• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +32°C
Detail image

Portugaliya hukumati prezident Marselu Rebelu de Souzaning mustamlakachilik o‘tmishi va qulchilik uchun tovon to‘lash haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlamadi.

Foto: Unsplash

Portugaliya hukumati Afrikadagi sobiq mustamlakalariga tovon to‘lash jarayonini boshlashdan bosh tortdi, deb xabar berdi Reuters 27 aprel kuni. Yetkazilgan zararni qoplash zarurligi haqida avvalroq mamlakat prezidenti Marselu Rebelu de Souza ma’lum qilgandi.

Agentlik tomonidan keltirilgan hukumat bayonotida aytilishicha, u «o‘zaro munosabatlarni chuqurlashtirish, tarixiy haqiqatni hurmat qilish va qardosh xalqlarning yarashuviga asoslangan tobora qizg‘in va yaqin hamkorlikka intiladi». Biroq, avvalgi hukumatlar singari, uning kompensatsiya to‘lash uchun «aniq harakatlar jarayoni yoki dasturi yo‘q». 

Shu bilan birga, hukumat sobiq mustamlakalar bilan munosabatlarni «haqiqatan ham a’lo» deb atadi hamda ta’lim, til, madaniyat, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikka e’tibor qaratdi. 

Portugaliya prezidenti mamlakat mustamlakachilik davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgar ekanligini aytdi va «xarajatlarni to‘lashga» chaqirdi. Xususan, u sobiq mustamlakalarning qarzlarini hisobdan chiqarish va ularni moliyalashtirishni taklif qildi. Bu o‘ng qanot partiyalarning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi, deya qayd etadi Reuters. 

Portugaliyaning mustamlakachilik o‘tmishi 

Portugaliyaning mustamlakachilik davri besh asrdan ortiq davom etdi. 15-19 asrlar orasida taxminan olti million afrikalik Portugaliya kemalarida Atlantika okeani bo‘ylab majburan olib o‘tildi va qullikka, asosan Braziliyaga sotildi. Portugaliya mustamlakalariga Angola, Mozambik, Braziliya, Kabo-Verde, San-Tome va Prinsipi, Sharqiy Timor va Osiyodagi ayrim hududlar kiradi. 

Lissabon tomonidan boshqarilgan Afrika davlatlarining dekolonizatsiyasi 1974 yilda, «Chinnigul inqilobi»dan bir necha oy o‘tgach boshlangan. Inqilobda Yevropadagi eng uzun diktaturani ag‘darildi va Portugaliyada demokratiya jarayoni boshlandi.

Ўхшаш янгиликлар