• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida o‘tkaziladigan ilmiy ishlar va startaplar tanlovlariga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlov mamlakatda iqtidorli va iste’dodli yoshlarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishlari uchun shartlar yaratish va salohiyatli yoshlarni ilm-fanga jalb etishga qaratilgan.

“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida “Ilmiy g‘oya”, “Startap loyiha” hamda “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovlari tashkil etiladi. O‘z navbatida, ayollar uchun ham tanlov ikki turga ajraladi — ilmiy g‘oyalar va startap loyihalar.

“Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovida 40 yoshdan oshmagan xotin-qizlar o‘zlarining ilmiy g‘oyalari va startap loyihalari bilan ishtirok etishi mumkin.

Tanlov ishtirokchilari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi, yoshi, ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qat’iy nazar 40 yoshdan oshmasligi lozim. Bir nafar ishtirokchi bitta loyiha (ilmiy g‘oya yoki startap loyiha) bilan ishtirok etishi mumkin.

G‘olib bo‘lgan ilmiy g‘oyalarga ajratilgan mablag‘lar doirasida muallif va ijrochilariga oylik maosh ko‘rsatish mumkin emas. Startap loyihalar an’anaviy biznes turlaridan ilmiy yangiligi yoki innovatsion elementi bilan farqlanishi kerak.

Ilmiy g‘oya va startaplar tanlov talablari asosida ishlab chiqilgan, materiallar ishonchli va haqqoniy, plagiatga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lishi talab etiladi.

Ular ma’lum bir muammoning yechimiga qaratilgan bo‘lishi, mablag‘lar aniq ko‘rsatilishi va asoslantirilishi, amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, amalga oshirish muddati bir yildan oshmasligi zarur.

Ilmiy g‘oyani amalga oshirishga so‘ralgan mablag‘ miqdori BHMning 400 barobarigacha (136 mln so‘m), startaplarniki esa BHMning 3 ming barobarigacha (1,02 mlrd so‘m) bo‘lishi kerak.

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar joriy yilning 15-avgustigacha qabul qilinadi. Ular belgilangan hujjat shakllari asosida to‘ldirilib, tasdiqlangan holda elektron topshirilishi lozim.

Hujjatlar tanlov talablariga mos ravishda to‘liq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligiga, ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, kutilayotgan natijalarning o‘z vaqtida bajarilishiga arizachi javobgar.

“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida ariza jo‘natish:

“Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” tanlovi doirasida ariza jo‘natish:

Batafsil ma’lumotlarni havola orqali olish mumkin.

Ўхшаш янгиликлар