• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +29°C
Detail image

Joriy yilgi davlat dasturi bilan Navoiy viloyatida sinov tarzida kommunal to‘lovlarning yagona tizimi joriy etilishi belgilangandi.

1-may kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov nima uchun tizim ishga tushmaganiga izoh berdi.

“Mamlakatda boshqa joylarga nisbatan faqat Navoiy viloyatida odamlarimiz to‘lovi tartibli. O‘z vaqtida to‘lash foizi — 100% bo‘lmasa ham — yuqori. Viloyatni tanlashga sabab, to‘lovlarning yuqori qismi o‘z vaqtida to‘lanmoqda. E’tirozlarni o‘rganishda birdaniga rezonans bo‘lmasligi uchun ham viloyat tanlangan. Billing tizimi ishlab chiqildi. Elektr tarmoqlari bilan integratsiya ishlarini ham tayyorlab qo‘yganmiz”, — dedi Sherzod Hidoyatov.

Uning qayd etishicha, hozirda tizimni ishga tushurish uchun Energetika vazirligi bu bo‘yicha ish olib bormoqa. Buning uchun energetika to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritilib, deputatlar tomonidan ma’qullanadi, undan so’ng, senatga kiritilib, tasdiqlangandan keyin amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Hidoyatov chiqindi masalasi ham elektr energiyasiga bog‘langanini eslatib, ular ham mazkur qonunga kelganda to‘xtab turganini, qonun tasdiqlangandan keyingina integratsiya amalga oshirilishini aytdi.

“Bu judayam yaxshi samara beradi deb o‘ylayman. Bitta ko‘p qavatli uyda, masalan, 50ta xonadon bo‘ladigan bo‘lsa, 40ta xonadon to‘lasa o‘z vaqtida, 10ta xonadon to‘lamagani uchun qolgan 40tasiga bu xizmatni ko‘rsatish joyiga qo‘yilmasa, nima uchun xizmatdan foydalana olmasliklari kerak? Hamma o‘z vaqtida to‘lashi kerak deb o‘ylayman. Bugungi kunda bu tajribalar juda yaxshi samara berdi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Sherzod Hidoyatov ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatish va chiqindilardan tozalashda to‘lovlar bo‘yicha ko‘plab masalalar yuzaga kelib chiqayotganini qayd etdi. Tizim shu kabi masalalarni bartaraf etish uchun ham qilingan, dedi u.

Navoiyda amalga oshirilishi belgilangan tizim ko‘p qavatli turar joy xonadonlarining gaz, elektr va issiqlik ta’minoti, ichimlik va oqova suv hamda chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni yagona tizimda birlashtirishni nazarda tutadi.

Sentabrgacha yagona tizimni ishga tushirish hamda monitoring qilish imkoniyati yaratiladi. Undan keyin, oktabrga borib, tizim tajriba-sinov tarzida Navoiy shahrida joriy etiladi.

Yanvar oyida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha yagona billing hisob-raqamni joriy qilish kerakligini bildirgandi. Buning uchun xorijiy tajriba asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirilgan.

1-maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar oshirilib, ijtimoiy norma belgilandi. Elektr uchun bazaviy tarif (oyiga 200 kVt/soatgacha) 450 so‘mni tashkil etadi.

Kelgusi yilning aprel oyida jismoniy shaxslar uchun elektr va gaz tariflarini yana oshirish rejalashtirilmoqda. Bazaviy tarif kilovatt/soat uchun 600 so‘m bo‘ladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” elektr energiyasi iste’molini hisoblash kalkulyatorini ishga tushirdi. Kalkulyatordan havola orqali foydalanish mumkin.

Ўхшаш янгиликлар