• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +17°C
Detail image

Kompaniya 2024 yilda 29,3 mlrd kub tabiiy gaz qazib olishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning bu boradagi ko‘rsatkichlari ketma-ket 3 yildan beri pasayyapti.

Foto: O‘zbekneftgaz

2024 yilgi davlat dasturida “O‘zbekneftgaz” AJ 2024 yilda 29,3 mlrd kub tabiiy gaz qazib olishi qayd etilgan. Buning uchun bir qator geologik-texnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Xususan, 95 ta ishlatish qudug‘ini burg‘ilash, 81 ta quduqda murakkab turdagi kapital ta’mirlash ishlarini olib borish hisobiga ularni ishlab chiqarishga qaytarish choralari ko‘riladi, 42 ta texnologik tadbirlar amalga oshiriladi.

“O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni pasaytirib kelmoqda

Kompaniya 2021 yilda 33,9 mlrd kub, 2022 yilda esa 32,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olgan. Agar 2024 yilda 29,3 mlrd kub metrlik prognozni hisobga olsak, 3 yil ichida kompaniya gaz qazib olishni 13,6 foizga pasaytirgan bo‘ladi.

Hozircha 2023 yil uchun raqamlar rasman e’lon qilinmadi, ammo “O‘zbekneftgaz” mazkur yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognozini o‘tgan yili 2 marta pasaytirdi.

Avvaliga, 2022 yil oxirida kompaniya rasmiylari 2023 yilda 34,1 mlrd kub metr gaz qazib olish, jumladan, geologiya-qidiruv ishlari hisobidan 1,8 mlrd kub metr gaz qazib olish rejalashtirilganini aytgandi. Ammo (2023 yil) fevral oyida prognoz 32,8 milliard, avgustda esa 32,3 milliard kub metrgacha qisqartirildi.

Kompaniya raisi o‘rinbosari Behzod Usmonov buni konlardagi zaxiralarning qisqarishi bo‘yicha qilingan prognozlar o‘zini oqlamagani sababli sodir bo‘lgani bilan izohlagandi. “Ular jadal sur’atda qisqarib bormoqda”, degandi u.

O‘zbekistonda gaz qazib olish ketma-ket beshinchi yil pasaydi

2024 yil yanvar oyida 4 mlrd kub metr gaz qazib olindi, bu o‘tgan yilning yanvariga nisbatan 7,4 foizga kam. Rasmiy statistika gaz qazib olish ketma-ket beshinchi yil pasayganini ko‘rsatmoqda.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda 53,8 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 51,7 mlrd kubga, 2023 yilda 46,7 mlrd kubga tushgan.

Umuman, ketma-ket besh yildan beri O‘zbekistonda gaz qazib olish ko‘rsatkichi pasayish tendensiyasini namoyon qilib kelyapti. Rasmiy statistika 2020 yil yanvarida 10 foiz, 2021 yil yanvarida 4,4 foiz, 2022 yil yanvarida 2,4 foiz, 2023 yil yanvarida 7,5 foiz, 2024 yil yanvarida 7,4 foiz tushishni qayd etgan.

Ўхшаш янгиликлар