• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +18.9°C
Detail image

Amerikalik mulozimlar CBS muxbiriga aytishicha, Eron Damashqdagi konsulxonasiga aviazarbaga javoban 12 aprel kuniyoq Isroilga hujum qilishi mumkin. Hujumda 100 dan ortiq dronlar va o‘nlab raketalar ishtirok etishi kutilmoqda. Avvalroq Amerikadagi The Wall Street Journal nashri ham Eron yaqin 48 soat ichida Isroilga hujum qilishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi.

Foto: Reuters

Eron 12 aprel, juma kuniyoq Isroilga yirik hujum uyushtirishi mumkin, deb xabar bergan CBS telekanali amerikalik ikki rasmiyga tayanib. Bu hujum Isroil harbiy-havo kuchlari Damashqqa yo‘llagan aviazarba oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti zobiti halok bo‘lganiga Tehronning javobi bo‘ladi.

Nashr suhbatdoshlari tak’kidlashicha, Eronning nishoni Isroildagi harbiy obektlar bo‘ladi, qasos aksiyasida esa 100 dan ortiq pilotsiz uchish apparatlari va o‘nlab raketalardan foydalaniladi. Amerikalik mulozimlar isroilliklar bunday ko‘lamdagi hujumdan himoyalanishi qiyin bo‘lishini ham aytishgan.

11 aprel kuni Wall Street Journal nashri Isroil yaqin 24–48 soat ichida Eron tomondan mamlakat janubi yoki shimoliga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini xabar qilgandi. Shu bilan birga Axios manbalari eronliklar hujumi mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirmaslik uchun cheklangan darajada bo‘lishini qayd etgandi. Politico ham Eron AQSh aralashuviga olib keladigan mintaqaviy mojaro qo‘zg‘atmoqchi emasligi haqida signal berish uchun Isroil bo‘ylab yirik javob zarbasi yo‘llash bo‘yicha rejasiga o‘zgartirish kiritganini ma’lum qilgan.

Nima bo‘lganda ham amerikalik mulozimlar Eronning javob zarbasi muqarrar ekanini aytishmoqda. 11 aprel kuni AQSh Davlat departamenti Isroilda bo‘lib turgan o‘z fuqarolarini raketa zarbalaridan yaxshiroq himoyalangan yirik shaharlardan tashqariga chiqishdan tiyilishga chaqirgandi.

Shu kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari general Erik Kurilla Eronning kutilayotgan zarbasi bilan bog‘liq harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Isroilga tashrif buyurdi, Pentagon rahbari Lloyd Ostin esa isroillik hamkasbi Yoav Galant bilan telefon muloqoti o‘tkazib, uni «doimiy qo‘llab-quvvatlashi»ni va’da qildi.

  • 1 aprel kuni kechqurun Isroil mudofaa armiyasi Damashq bo‘ylab aviazarba yo‘llagandi. Eron va Suriya hukumatlari Isroil harbiy-havo kuchlari nishoni Eronning ushbu arab respublikasidagi konsulxonasi bo‘lganini ma’lum qilgan. Isroil hukumati odatda Suriya va Livan bo‘ylab zarbalarini tasdiqlamaydi va inkor ham etmaydi, ammo bu zarbadan keyin yakson etilgan bino diplomatik maqomga ega bo‘lmaganini ta’kidladi.
  • Aviazarba oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining ikki nafar yuqori martabali generali hamda besh nafar zobiti halok bo‘lgan. Tehron darhol javob choralari ko‘rish huquqini o‘zida qoldirishini ma’lum qildi. Eron tomonidan tahdid fonida Isroil hukumati havo hujumidan mudofaa tizimlarining zaxiradagi operatorlarini safarbar qilib, harbiy xizmatchilar uchun ta’tilni bekor qildi va mamlakatning markaziy qismlarida GPS signallarini o‘chirib qo‘ya boshladi.

Ўхшаш янгиликлар