• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +16°C
Detail image

18-aprel kuni Dushanbedagi “Qasri Millat” davlat qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazishdi. Tomonlar muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Hamkorlikni rivojlantirishda ishga solinmagan salohiyat va imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

“Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda — parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tovar ayirboshlash hajmini $2 mlrdga yetkazish maqsadida chegaraoldi savdo mexanizmlari va savdo infratuzilmasini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezidentlar sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish uchun energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishilganini qayd etishdi.

Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Prezidentlar bu borada o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda havo va temir yo‘llari orqali tashishlarni rivojlantirish, tranzit yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni qo‘llab-quvvatladilar.

Muzokaralar yakunida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Tashrif davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi 28ta hujjat imzolandi.

Xususan, quyida ulardan ayrimlari keltirilgan:

  • Sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari, xalqaro avtomobilь va aviatsiya qatnovlari to‘g‘risidagi bitimlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnomalar;
  • Veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  • madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlik, agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xarita"lari;

Shuningdek, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va So‘g‘d viloyati, Qashqadaryo viloyati va Xatlon viloyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar va 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita"lari ham imzolandi.

O‘tgan yili Tojikiston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya transport yo‘lagi tashkil etilishi mumkinligi ma’lum bo‘lgandi. Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tranzitni rivojlantirish va rag‘batlantirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Ўхшаш янгиликлар