• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +21°C
Detail image

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qanday muhim o‘zgarishlarni alohida qayd eta olasiz?

Oxirgi 5 yil ichida ochiq iqtisodiyot jarayonlarini takomillashtirish, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida juda ko‘p o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Menimcha, O‘zbekiston katta transformatsion yo’lni muhim makroiqtisodiy islohotlar, xususan, valyuta kursi va valyutani tartibga solish bilan boshladi. Bularning barchasi 5 yil avval YeTTBning O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qayta boshlashiga ta’sir ko‘rsatdi. O‘sha paytda mamlakatda xorijiy investorlar deyarli yo‘q edi. Hozir esa biz mamlakatga sarmoya kiritishga qiziqqan ko‘plab odamlarni ko‘rmoqdamiz.

Xorijiy investorlarning O‘zbekistonga munosabati keyingi yillarda qanchalik o‘zgardi?

2017-yilda YeTTB O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qayta ochgan vaqtga kelib, mamlakatda yirik investorlar deyarli yo‘q edi. Prezident huzuridagi Investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida investorlar soni menda katta taassurot qoldirdi.

Yig‘ilishda AQSh, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Janubiy Koreyadan ko‘plab investorlar ishtirok etdi. Yetarlicha katta miqdordagi kompaniyalar O‘zbekistonga sarmoya kiritib bo‘lgan va iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, jumladan, energetika, bank, sanoat, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritishni davom ettirish niyatida.

Albatta, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va urushdan keyin ko‘plab sarmoyadorlar o‘z kapitali va kompaniyalarini bu yerga o‘tkazayotgani O‘zbekistonga yanada foyda keltiradi. Lekin, albatta, sarmoyadorlar uchun sud-huquq tizimining faoliyatini ta’minlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaga barham berish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida islohotlarning davom etishi muhim.

16-noyabr kuni Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Uning natijalari qanday? Kengashning asosiy maqsadi nimadan iborat?

Ushbu sessiya rasman o‘tkazilganining o‘zi ham bir yutuq. Bu O‘zbekistonga qiziqish bildirayotgan investorlar borligini, shuningdek, mamlakatga sarmoya kiritish uchun imkoniyatlar yaratilganini anglatadi. Albatta, mamlakatimiz qonunchiligiga har kuni aniq takliflar asosida ish olib boruvchi ishchi guruhlar kerak.

Kengash 2019-yilda tashkil etilganligi sababli, menimcha, tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Bundan tashqari, pandemiya sababli shaxsan uchrashib, muhim masalalarni muhokama qilishning imkoni bo‘lmadi.

O‘ylaymanki, birinchi uchrashuv ikki tomonning ishtiroki tufayli ancha ijobiy o‘tdi. Ko‘rinib turibdiki, prezident investorlarning gaplarini tinglashga va inobatga olishga tayyor, shuningdek, investorlar ham muhokama jarayoniga jalb etilishidan manfaatdor.

Endi esa takliflar va umumiy maqsad ustida yanada puxtaroq ishlashimiz kerak. Keyingi uchrashuv olti oydan keyin bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston mana ikkinchi yildirki Markaziy Osiyoda YeTTB investitsiyalarini qabul qiluvchi sifatida yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Ayting-chi, mamlakatga bo‘lgan bunchalik qiziqishning sababi nimada?

O‘zbekiston YeTTB uchun juda muhim hamkor hisoblanadi. Kelgusi yilning may oyida Samarqand shahrida YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi buning ramzi hisoblanadi.

Bu YeTTBning mamlakatga qiziqishi va uning oldidagi vazifalarini ko‘rish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Biz O‘zbekiston mintaqada muhim ahamiyatga ega ekanligiga ishonamiz. Qolaversa, mamlakat Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlatdir. Umuman Markaziy Osiyo haqida gapiradigan bo‘lsak, bu hamkorlik uchun juda muhim sherikdir. Shu bois bu yerda juda faolmiz.

YeTTB uchun O‘zbekistonda qanday ustuvor yo‘nalishlar mavjud?

Birinchidan, xususiy sektorni rivojlantirish YeTTB faoliyatining asosiy omili hisoblanadi. Bank aynan shuni rivojlantirishga va rag‘batlantirishga intiladi. Ayni paytda sarmoyamizning yarmi xususiy sektorga yo‘naltirilmoqda.

Bizning umumiy maqsadimiz — investitsiyalar hajmini 75%gacha oshirish. Shunday qilib, hali ancha harakat qilishimiz kerak. Va bu ajablanarli hol emas, chunki turli darajadagi davlat infratuzilmalariga katta ehtiyoj bor. Lekin xususiy sektorning raqobatbardoshligi va rivojlanishi muhim vazifalar hisoblanadi.

Ikkinchidan, yashil energiyaga samarali o‘tish. Mamlakat hali ham qazib olinadigan yoqilg‘iga qaram bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, iqtisodiyotda past energiya samaradorligi muammosi mavjud. O‘zbekistonda yashil texnologiyalarga o‘tish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerak.

Mamlakatning 2023-yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalarini 25%ga yetkazish maqsadi katta siljish bo‘lib, YeTTB tomonidan yuqori baholanadi va bu dekarbonizatsiya yo‘lidagi muhim qadamdir. Biroq, qazib olinadigan yoqilg‘i subsidiyalari va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘plab muammolar mavjud.

Uchinchidan, savdoni rivojlantirishda mintaqaviy va global integratsiya. Kichik va o‘rta biznesni (KO‘B) rivojlantirish juda muhim. YeTTB yashil texnologiyalarga o‘tish uchun maqsadli kredit liniyalari orqali bank sektori orqali kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda.

Tadbirkor ayollar uchun ham dasturlarimiz bor. Ayni paytda yosh tadbirkorlar uchun kredit liniyalari ajratish va texnik ekspertiza olishda ko‘maklashish maqsadida yangi dastur ishlab chiqilmoqda.

Biz yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarni eksport qilish va biznes sifatida rivojlanishiga ko‘maklashishni maqsad qilganmiz.

YeTTB hisobotida qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishiga yordam beruvchi omillardan biri bu pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi, relokatsiyadir. Sizningcha, Rossiya, Belarus, Ukrainadan kelgan muhojirlar uchinchi davlatlarga ketishi yoki o‘z vatanlariga qaytishi mumkinligini hisobga olsak, bunday o‘sish qancha davom etadi?

Ha, bu haqiqat. Maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan buyon 300 mingga yaqin odam emigratsiya qilgan. IT-sohasida yuqori malakali kadrlarning katta oqimi kuzatilmoqda, shuning uchun bu sohaga mablag‘lar kirib kelmoqda.

Albatta, bu qancha davom etadi va tendensiya barqaror bo‘ladimi yoki yo‘qligini oldindan aytish qiyin. Chunki hozirgi dunyoda ko‘plab noaniqliklar mavjud. Ammo muhojirlarning O‘zbekistonda qolishiga bir qancha omillar ta’sir qilishi mumkin.

Bu holatda shunisi qiziqki, urush boshlanganidan beri pul jo‘natmalari barqarorligi va Rossiyada yashayotgan o‘zbeklarning ahvoli, ular qaytib keladimi, degan xavotirlar ko‘p edi. O’tkazmalar nafaqat barqarorlashdi, balki sezilarli darajada oshdi ham. Menimcha, Rossiya mehnat bozoriga kirish ham osonlashdi.

Umuman olganda, hozir bularning barchasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Keyinchalik nima bo‘lishini oldindan aytish juda qiyin, chunki ko‘p narsa geosiyosiy vaziyatga bog‘liq. O‘ylaymanki, ko‘plab muhojirlar shu yerda qoladi.

Iqtisodiyot rivojlanishining asosiy salbiy omili inflyatsiya hisoblanadi. O‘zbekiston uning sekinlashuviga qanday erisha olishi mumkin?

Bugungi kunda yuqori inflyatsiya nafaqat O‘zbekistonga xosdir. Bu global muammo. Masalan, Buyuk Britaniyada inflyatsiya darajasi ham juda yuqori. Inflyatsiyaning bu darajasi ikki omil bilan oqlanadi.

Birinchidan, COVID’ning oqibatlari. Pandemiyaning iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sirini muvozanatlash uchun hukumatlar va markaziy banklar qulay fiskal va pul-kredit siyosatini olib bormoqdalar, bankrotlik va iqtisodiyotning qulashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tizimga ko‘p likvidlik kiritmoqdalar. Endi bu likvidlik talab va yuqori inflyatsiyaga ta’sir qiladi.

Ikkinchi omil — Xitoydagi vaziyat va u bilan bog‘liq ravishda ta’minot zanjiri va umuman savdoning buzilishi. Bu global inflyatsiyaga ta’sir qildi. Qo‘shimcha omil — bu energiya resurslari va oziq-ovqat narxiga katta ta’sir ko‘rsatgan urush. Albatta, bularning barchasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

O‘ylaymanki, kelgusi bosqichda pul-kredit siyosati inflyatsiya kutilmalarini pasaytirish va O‘zbekistonda inflyatsiya hamda ish haqi o‘rtasida o‘ziga xos spiral yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun juda muhim rol o‘ynashi kerak.

Bugungi kunda barcha Markaziy Osiyo iqtisodlari, shu jumladan O‘zbekiston ham duch kelayotgan eng dolzarb muammo bu inflyatsiya hisoblanadi. Iste’mol narxlari inflyatsiyasi 10% dan 16% gacha bo‘lib, maqsadli chegaralardan ancha tashqarida hisoblanadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, ko‘plab uy xo‘jaliklarining farovonligiga tahdid soladi va tarkibiy islohotlar va fiskal konsolidatsiyani xavf ostiga qo‘yadi.

2022-yil iyul oyida oziq-ovqat va tovar narxlari oshishi fonida isteʼmol inflyatsiyasi 12,3%ga yetdi. Mamlakatda ish haqining oshishi inflyatsiyaning o‘sishiga olib keladigan o‘ziga xos inflyatsiya spirali ham mavjud. Shu munosabat bilan pul-kredit siyosati inflyatsion kutilmalarni kamaytirish uchun juda muhim rol o‘ynaydi.

Sizningcha, qanday geosiyosiy muammolar bor va ta’minot zanjiri hamda logistika sohasida qanday yechimni ko‘rasiz?

Ochig‘i, geosiyosiy vaziyat shunday holatga kelganki, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari diversifikatsiya qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Aytmoqchimanki, bu sohalarni rivojlantirishga majbur qiladi, lekin shuningdek ayni paytda imkoniyatlar ham yaratadi.

Har qanday qiyinchilik ortida imkoniyatlar bor. Eksportni diversifikatsiya qilish imkoniyatlari, eksport imkoniyatlarini nafaqat Rossiya va Xitoy yo‘nalishida rivojlantirish mumkin. Bu ham bir bozorga qaramlikni kamaytiradi, bu juda muhim.

Buning uchun buni qanday qilib eng yaxshi yo‘l bilan tashkil etish va buning uchun qanday infratuzilma kerakligini tushunish uchun juda ko‘p ish qilish kerak. O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoni yo‘q. Shu munosabat bilan mavjud yo‘laklarga muqobil yo‘llarni izlash zarur.

Davlat banklardagi ulushlarni kamaytirish niyatida. Nega xususiylashtirish jarayoni sust kechmoqda va bunda nima qilish kerak?

Ikki marta xususiylashtirish jarayoni COVID tufayli kechiktirildi va sekinlashdi. Qolaversa, banklarni xususiylashtirish har bir bankning o‘ziga bog‘liq, deb o‘ylayman. Banklarning o‘zlari boshqaruv, moliya institutlarini baholash, aktivlar sifati va boshqalar nuqtai nazaridan xususiylashtirishga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rishlari kerak.

Ehtimol, ichki qayta tashkil etish, ishga yondashuvni ham — davlat kompaniyasidan bozorda raqobatlasha oladigan, KPIga ko‘proq e’tibor qaratadigan va butun xususiy sektorga xizmat ko‘rsatadigan kompaniyaga o‘zgartirish kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, xususiylashtirish jarayonlarining sekinlashishiga Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush omili ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Buning sababi shundaki, investorlar oqibatlarni rejalashtirishlari va baholashlari kerak.

Misol uchun, ko‘pchilik Buyuk Britaniyaga sarmoya kiritishga tayyor edi, ammo endi ular qaytadan o‘ylash uchun bir qadam orqaga qaytishdi. Shunday qilib, bu sekinlashuv jarayonlari nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda sodir bo‘lmoqda.

O‘zbekiston 2030-yilga borib aholi jon boshiga daromadni $4000 ga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadlar qanchalik real va bunga erishish uchun mamlakat nima qilishi kerak?

Menimcha, bu juda katta maqsad. Bunday maqsadlarni qo‘yish yaxshi, chunki bu rivojlanishga olib kelib, yalpi ichki mahsulotning sezilarli o‘sishini talab qiladi. Aytmoqchimanki, O‘zbekiston islohotlar dasturini davom ettirishi, iqtisodiyotni o‘zgartirishi, sarmoya jalb qilishi va hokazolarni amalga oshirishi kerak.

Ishlab chiqarish, eksport imkoniyatlarini oshirish, yangi korxonalar tashkil etish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, sanoat quvvatlarini rivojlantirish zarur. O‘ylaymanki, O‘zbekiston bu maqsadga erishsa, bu aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning ikki barobar oshishini anglatadi.

O‘zbekistonga hozir qanday islohotlar kerak?

Avvalo, sud-huquq tizimini isloh qilish, qonun ustuvorligini takomillashtirish, korrupsiyaga barham berish zarur. Biz iqtisodiyotga katta e’tibor qaratamiz. Hosildorlik va shaffoflikni oshirish, boshqaruvni takomillashtirish uchun davlat va tarmoq korxonalarini isloh qilish zarur.

Transport tizimida o‘zgarishlar boshlab yuborilgan, ammo ular energetika va AKT sohasida ham zarur. Bank islohotini amalga oshirish va xususiylashtirish ham juda muhim. Qolaversa, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim tizimini isloh qilish bizning asosiy vazifamiz emas, balki islohotlar dasturining muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolayotganini tushunaman.

Ishonchim komilki, ushbu strategik islohotlar barcha manfaatdor tomonlarni islohotlar maqsadiga moslashtirishga yordam beradi.

YeTTBning O‘zbekiston bo‘yicha yaqin 5 yilga rejalari qanday?

YeTTB besh yilga (2018−2023) qabul qilingan mamlakat strategiyasiga muvofiq ishlamoqda. Yangi strategiya 2024-yildan kuchga kiradi. Ya’ni amaldagi strategiya bilan ishlash uchun yana ikki yil bor.

Albatta, biz besh yillik ish natijalarini tahlil qilishimiz kerak. Ammo xususiy sektorni rivojlantirish, yashil iqtisodiyotga o‘tish, raqamlashtirish va inklyuzivlik biz mamlakatda amalga oshirishda davom etadigan asosiy maqsadning bir qismi bo‘ladi.

Bizning sarmoyalarimiz davlat va xususiy sektordagi bozor talabidan kelib chiqadi. Umid qilamanki, biz O‘zbekiston iqtisodiyotini moliyalashtirish hajmini oshirishda davom etamiz va bu yil bu mamlakatdagi ajratmalarimizning yillik hajmi 1 mlrd yevroga yetishi mumkin.


Avvalroq “Spot” YeTTBning O‘zbekistondagi “Kichik biznes bo‘yicha konsultatsiyalar” dasturi mutaxassisi Denis Torxov bilan kichik va o‘rta biznes qanday yordam (shu jumladan moliyaviy) olishi mumkinligi haqida suhbatlashgandi.

Ўхшаш янгиликлар