• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +19°C
Detail image

Har kuni yuzlab odamlar bir necha ming dollarlarini moliyaviy piramidalarga tikib, kuyib qolishmoqda. Qancha ogohlantirilmasin, bong urilmasin, odamlar baribir aldanishda davom etyapti. O‘nlab aldov loyihalar huquq posbonlarining “burunlari ostida” gurkirab bormoqda. Ammo ularni to‘xtatadigan na bir tashkilot, na bir idora yo‘q, borlari ham “jabrlanuvchi yoki ariza yo‘q” degan bahona bilan o‘zlarini chetga olishadi. Kun.uz tayyorlagan ushbu ko‘rsatuvda firibgarlik va birovlarni talash ustiga qurilgan o‘nlab “biznes”lar haqida gap boradi.  

Og‘zi kuyganlar qatiqni puflab ichmayapti  

O‘zbekistonda moliyaviy piramidalar soni kundan kunga ortib bormoqda. Afsuski, odamlar biriga chuv tushib, ikkinchisiga yana ishonishda davom etmoqda.

2024 yilning boshida “Parker” nomli moliyaviy piramida avj oldi. Kun.uz loyiha avj olgan palladayoq bu moliyaviy piramida ekani haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Ammo viloyatlarda ham filiallari ochilganini, hatto shu yo‘nalishda MChJlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini ko‘rgan odamlar topganini shu loyihaga – powerbank ijarasiga tikdi. Oxir-oqibat esa ko‘plab insonlar aldanib qoldi.  

Shundan so‘ng internetda “Sun Eco” nomli yana bir shubhali loyiha paydo bo‘ldi. Unda odamlar quyosh panellariga pul tikishga chaqirildi

Bugun “Parker” va “Sun Eco” kabi O‘zbekistonda faol targ‘ibot qilinayotgan, faoliyati turlicha bo‘lsa-da, asosi va maqsadi bitta – odamlarni chuv tushirish bo‘lgan bir nechta loyihalarga to‘xtalamiz.

Tabiat g‘amxo‘ri niqobidagi “qopqon”

“Blue culture” nomi bilan ommalashib borayotgan loyihaning ishlash uslubi “powerbank ijarasi”dan daromad olishni taklif etib, ko‘plab odamlarni chuv tushirgan “Parker”niki bilan bir xil: qancha ko‘p pul tiksangiz, shuncha katta daromad. Afsuski, qarmoq uchidagi mana shu “xo‘rak”ka ilinayotganlar soni kundan kunga ortib bormoqda.

“Blue culture”ning O‘zbekistonga kirib kelishi boshqa moliyaviy piramidalarnikiga o‘xshash. Ayni paytda viloyatlarda loyihaning hududiy ofislari ochilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot ishlari boshlab yuborilgan. 

Loyihani targ‘ib qilish ishlari hatto ta’lim maskanlarigacha kirib borganini ko‘rish mumkin.

Barcha moliyaviy piramidada loyihaning asl maqsadini yashirib turuvchi “tashqi qobiq” bo‘ladi. Masalan, “Parker”da ushbu vazifasini powerbank ijarasi bajargan. “Blue culture” esa “tashqi qobiq” sifatida tabiatga g‘amxo‘rlikdan foydalanmoqda.

Loyiha targ‘ibotlarida keltirilishicha, “Blue culture” kompaniyasi 2023 yilda Nyu-York shahrida tashkil etilgan bo‘lib, asosan uglerod nuqtalarini yig‘ish va sotish bilan shug‘ullanadi. Uglerod neytralligiga erishish uchun har bir kishi kompaniyaga qo‘shilib, kam uglerodli va ekologik toza xatti-harakatlar orqali shaxsiy uglerod ballarini olishi mumkinligi aytiladi.

Ya’ni foydalanuvchi kompaniyaga qo‘shiladi, pul tikadi, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kundalik harakatlarini bajarish orqali ball oladi hamda ushbu ballarni dollarga aylantiradi. 

Loyihaning darajalar va daromadlar jadvaliga ko‘ra, CNT1 darajasiga 100 AQSh dollari tikkan odam kuniga 3, oyiga esa 90, yiliga 1080 dollar daromad oladi. CNT2 darajasida esa 500 dollar tikib, kuniga 15, oyiga 450 hamda yiliga 5400 dollar foyda ko‘rish taklif etiladi. Bu yillik ming foizdan ortiq degani. Shuning o‘ziyoq bu loyiha “qopqon” ekanini ko‘rsatib turibdi aslida.

“Sovg‘a bering, sovg‘a oling”

“Dari poluchay” loyihasi o‘z moliyaviy piramidasini shu shior ustiga qurgan: bering va oling. Asosan Telegram botda ishlaydigan loyiha asoschilari bu biror kompaniya ham, tarmoq biznesi ham, moliyaviy piramida ham emasligini ta’kidlashadi. Loyihaga xalqaro hamjamiyat “to‘ni kiydirilgan”.

Shartlar esa oddiy: 7 ta sovg‘alar doskasi yaratilgan. Foydalanuvchi har bir doskada bir marta sovg‘a berib, 8 kishidan sovg‘a olishi mumkin ekan. Doskalarga pul tikish miqdori esa oshirib borilgan. Masalan, birinchi doskaga 150 ming so‘m tikib, sovg‘a sifatida 1,2 mln so‘m olish taklif etiladi. Bronza doskada 450 ming tikib, 3,6 mln so‘m, kumush doskada 1,5 mln so‘mga 12 mln so‘m, shu tariqa miqdor oshib borib, yettinchi titanli doskada 150 mln so‘m tikib 1,2 mlrd so‘m foyda ko‘rish aytilgan.

Shuningdek, foydalanuvchi loyihaga odam qo‘shishi kerak. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, foydalanuvchi oladigan qariyb ming foizlik daromad loyihaga yangi odamlarni qo‘shish orqali keladi. Ya’ni shartga ko‘ra, sovg‘a qabul qiluvchining o‘rniga borish uchun siz sovg‘a qiymati bo‘yicha bir xil bo‘lgan 1 nafar ishtirokchini yoki cheksiz xamkorlarni shaxsan taklif qilishingiz kerak bo‘ladi. Bu esa yaqqol moliyaviy piramida.

Hozirda O‘zbekistonda “Dari poluchay”ning ham targ‘iboti faol olib borilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda loyihaning o‘nlab o‘zbek guruh va kanallari ishlab turibdi.

“Boshlig‘i” yo‘q loyiha

O‘zbekistonda faol targ‘ibot qilinayotgan navbatdagi moliyaviy piramida bu – “Charoit”. Loyihadagi “qopqon” quyidagicha: unda boshliq yo‘q, hamma teng va barcha foyda olishi mumkin.

“Charoit” shartlari quyidagicha: loyihada char nomli ichki pul bor. Telegram botda ro‘yxatdan o‘tasiz, shaxsiy kabinet ochasiz. Bunda ham bir necha bosqichlar bor. 100 ming so‘m tikib, birinchi bosqichdan joy olasiz hamda ikkita tanishingizni taklif etasiz. To‘lov qilasiz, foizi bilan qaytarib olasiz. 

“Charoit”da birinchi bosqichda 100 ming so‘m tikib, 600 ming so‘m foyda olish taklif etiladi.

Barcha moliyaviy piramidalar kabi keyingi bosqichlarda tikiladigan pul va daromad miqdori oshirib boriladi. Daromad foydalanuvchining shaxsiy kabinetida yig‘ilib borishi va uni plastik kartaga o‘tkazib olish mumkinligi aytiladi.

Tarmoq biznesimi yoki “qarmoq biznesi”?

“Ubuntu” loyihasini katta daromad manbai – tarmoq biznesi deya targ‘ib qilishmoqda. Ammo bu loyihada na biznes, na boshqa narsa bor, shunchaki pul tikish, odam qo‘shish va katta daromad olish taklif etiladi.

Mazkur loyihaning ishlash uslubi ham yuqoridagilarga o‘xshaydi: bir nechta bosqichlar – doskalar bor. Pul tikasiz va boshqalarni qo‘shish hisobiga daromad olasiz. Masalan, birinchi pog‘ona – mis bosqichida 12,5 dollar tikib, 100 dollar sovg‘a olish taklif etiladi. Oxirgi bosqichda esa 20 ming dollarga 160 ming dollar sog‘a!

Mazkur loyihaga ko‘plab odamlar pul tikmoqda, o‘zining do‘st va qarindoshlarini, yaqinlarini ishontirib, pul tikishga ko‘ndirmoqda. Biroq “Ubuntu” ham o‘z nuqtasiga yetganida, shubhasiz, qumga tomgan tomchidek bir lahzada g‘oyib bo‘ladi. Sababi, uning moliyaviy piramida ekani kundek ravshan.  

“Kooperativ savdo” ortiga yashiringan “Imalliance”

O‘zbekistonliklar yaqin oylarda chuv tushishi mumkin bo‘lgan navbatdagi moliyaviy piramida “Imalliance” hisoblanadi.

Loyiha targ‘ibotchilarining keltirishicha, kompaniya 2018 yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi AQShning Kolorado shahrida joylashgan, u Amerika qit’asida eng yirik Internet ma’lumotlarini targ‘ib qiluvchi kompaniya hisoblanar ekan. “Imalliance”ning asosiy faoliyati elektron tijorat platformalarida mahsulotni ilgari surishdan iborat ekani aytiladi. Go‘yoki, siz qo‘ygan mehnat depoziti kooperativ savdo do‘konidan mahsulot sotib olishga sarflanadi, xarid muvaffaqiyatli bo‘lgandan so‘ng savdogar “Imalliance” kompaniyasiga komissiya to‘laydi. Har bir inson har kuni “Imalliance”ning buyurtma topshiriqlarini bajarish orqali komissiya olishi mumkin.  

Qayd etilishicha, kompaniya foydalanuvchining mablag‘lari va daromadlarini sug‘urta qildi. Agar baxtsiz hodisa tufayli foydalanuvchi manfaatlariga zarar yetkazilsa, “Imalliance” sug‘urtasi tovon to‘laydi. Shuningdek, loyihada boshqa moliyaviy piramidalardan farqli ravishda foydalanuvchilar bir yillik mehnat shartnomasini imzolashi kerakligi aytiladi. Bu ham aslida odamlarni ishontirish uchun “qurol” sifatida foydalaniladigan jihatlardan biri.

“Imalliance”da foydalanuvchi VIP2 darajaga a’zo bo‘lsa, 100 dollar tikib kuniga 4, oyiga 120 hamda yiliga 1460 dollar ishlab olishi mumkin ekan.

Agar u A do‘stini qo‘shsa 10 foiz, ya’ni 10 dollar yo‘naltiruvchi mukofot olishi, A o‘zining B do‘stini qo‘shsa 5 foiz referal mukofot olishi mumkinligi aytilgan. 

Bundan ko‘rinib turibdiki, daromad pul tikish va kimlarnidir loyihaga qo‘shish evaziga keladi. Bu esa moliyaviy piramidaning eng ommabop shakli xolos.

Samolyot bilan “jarlikka” uchish

“Humokapital” loyihasi O‘zbekistonda iqtisodiy o‘yin ko‘rinishida odamlarni o‘ziga jalb etishni maqsad qilgan. Boshqa moliyaviy piramidalardan farqli ravishda bu loyihaning sayti bor. U yerda foydalanuvchilarga samolyot sotib olish ko‘rinishidagi o‘yin orqali daromadga ega bo‘lish taklif etilmoqda.

O‘yinga qo‘shilish uchun turli darajadagi samolyotlarni sotib olish kerak bo‘ladi. Shuningdek, loyihada 3-x darajali sheriklik dasturi taklif etiladi. Loyihada hamma narsa avtomatik rejimda ishlashi ma’lum qilingan.

 O‘yin 12 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda 42 ming so‘mga ikki oy muddatga sotib olinadigan samolyot oyiga 56 foizlik daromad keltirishi aytiladi. Shu tariqa bosqichga qarab tikiladigan summa va ko‘riladigan daromad oshirib borilgan. Eng oxirgi bosqichda 1,4 mln so‘mga 20 kun muddatga samolyot olish mumkin. Uning oylik daromadi 176 foizga tengligi ko‘rsatilgan.

Shakli boshqacha bo‘lgani bilan “Humokapital” ham mohiyatan boshqa moliyaviy piramidalar bilan bir xil: yuqori daromad bilan odamlarni qiziqtirish va oxir-oqibat chuv tushirish.

“Sherik toping va foyda oling”

O‘zbekistonda “New Millenium” loyihasiga ishonayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biroq bu loyihaning moliyaviy piramida ekanligi uning ishlash uslubida yaqqol namoyon bo‘lib turibdi.

 “New Millenium”da foydalanuvchining daromad olishi “zanjirli” uslubga asoslangan: siz odam topasiz va loyihaga qo‘shasiz, o‘z navbatida ular ham odam qo‘shadi hamda shu tariqa tikilgan puldan daromad shakllanadi.

Targ‘ibot tadbirlarida keltirilishicha, kompaniyada 5 ta aktiv daromad keltiradigan va 3 ta jamg‘arib boriladigan passiv daromad keltiruvchi dasturlardan bosqichma-bosqich o‘tib boriladi. Go‘yoki, foydalanuvchi besh bosqichli yo‘lni bosib o‘tadi va mol-mulkka, katta miqdordagi pulga ega bo‘ladi.

“1000 rubl sarmoya va cheksiz daromad”

“DREAM reklamnaya platforma” loyihasi odamlar qulog‘iga shunaqa “lag‘mon ilmoqda”.

Bir nechta tariflardan iborat ushbu loyihada ham foydalanuvchilarga loyihaga odam qo‘shish hisobiga ularning tikkan pulidan daromad olishi taklif etilmoqda.

“DREAM reklamnaya platforma”sining ishlash uslubi boshqa moliyaviy piramidalarniki kabi bosqichlardan iborat: pul tikib kirasiz va siz qo‘shgan odamlar hisobiga daromadga chiqasiz. Bu mehnat qilib topilgan pulni ochiqchasiga birovga tutqazib yuborganday gap.

Biz shunchalik soddamizmi?

Xalqaro moliyaviy piramidalar yoki ular ko‘rinishidagi loyihalar asosan Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, O‘zbekistonga “in qurib” olmoqda. Albatta, bunga sabab bo‘luvchi omillar ko‘p. Shulardan biri moliyaviy savodxonlikning pastligi.

O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, faoliyati davlat tomonidan tartibga solinadigan, daromadi ham davlat tomonidan muayyan tarzda kafolatlangan banklar hamda moliya tashkilotlari milliy valuta – so‘mda ko‘pi bilan 25 foizgacha, xorijiy valuta (dollarda) 10 foizgacha daromad taklif qiladi. Mohiyati moliyaviy piramidadan iborat qisqa muddatli yuqoridagi loyihalarda esa “xo‘rak” sifatida yillik 300-400, hatto ming foizgacha foyda taklif etiladi. Bu na biznes qoidalariga va na eng oddiy mantiqqa to‘g‘ri keladi. Moliyaviy savodxonligi deyarli nolga teng sodda xalq esa bu raqamlarni ko‘rgach, tabiiyki, shoshib qoladi, bor-budini olib borib topshiradi. 

Nega ular O‘zbekistonda bemalol ishlab yuribdi?

Gap shundaki, aksariyat moliyaviy piramidachilar tadbirkor niqobiga kirib olgan. O‘zbekistonda siyosat tadbirkorlarga erkinlik berish, ular faoliyatiga aralashmaslik prinsiplariga qarab ish tutadi.

Har qancha shubhali bo‘lmasin moliyaviy piramidalarga ham tadbirkorday qarab, ular faoliyatiga aralashilmayapti. Ko‘p hollarda huquq organlari jabrlanuvchilarning arizalari yo‘qligi vaji bilan bu kabi qing‘ir ishlarga e’tibor qaratmaydi. Ammo bu to‘g‘ri emas.

Aslida kiberjinoyatlardan odamlarni himoyalovchi o‘nga yaqin idoralar bor: Kiberxavfsizlik markazi, IIV tuzilmalari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, soliq organlari, banklarning kiberxavfsizlik bo‘yicha tuzilmalari, Markaziy bank va hokazo. O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, bu idoralarning birortasida aynan shubhali biznes loyihalarni kuzatadigan, ularning faoliyatini shubhaga qo‘yadigan hamda bu bo‘yicha tezkor choralar ko‘radigan bo‘lim yoki bo‘linma mavjud emas ekan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 1881-moddasida pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatni amalga oshirish, mazkur faoliyatda ishtirok etishga jalb qilish maqsadida ushbu faoliyatni reklama qilish bo‘yicha javobgarlik belgilangan. Biroq firibgarlar tomonidan O‘zbekistonga olib kirilayotgan aksariyat moliyaviy piramidalar kripto-aktivlarda mablag‘larni jalb qilayotgani noqonuniy faoliyatni isbotlashni murakkablashtirmoqda.

Moliyaviy piramidalarga qarshi xorij tajribasi

Ko‘plab davlatlarda shabhali operatsiyalarni amalga oshiruvchi firmalar agar ularning shubhali moliyaviy harakatlari sezilsa, darhol aniqlash va tekshirish uchun vakolatli huquq organiga berish amaliyoti bor. Shuningdek, moliyaviy piramida bo‘lgan loyihalar ro‘yxati yuritiladi.

Masalan, Qozog‘istonda alohida davlat tashkiloti – Moliyaviy monitoring agentligi mavjud va aynan ular tomonidan moliyaviy piramidalar ro‘yxati yuritiladi.

Rossiyaning Markaziy banki veb-saytida ham moliyaviy bozorda noqonuniy faoliyat belgilari aniqlangan kompaniyalar ro‘yxati yuritiladi. Saytda deyarli har kuni 10 ga yaqin soxta loyihalar va platformalar bo‘yicha materiallar joylashtiriladi. Ushbu kompaniyalardan ma’lum muddat ichida e’tiroz kelib tushmasa (odatda e’tiroz bo‘lmaydi, chunki bu turdagi kompaniyalarni manfaati ortidan biror shaxs o‘zini ochiqlab kelmaydi) ular faoliyati to‘g‘ridan to‘g‘ri huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvga olinadi. Bu orqali odamlarning soxta loyihalar, moliyaviy piramidalar bo‘yicha xabardorligi oshirib boriladi.

O‘zbekistonda ham shu kabi choralar ko‘rilishi, moliyaviy piramida bo‘lgan loyihalarning “boshini silash” o‘rniga ularga qarshi ogohlik targ‘ibot tadbirlari bilan cheklanib qolmasdan, keskin kurashish vaqti allaqachon yetib kelgan.

Kun.uz qo‘lga kiritgan ma’lumotda ayni kunda respublika hududida 500 mingdan ortiq fuqarolar 60 dan ziyod ana shunday katta va kichik aldov loyihalarga chuv tushish arafasida turibdi.

Kun.uz yurtdoshlarimizni yana bir bor kafolatlanmagan va xavfli loyihalarga pul tikmaslikka chaqiradi. Shu bilan birga, asosiy vazifasi xalqni turli qonunsizliklardan, muttaham va o‘g‘ri-firibgarlardan asrash bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vijdonli rahbarlari, xodimlari hali ham borligiga umid bildirib qoladi. Yana ham kim bilsin...

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ўхшаш янгиликлар