• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +23.1°C
Detail image

2-may kuni Xalqaro kongress markazida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi boshlandi.

Unda davlat rahbari nutq so‘zlab, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash yo‘nalishida to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish ishlari boshlanganini qayd etdi.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha mamlakatning iqtisodiy o‘sishi 6%ni tashkil qildi. Inflyatsiya 9%gacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Mamlakatda $60 mlrddan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining $14 mlrddan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

O‘tgan yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar ko‘paydi. Dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilib, 100 minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Forum doirasida “Linde”, “Orascom”, “DataVolt”, “Bonafarm”, “PASHA holding” va boshqa sheriklar ishtirokida qiymati $10 mlrddan ortiq yangi loyihalarga start beriladi.

Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

Energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etish rejalashtirilgan.

Nizolarni adolatli hal etish maqsadida Toshkent xalqaro arbitraj markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgani qayd etildi. Uning tarkibida AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Xitoy, BAA kabi mamlakatlardan 90dan ortiq nufuzli hakamlar o‘rin olgan.

Avvalroq mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning yagona reyestri yuritilishi ma’lum qilingandi. Reyestr Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi saytida alohida bo‘lim sifatida 1-iyuldan yo‘lga qo‘yiladi.

Ўхшаш янгиликлар