• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +18.1°C
Detail image

Shamshodbek G’aniyev — 19 yoshida yirik qurilish loyihasini tashkil etishga muvaffaq bo’lgan. Hozirda Toshkent davlat iqtisodiyot Universiteti 2-bosqich talabasi.

Spot tahririyati tadbirkor bilan qanday qilib shu yoshda yirik loyihani tashkil etgani va undagi qiyinchiliklar haqida suhbat qurdi.


G’oya qanday paydo bo’ldi

Chet el safarida yurganimda hozirga kelib, shahar aholisining aksariyat qismi, shahar shovqinidan holi hududda, tinch va osoyishta hayot kechirish imkoniyatini qidirib yurganiga guvoh bo’ldim. Ayniqsa, yirik megapolislari va katta turistik oqim mavjud bo’lgan Dubay hamda Turkiyaning bir qator shaharlarida bu ko’rsatgich anchayin yuqori.

Shunda akam va oilaviy biznesga aloqador qarindoshlarimga ushbu taklifimni bildirdim. Otam albatta bizni qo’llab- quvvatladilar. Dastlabki investitsiya “Zarafshan Golden Group” tomonidan berildi. Keyingi bosqichlarda esa loyiha o’zini- o’zi qoplay boshladi.

Rostini aytsam, loyihadan ko’zlangan asosiy maqsad foyda olish emas, balki aholiga yanada qulay sharoit yaratishdir.


Foto: Sardor Ergashev/ Spot

Qurilish loyihasini rasman 2021-yilning iyul oyida tashkil etdik. Karantin cheklovlari biroz yumshagan bo’lsada, vaziyat yomonlashuvi vaqti-vaqti bilan kuzatilib turardi.

Kottejlar Toshkent viloyatini obodonlashtirish loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Qibray tumanida qad rostlayotgan kottejlar maksimal darajada yashash uchun qulay va shahardan uzoqlashmagan tarzda qurilishiga harakat qilyapmiz.

Kottejlar narxini aholi daromad darajasi va boshqa iqtisodiy va urbanizatsiya ko’rsatgichlarini hisobga olgan holda narxlaganmiz.

Raqobat

Kottejlar qurish ko’chmas mulk bozoridagi yangi yo’nalish hisoblanadi. Raqobatchilar hali ko’p emas. Bozorni egallash uchun hali bir necha 10 yilliklar kerak bo’ladi.

Raqobatga ijobiy baho beraman. Chunki ular bizni o’sishimizni ta’minlovchi omil hisoblanadi. Har bir loyiha o’zining individualligi bilan ajralish turishi kerak. Men bilgan kottej quruvchi kompaniyalarning uylari shahar ichida joylashgan. Biz esa shahar shovqinidan charchaganlar uchun masofani biroz uzoqlashtirishga qaror qildik.

“Zarafshan Villas” uylaridan Chimyon va Amirsoy kurort zonasi ko’rinib turadi. Toza havo va qulay infratuzilmaning mavjudligini hisobga hisobga olsak, bu bizning ustun jihatlarimizdan biri hisoblanadi.

Qiyinchilik va xatolar

Loyiha ham aholi uchun ham infratuzilma uchun yaxshi g’oya edi. Lekin uni yo’lga qo’yishda birozgina shoshdik deya o’ylayman.

Chunki uylar uchun joylashuv o’rni, elektr tarmoqlarining yaqinligi, kanalizatsiya va boshqa jihatlar kabi yirik muhim ahamiyatga ega.

Biz qurilish loyihasi tushgan maydonni tanlash va uni har tomonlama ikkala tomon uchun qulay qilishda bir qator qiyinchiliklarga duch keldik. Shuningdek, loyihalashtirish ishlari hamda arxitektura tomonlama ham bizga pand berishdi.

Qog’ozdagi chizmalarni amalga oshirishgacha bo’lgan jarayon ham oson kechmadi. Uylar yonma yon qurilayotgani bois, barcha tomonlarni hisobga olishimiz kerak edi.

Bir necha bor chizmalar uchun qayta buyurtma berganmiz, chunki birgina xatolik keyinchalik mijozlarga ortiqcha noqulaylik tug’dirishi mumkin.

Ish jarayonini nazorat qilish uchun otam kelib turardilar. Agarda loyiha puxta o’ylanmagan yoki xato-kamchiliklari bo’lsa, ularni bittalab tahlil qilar edilar, ba’zida butun bir ishni yopishga ham majbur bo’lganmiz. Biz uchun sifat va qulaylik doim birinchi o’rinda bo’lgan.

Reklama

Loyihani ochganimizda hozirgiga o’xshab aynan bir agentlik yoki SMM xizmatini yo’llamaganmiz. Bu ham bizning xatolarimizdan biri deb bilaman. Dastlab ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy auditoriyaga ega saytlarga reklama berdik.

Keyin esa televideniya orqali ham biz qurayotgan kottejlar efirga uzatila boshlandi. Afsuski biz reklama orqali kutilgan natijamizni olmadik.

O’sha paytda ishni yurgizish uchun $10 000 ham ko’proq mablag' sarflaganmiz. Hozirda agentlikni ishga yo’llaganmiz va ijtimoiy tarmoqda, ayniqsa instagramda faol ish olib bormoqdamiz. Hozirda SMM uchun taxminan $1000 sarflaymiz.

Foto: Sardor Ergashev/ Spot

Muvaffaqqiyat asosi

Hozirda hammaning yaxshi hayot kechirgisi va muhtojlikdan uzoqda bo’lgisi keladi. Biznes ochish haqida o’zimdan yoshi kattalarga nazariy jihatdan ko’p narsa aytolmayman. Chunki mendagi bor barcha ko’nikma va tajriba amaliyotdan — otam bilan birga yurgan paytlarimdan kelgan.

2012-yil oilaviy biznesimiz uchun omadli kelmadi. O’shanda kompaniyamizning tarmoqlari hozirgidek ko’p emas edi. Barcha aylanma pullar ketib, bankrotlik yoqasiga kelib qolgan edik.

O’shanda maktab o’quvchisi bo’la turib biznesni qayta tiklash, uni hal etish yo’llari, usullari, yuzaga kelgan qiyinchiliklar, yangi tendensiyalar va boshqa ko’zga ko’rinmas jihatlarni otam bilan yelkama-yelka boshdan o’tkazgan edim.

Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, biznesni boshlashda tavakkal qilishdan qo’rqmaslik kerak. Chunki imkoniyatni biz o’zimiz yaratamiz. Puxta reja albatta kerak, ammo qulay fursat kelishini kutib o’tirish hozirgi zamonning shiddatli oqimiga to’g’ri kelmaydi.

Doimiy ravishda o’z ustimda ishlab boraman. Chunki loyiha uchun barcha javobgarlik mening zimmamda. Men boshqarayotgan biznes investitsiya yoki pul orttirishga qaratilmaganligi bois asosan, liderlik mahorati, jamoani boshqarish, menejment va muvaffaqqiyatli boshqaruvchilar tarixiga oid kitoblarni tinimsiz o’qib boraman. Ulardan Kevin Kruz, Ed Ketmell, Bryus Tulgan eng sevimlilarimdir.

Xodimlarni ishga olish

Qurilish bilan shug’ullanadigan kompaniyalarda asosiy vazifani quruvchilar bajaradi. Biz quruvchi xodimlarni ishga olayotganimizda ularning darajasi, malakasi va ish tajribasiga qarab saralaymiz.

Portfoliosida oldin qaysi qurilish obyektlarida ishlagani haqida ma’lumot aks etgan bo’lishi lozim. Shuningdek, sinov muddati va maydoni ham taqdim etiladi. Sinovdan o’tgan quruvchilar bilan yillik shartnoma imzolanadi va barchasi kelishuv asosida bajariladi.

Hozirda kottejlar qurilishida umumiy hisobda 200 dan ortiq quruvchilar ishlashmoqda. Ularni nazorat qiluvchi 4 nafar ish boshqaruvchimiz mavjud. Sotuv bo’limi uchun xodim tanlayotganimizda savdo-sotiq tizimini yaxshi tushunadigan va mijozlar bilan muloqot olib borish ko’nikmasiga ega xodimlarni ishga olamiz.

Umuman olganda barchasi bir-birga uzviy bog’liqdir. Shu bilan birga xodimlar va boshqaruvchi ma’muriyat o’rtasida yirik “to'siqlar” bo’lishi tarafdori emasman. O’zaro hurmat va ishonchga asoslangan boshqaruv shaklida kompaniya rivojlanishi tezroq kechadi.


Foto: Sardor Ergashev/ Spot

Rejalar

Oilaviy biznesimizning asosiy qismi qurilish sohasiga yo’naltirilganligi bois, keyinchalik ham kottejlar qurilishiga o’xshab yanada yirikroq loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz. Bu loyihalar faqatgina O’zbekiston hududidagina bo’lib qolmasdan, qo’shni davlatlar, Dubay va Turkiyada ham bo’lishi yaqin 20-yillik rejalarimizda mavjud.

Yurtimizdagi karantin holatlari yaxshilanishi tarafdorimiz, chunki ishchi kuchi yana odatdagiday ishlay boshlasa bu barcha uchun foydali bo’ladi. Qisqa muddatdagi rejalarimiz ichida “Toshturma” atrofida kitob do’koni, o’quv kurslari va hunarmandchilik markazlari ochish o’rin olgan.

Ўхшаш янгиликлар