• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +23°C
Detail image

Avvalroq Qozog‘iston transport vazirligi 15-apreldan O‘zbekiston bilan elektron ruxsatnoma blankalarini o‘zaro almashish boshlanishini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqaro yuk tashuvlari sohasida “E-Permit” tizimini ishga tushirdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston transport vazirligi.

Mazkur tizim doirasida yuk tashuvlari jarayonini tezlashtirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash amaliyoti elektron tatbiq etiladi.

“E-permit” tizimini qo‘llagan holda ilk kvotalar almashilib, yuk avtotransport vositalari “Yallama” chegara bojxona posti orqali harakatlandi.

Tizim Transport vazirligi huzuridagi “Raqamli transport markazi” mutaxassislari tomonidan test rejimida yo‘lga qo‘yildi.

Yanvar oyida prezident xorijda yuk tashuvchilar uchun viza rejimini soddalashtirishni buyurgan edi. Transport vaziri Ilhom Maxkamov logistika masalalari hal etilmagani uchun ogohlantirildi.

Fevral oxirida Qozog‘iston O‘zbekistonga ruxsatnoma blankalarini elektron almashish tizimini (E-ruxsatnoma) ishga tushirish taklifi bilan chiqdi. Qozog‘iston Majlisining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Aygul Kuspan “raqobat emas, balki bir-birini to‘ldirish” tamoyilini ta’kidladi.

O‘tgan oy Qozog‘iston O‘zbekistonga kirish uchun elektron ruxsatnomalar berilishini e’lon qildi.

Avvalroq O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan “E-permit” tizimini ishga tushirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Tomonlar transport sohasini raqamlashtirish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Ўхшаш янгиликлар