi tomonidan birinchi oydan boshlab to‘lanadi. Kredit to‘lovlari yashirin to‘lovlar yoki shartlarni o‘z ichiga olishi mumkin, bu xaqida qarz oluvchi faqat kreditni rasmiylashtirayotganida xabardor bo‘ladi. Shuni ham taʼkidlash joizki, banklar har doim ham qarz oluvchining moliyaviy ehtiyojlarini qondirishga tayyor emaslar.

Agar obligatsiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, so‘nggi bir necha yil ichida ushbu vosita biznes egalarini qiziqtira boshladi. Albatta, obligatsiyalarning ham bir qator kamchiliklari bor (birinchi emissiyani tayyorlashning qiyin tartibi, anderrayting va reyting olish xarajatlari), lekin ularning afzalliklari bu kamchiliklarni osongina qoplay oladi. Bular:

  • garovsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyati;
  • kompaniyaning o‘zi to‘lov shartlari va miqdorlarini belgilaydi;
  • qarz mablag‘laridan har qanday biznes maqsadlar uchun foydalanish imkoniyati, kreditlar ko‘pincha faqat maʼlum maqsad uchun beriladi;
  • qarzni qaytarish muddatini uzayishi — obligatsiyalar, asosan, uzoqroq muddatga joylashtiriladi;
  • daromad foizi kabi barcha asosiy shartlar qimmatli qog‘ozlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin aniqlanadi va keyinchalik ham o‘zgarishlar kiritilmaydi;
  • ommaviylik — ommaviy kredit tarixi keyingi qarz olish xarajatlarini kamaytiradi. Emitent tomonidan obligatsiyalarni to‘lash bilan bog‘liq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish mablag‘larni jalb qilish xarajatlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi va qarz oluvchi uchun moliya bozorida ijobiy obro‘ yaratadi.

Anderrayter kim va u qay tarzda kompaniyalarga qimmatli qog‘oz chiqarishda yordam berishi mumkin?

Qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish ancha qiyin jarayon. Unda ko‘plab subyektlar — qimmatli qog‘oz chiqarayotgan kompaniyadan tortib, uni sotib olayotgan investorgacha ishtirok etishadi.

Muvaffaqiyatli joylashtirish imkoniyatini maksimal darajada oshirish, uni yana-da qulay qilish uchun emitent anderrayting mexanizmidan foydalanadi. Qimmatli qog‘ozlar bozorida anderrayting deb qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish jarayonida uchinchi tomon kompaniyalarining (anderrayterlarning) ishtiroki ataladi. Emitent uchun bu, birinchi navbatda, barcha kerakli protseduralar to‘g‘ri va kerakli vaqtda amalga oshirilishining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Qisqacha qilib aytganda, anderrayter:

  • emitentning moliyaviy faoliyatini va kompaniyaning umumiy qiymatini baholaydi;
  • investorlar talab va istaklarini o‘rganib, bozorda sotiladigan qimmatli qog‘ozlarning optimal narxi va miqdorini hisoblab chiqadi;
  • qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlaydi;
  • joylashtirish uchun mos vaqtni belgilaydi;
  • joylashtirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan potensial xavflarni baholaydi;
  • investorlarga kompaniya bilan tanishish imkonini beruvchi bir qator uchrashuvlar (Roadshow) o‘tkazadi;
  • ommaviy joylashtirish paytida investorlardan arizalarni qabul qilib, ular orasida qimmatli qog’ozlarni taqsimlaydi.

Aslida, anderrayterning asosiy maqsadi bozor ishtirokchilarining istaklari o‘rtasidagi muvozanatni topish va har ikki tomon uchun qiziq va foydali bo‘lgan mahsulotni taklif qilishdir.

Agar raqamlar haqida gapiradigan bo‘lsak, fond bozorida qancha miqdordagi mablag‘ni jalb qilish mumkin?

Bugungi kunda har bir emissiya uchun 50 dan 150 mlrd so‘mgacha mablag‘ jalb qilish haqiqatga yaqin hisoblanadi.

Biroq, bir necha yil oldin bu raqamlar ancha kichik edi. Freedom Broker 2018 yilda O‘zbekistonda ish boshlaganida, biz Qo‘qon mexanika zavodining 2,3 mlrd so‘m miqdoridagi aksiyalarini fond birjasiga joylashtirgan edik. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, Kvars shisha zavodi aksiyalarini birjaga 16 mlrd so‘mga joylashtirdik, 2023 yil boshida esa zamonaviy O‘zbekiston tarixidagi eng yirik IPO o‘tkazdik — UzAvto Motors aksiyalari 57 mlrd so‘mga fond bozorida joylashtirildi.

Agar obligatsiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, 2021 yil boshida biz zamonaviy O‘zbekiston tarixida to‘lovlari chet el valyutasiga bog‘langan birinchi obligatsiyalarni joylashtirdik. Emissiya qiymati 5 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shu yilning oxirida esa O‘zbekiston metallurgiya kombinatining 50 mlrd so‘mlik obligatsiyalarini joylashtirdik. Ushbu obligatsiyalarga bo‘lgan talab taklifga nisbatan 9,5 baravar oshdi, natijada 23% boshlang‘ich foyda ko‘rsatkichi 22% gacha kamaydi. Ayni paytda biz obligatsiyalarning bir nechta emissiyasi ustida ishlayapmiz, ularni chiqarish orqali emitentlar 50 dan 150 mlrd so‘mgacha jalb qilishni rejalashtirishmoqda.

Qimmatli qog‘ozlarini chiqarish istagida bo‘lgan kompaniyalarga nima maslahat bergan bo‘lardingiz?

Ishni birinchi obligatsiyalar chiqarishdan boshlashlarini maslahat bergan bo‘lardim. Obligatsiyalar ishlash prinsipi bank kreditiga juda o‘xshash. Bu kompaniyalarga ular bilan ishlash jarayonini maksimal darajada osonlashtirishi kerak. Obligatsiyalar aylanma mablag‘larni to‘ldirish manbai sifatida bank kreditiga ajoyib alternativ yoki biron yirik loyihani moliyalashtirishda bank kreditiga ajoyib qo‘shimcha bo‘ladi.

Qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish paytida reklamaga pul tejamagan maʼqul. Yaxshi marketing kampaniyasi joylashtirishda muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini, hamda brend xaqida xabardorlikni oshirishga va mijozlar bazasini kengaytirishga yordam beradi. Bu bizning xolding mijozlarining tajribasi bilan tasdiqlangan.

Shuningdek, anderrayter xizmatlariga mablag‘ tejamaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Ushbu sohada katta tajribaga ega bo‘lgan kompaniyani, shuningdek, har qanday murakkablikdagi muammolarni hal qilishga qodir jamoani tanlang. Bunday kompaniya sizga qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish jarayonini imkon qadar osonlashtiradi.

Reklama huquqlari asosida.

Ўхшаш янгиликлар