• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +26°C
Detail image

“O‘zbekneftgaz”ga tegishli “zapravka”lar egaligi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘liga tegishli kompaniyaga o‘tdi. Yagona ta’sischisi Doniyar Komilov bo‘lgan “Petroleum Technology Group” UNG Petro tarmog‘ini qachon va qancha narxga sotib olgani noma’lum.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistondagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i – “O‘zbekneftgaz”ga qarashli UNG Petro MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirilgan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, ayni paytda UNG Petro MChJning 100 foiz ulushi yagona ta’sischi - Komilov Doniyar Abdulazizovich egaligidagi “Petroleum Technology Group” MChJ. Maskur kompaniya 2023 yil 4 oktyabrda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 101 mln so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish.

O‘tgan yilning 31 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini jalb etish yuzasidan tanlov e’lon qilgandi. Shundan so‘ng, jamoatchilikka bu borada hech qanday qo‘shimcha ma’lumot berilgani yo‘q. “Petroleum Technology Group”ning qachon va qancha pulga UNG Petro AYoQShlar tarmog‘ini sotib olgani noma’lum.

Doniyor Komilov kim?

Doniyor Komilov – sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulaziz Komilovning o‘g‘li hisoblanadi.

2021 yilda yagona ta’sischisi Doniyor Komilov bo‘lgan “Metropol Group” MChJ Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosini 210 milliard so‘mga sotib olgandi. Keyinchalik 2023 yilning bahorida Radisson Hotel Group kompaniyasi “Metropol Group” bilan mazkur bino o‘rnida mehmonxona qurish bo‘yicha bitim imzolagani ma’lum bo‘ldi.

2023 yilning fevral oyida Komilov egalik qiladigan “First Premium Alliance” MChJ “Qo‘qon biokimyo” aksiyadorlik jamiyatini sotib olingani ham ma’lum qilingandi. Shuningdek, u “Delta global dynamics”, “Progressgortech-asia”, “Toshkent qog‘ozi” kabi kompaniyalarda ham 100 foiz ulushga ega.

Doniyor Komilov Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan: qimmatli qog‘ozlar sohasida faoliyat yurituvchi “Selena” MChJ, moliyaviy xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi “Ks” MChJ, ko‘chmas mulk sohasida faoliyat olib boruvchi “Glomaks” MChJ, mashina va uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “VLK” MChJ va “Holding Invest” kabi bir nechta korxonalarning ham ta’sischisi bo‘lgan.

O‘tgan yilning yozida kichik Komilov Rossiyadagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri – Ural kon-metallurgiya kompaniyasining ham benefitsiar egasiga aylangani ma’lum qilingandi.

U 2010-2014 yillarda Gazprombankning “Upravlyayushchaya kompaniya – Strategicheskiye aktivy” YoAJ tuzilmasi rahbari bo‘lgan. Shuningdek, 2015-2016 yillarda “Uralmashzavod” direktorlar kengashiga a’zo bo‘lgan.

Ўхшаш янгиликлар