• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +21.9°C
Detail image

Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Geologiya sohasiga har yili 1 trln so‘mdan mablag‘ ajratilib, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarish hajmi qariyb $11 mlrdga yetdi.

Minerallar bo‘yicha foydalanilmagan 32 turdagi qazilma boyliklari bor. Yil boshida davlat rahbari bu yo‘nalishdagi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Yig‘ilishda boshlangan ishlar, reja va takliflar ko‘rib chiqildi.

Elektromobil, “yashil” energetika, elektrotexnika sanoatida kamyob metallarga talab tobora ortib bormoqda. Jahon bozorida molibden, tellur, selen, grafit narxlari keskin oshgan.

Sanoat uchun muhim minerallar xomashyosi hamda ularning turini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatda 6 turdagi shunday mahsulot ishlab chiqariladi.

Bunga qo‘shimcha platina, indiy, vanadiy metallari hamda volfram, molibden, rux, marganes kabi minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish imkoniyati bor.

Kukun metallurgiyasida yiliga $300 mlnlik, uskunalar va butlovchi qismlar yo‘nalishida $100 mlnlik qiymat yaratish mumkin.

Yaqinda Yevropa Ittifoqi bilan minerallar bo‘yicha kelishuvga erishilgandi. Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga xorijiy ekspert va investorlar ishtirokida kamyob metallar bo‘yicha $500 mlnlik istiqbolli loyihalar dasturini shakllantirish topshirildi.

Bu yo‘nalishni ilm bilan rivojlantirish, shu maqsadda loyiha ofisi tashkil etib, yetakchi institut va ilmiy markazlarni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi. Navoiy KMKda qimmatbaho metallar zaxirasini ko‘paytirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Prezident kombinatda ishlab chiqarish tannarxini 10−15%ga pasaytirish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Qimmatbaho metallar sohasida Ilg‘or texnologiyalar ilmiy markazini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari 2023-yilning noyabrida istiqbolli geologiya maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘ydi. Dekabrga kelib, 2024-yilga mo‘ljallangan geologiya-qidiruv dasturi bilan tanishdi.

3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlarini qurishga xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Ўхшаш янгиликлар