• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +19°C
Detail image

Bugun, 29 aprel – o‘zbek futboli va sporti uchun tarixiy kunga aylanishi mumkin. Osiyo kubogi U23 yarimfinali doirasida O‘zbekiston olimpiya jamoasi Parij Olimpiadasi va final yo‘llanmasi uchun Indoneziyaga qarshi saf tortadi. Temur Kapadze murabbiyligidagi jamoamizda o‘zbek futbolida tarix yaratib, oltin avlodga aylanish imkoniyati bor.

Yarimfinalgacha jamoalar qanday yetib keldi?

O‘zbekiston olimpiya jamoasi Osiyo kubogi U23 turniri guruh bosqichini Malayziya ustidan g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa, keyingi ikki turda Kuvayt va Vetnam yirik hisoblarda mag‘lub etildi. Bu esa Temur Kapadze shogirdlariga guruh bosqichini eng yaxshi natija – +10 gollar nisbati bilan yakunlab, muddatdan avval pley-offga chiqishini ta’minladi. Chorakfinalda esa O‘zbekiston 2022 yilgi Osiyo kubogi U23 finalida Saudiya Arabistonidan uchralgan alamli mag‘lubiyat uchun revansh oldi va yarimfinalga chiqdi.

Turnir kashfiyotiga aylangan Indoneziya esa Qatardagi musobaqani mezbonlardan uchralgan mag‘lubiyat bilan boshlagan edi. Qolgan ikki turda Avstraliya va Iordaniya ustidan erishgan kutilmagan g‘alabalar esa indoneziyaliklarga chorakfinal yo‘llanmasini taqdim etdi. Yarimfinal uchun kurashda esa bu raqib jamoa navbatdagi sensatsiyaga qo‘l urdi – Janubiy Koreya penaltilar seriyasida mag‘lub etildi. Shu tariqa, Indoneziya o‘z tarixida debyut Osiyo kubogida koreyalik mutaxassis Sin Txe Yon boshqaruvida yarimfinalga chiqdi. Bu natija aholisi 275 million kishidan ko‘proq bo‘lgan Indoneziyada futbol bayramiga aylanib ketdi. Bu mamlakatda ham O‘zbekistonga qarshi uchrashuv katta qiziqish bilan kutilmoqda.

O‘zbekiston U23 natijalari:

1-tur. O‘zbekiston – Malayziya – 2:0

2-tur. O‘zbekiston – Kuvayt – 5:0

3-tur. O‘zbekiston – Vetnam – 3:0

Chorakfinal. O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 2:0

Indoneziya U23 natijalari:

1-tur. Indoneziya – Qatar – 0:2

2-tur. Indoneziya – Avstraliya – 1:0

3-tur. Indoneziya – Iordaniya – 4:1

Chorakfinal. Indoneziya – Janubiy Koreya – 2:2 (penalti – 11:10)

O‘zaro o‘yinlarda ustunlik

Temur Kapadze boshchiligidagi olimpiyachilarimiz Indoneziya bilan so‘nggi va yagona marta bir yil avval – 2023 yilning 28 sentabr kuni Osiyo O‘yinlari 1/8 finalida o‘zaro ro‘baro‘ kelishgandi. O‘shanda Sherzod Esanovning qo‘shimcha bo‘limlarning 92 va 120+1-daqiqada kiritgan goli O‘zbekiston olimpiya jamoasiga chorakfinal yo‘llanmasini taqdim etgandi.

Avvalgi urinishlar

O‘zbekiston futbol bo‘yicha o‘z tarixida hali Olimpiadaga chiqa olmagan. Olimpiyachilarimiz 2012 yilda Vadim Abramov boshqaruvida London Olimpiadasiga yo‘llanma olishga juda yaqin kelgan, ammo BAA bilan o‘yinning birinchi bo‘limida 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotgan vakillarimiz ikkinchi bo‘limda 3ta to‘p o‘tkazib yuborib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘ldan boy bergandi.

Shundan keyin, Osiyo kubogi U23 turnirining so‘nggi uchtasida O‘zbekiston ikki marta finalga chiqqan va 2018 yil Ravshan Haydarov qo‘l ostida chempionlikni qo‘lga kiritgan, 2022 yil esa Temur Kapadze murabbiyligidagi finalda Saudiya Arabistoniga mag‘lub bo‘lib, vitse-chempionga aylangan bo‘lsa-da, o‘z tarixida hali Olimpiadaga chiqmagan. Sababi jamoamiz Olimpiada yo‘llanmasini bermaydigan yillarda turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan, Tokio-2020 yo‘llanmasi tikilgan turnirda esa Lyubinko Drulovich murabbiyligida 3-o‘rin uchun bahsda Avstraliyaga yutqazgan (0:1) edi.

Transfer bahosi: Abbosbek Fayzullayev butun boshli Indoneziya tarkibidan qimmatroq

O‘zbekiston olimpiya jamoasi bu yilgi Osiyo kubogining eng qimmatbaho jamoasi sanaladi – 17,35 million yevro. Indoneziya yoshlari esa 4,80 million yevro narx bilan bu borada turnirda 6-o‘rinda qayd etilgan.

E’tiborlisi, Transfermarkt portaliga ko‘ra, birgina Abbosbek Fayzullayevning transfer bahosi (5 mln yevro) Indoneziyaning butun boshli tarkibidan (4,8 mln yevro) qimmatroq sanaladi.

O‘zbekiston U23 jamoasining eng qimmat 3 futbolchisi:

1. Abbosbek Fayzullayev – 5 mln yevro

2. Abduqodir Husanov – 2 mln yevro

3. Hojimat Erkinov – 800 ming yevro.

Indoneziya U23 jamoasining eng qimmat 3 futbolchisi:

1. Rizqi Ridho – 5 mln yevro

2. Natan – 350 ming yevro

3. Ivar Jyenner – 300 ming yevro.

Anons

Osiyo kubogi U23. Yarimfinal

29 aprel (dushanba)

O‘zbekiston U23 – Indoneziya U23

Stadion: Doha, «Abdulloh Bin Xalifa»

Uchrashuv boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: Sport.

O‘zbekiston olimpiya jamoasining Indoneziyaga qarshi asosiy tarkibi:

Ўхшаш янгиликлар