• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +20°C
Detail image

Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasida “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan o‘sha yerda istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida uchrashuvlar va “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Xorijda yashovchi o‘zbekistonliklar bilan hamkorlik aloqalarini olib borayotgan “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillaridan ibora delegatsiya shu kunlarda Germaniyadagi vatandoshlarimiz bilan uchrashmoqda. Germaniyaning Berlin shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasida Germaniyaning turli hududlarida mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan bir guruh vatandoshlarimiz jam bo‘lishdi. Uchrashuvda yoshlar “Zakovat” intellektual klubi vakillari ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. O‘yinda g‘olib jamoaga “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan O‘zbekistonning bir nechta shaharlariga bir haftalik sayohat uchun yo‘llanmalar taqdim qilindi.

“O‘zbekistonni ko‘p aylangan bo‘lsak ham, ota-onamni juda sog‘ingandim. Chunki 8 oydan beri Germaniyada yashayapman. “Zakovat”ga O‘zbekistonda o‘qiyotgan vaqtimizda ham ishtirok etardik. Bu yerda ham o‘tkazilishini eshitganimizdan keyin 2 hafta mobaynida kechqurunlari tayyorgarlik ko‘rdik. Bugun bu o‘z natijasini berdi”, deydi g‘olib jamoa ishtirokchisi, Dyusseldorf universiteti talabasi Shahzod Kenjayev.

Ayni paytda Bonn universitetida magistratura bosqichida tahsil olayotgan Anvarjon Qurbonov tadbir xorijdagi yurtdoshlar bilan yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi:

 “Bu kabi tadbirlar ko‘proq o‘tkazilishi tarafdoriman. 20dan ortiq jamoalar ishtirok etishdi, juda ko‘p mehmonlar kelishdi. Nafaqat o‘z bilimimizni sinadik, balki hamyurtlarimiz bilan yaqindan tanishdik, aloqalar o‘rnatdik, fikr almashdik. Tez-tez tashkil etish taklifini bergan bo‘lardim”.

Safar davomida delegatsiya Germaniyadagi “70 o‘zbek-olmon” jamiyati vakillari bilan uchrashdi. Ushbu jamiyat 2023 yilda Myunxen shahrida tashkil etilgan bo‘lib ushbu shaharda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarni birlashtirib turadi.

“2009 yilda Myunxenga kelganman va bu yerda o‘qib, ishlab, hozir mehnat faoliyatimni davom ettirib kelyapman. O‘zbek yurtdoshlarimiz bilan birgalikda jamiyatimizni tuzganmiz. Jamiyatimizning nomi “70 o‘zbek-olmon” deb ataladi. Bu jamiyatni tuzishimizdan maqsad shu yerda yashayotgan o‘zbek oilalari orasida o‘z qadriyatlarimizni saqlab qolish, turli an’analarni nishonlashdan iborat. Farzandlarimizga ham o‘z madaniyatimizni tanishtirish va singdirish, O‘zbekistonga bo‘lgan hissiyotlarini ushlab turishdir”, deydi jamiyat rahbari Shuhrat Mirzahmedov.

Bugungi kunda “El yurt umidi” fondining 10 dan ortiq stipendiatlari Germaniyadagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishadi. O‘tkazilayotgan uchrashuvlarda ular ham ishtirok etishdi.

Reklama

Ўхшаш янгиликлар