• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +17°C
Detail image

Yaqinda migrantlarga qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlarni nazarda tutuvchi farmon qabul qilindi. Unda 2 yil ichida 600 ming odamni xorijga ishga jo‘natish, ularning ayrim xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lanishi kabi yangiliklar ko‘zda tutilgan. Kun.uz soha ekspertlari bilan hujjatda qayd etilgan vazifalar realizatsiyasi va e’tibordan chetda qolayotgan muammolar haqida suhbatlashdi.

1 iyundan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning bir qancha xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lanishi kutilmoqda. Bu prezidentning mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirishga oid farmonida belgilandi. Bundan tashqari, bu hujjat bilan yana qator yo‘nalishlarda mehnat muhojirlariga yengillik va yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda.

Ammo hujjatni tahlil qilgan mutaxassislar inobatga olinishi kerak bo‘lgan jihatlar haqida gapiryapti. Kun.uz farmonning shu nuqtalarini muhokama qilish uchun huquqshunoslar Botirjon Shermuhammad hamda Shohrux Rahmonov bilan suhbatlashdi.

– Ko‘p hollarda migrantlar masalasi, ularning huquqlarini ta’minlash jiddiy qabul qilinmaydigandek ko‘rinadi. Buni Rossiyadagi vatandoshlar bilan bo‘layotgan holatlarga O‘zbekiston hukumatining munosabatidan yoki ancha avval migrantlarni soliqqa tortish taklifi berilganidan biroz anglasa bo‘ladi.

Shu o‘rinda fikrlaringiz qiziq, mamlakatlar uchun xorijdagi mehnat muhojirligida yurgan yoki shu davlatda bo‘lib turgan boshqa mamlakatdan kelgan migrantlarning huquqlarini ta’minlash qanchalik ahamiyatli?

Botirjon Shermuhammad: Buning ahamiyati juda katta. Har qanday vatandosh, O‘zbekiston fuqarosi chetga chiqadimi, mamlakat ichida bo‘ladimi, ularning huquq-manfaatlarini ta’minlash – davlatning birlamchi vazifasi. Boshqa davlat fuqarolari ham ular bilan bir xil huquqlarga ega, albatta, qonunchilikda qandaydir o‘zgarish yoki cheklovlar bo‘lishi mumkin. Lekin o‘zimizning fuqarolarni oladigan bo‘lsak, ular Rossiyada bo‘ladimi yoki boshqa qayerga borsa ham, Tashqi ishlar vazirligi shular bilan shug‘ullanishi kerak, ularning huquq-manfaatlarini himoya qilishi, xat-hujjat bilan muammo yuzaga kelsa, hal qilish bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim.

Ammo afsuski bizning Tashqi ishlar vazirligimizda mana shu yo‘nalish yaxshi rivojlanmagan. Umuman olganda, inson huquqlarini himoya qilish, vatandoshlarimiz bilan muammo kelib chiqqanida shov-shuv bo‘lgan bo‘lsa, munosabat bildiradi, yordam beradi, boshqa qiladi. Lekin odatiy holatda mana shu yo‘nalish yaxshi rivojlanmaganini ko‘ramiz. Konsullar bor, ularning asosiy vazifasi viza, vatanga qaytarish bilan bog‘liq yoki pasport bilan bog‘liq hujjatni rasmiylashtirish bilan o‘tadi.

Lekin biror joyda muammo bo‘lgan vaqtda muammoga uchragan odamni topib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan munosabatga kirishish masalasi yaxshi rivojlanmagan. Umuman olganda, bu bo‘yicha ishlaydigan xodimlarning soni ham kam. Misol uchun, Rossiya, Turkiyani olsak, u yerda vatandoshlarimiz soni juda ham ko‘p. Ya’ni bir necha million odamga u yerdagi elchixonada ishlovchilarning yordam berishi qiyin masala, jismonan ulgurishmaydi. Shunga qaramay ham bu yo‘nalish yaqqol rivojlanmaganini ko‘ramiz.

Har xil vaziyatlar bo‘ladi. Masalan, terakt bilan bog‘liq vaziyatni oladigan bo‘lsak, Tojikiston fuqarolari gumonlanyapti. Lekin biz 2017 yilda namanganlik bir ayolning qamalganini ko‘rganmiz, shunday vaziyatda kim ularning huquqiy himoyasi bilan shug‘ullanadi. Misol uchun, O‘zbekiston fuqarosi og‘ir jinoyatda ayblanayotgan bo‘lsa, ularni kim himoya qiladi? Shunday vaqtlarda mahalliy advokatlar ham ancha-muncha himoya qilishni xohlamaydi, qo‘rqadi yoki fuqaroning uni yollashga moddiy imkoniyati bo‘lmaydi. Shu vaqtda mahalliy aholi, hukumat tomonidan fuqaromizga nisbatan qandaydir emotsiyaga berilayotgan paytda albatta davlat hukumatimiz huquqiy yordam berish bilan shug‘ullanishi kerak. Bu vaqtda fuqaroning o‘zini himoya qilishga imkoniyati juda cheklangan bo‘ladi, faqatgina davlat tomonidan biror narsaga erishish mumkin. Bunday vaziyatda jamoat tashkiloti yordam berolmay qoladi.

Ana endi O‘zbekistonga kelgan migrantlar haqida gapiradigan bo‘lsak, albatta Konstitutsion qonun bo‘yicha ularning ham huquqlari ta’minlanishi kerak. Agar davlat o‘zining asosiy qonunlarida biz har qanday huquq-erkinliklarini ta’minlaymiz degan bo‘lsa, ularning ham huquqlari ta’minlanishi lozim. Lekin davlat birinchi navbatda o‘zining fuqarolari, mehnat bozorini himoya qiladi, ularni ish bilan ta’minlashga harakat qiladi. Undan keyingina boshqa davlat fuqarolariga yengillik berishi mumkin. Va bu yerda yana bir jihati borki, odatda chetdan kelgan fuqarolarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan biror lobbi bo‘lmaydi. Rossiyada umuman olganda migrantlarning lobbisi yo‘q.

Va siyosatchilarga juda bir yengil bo‘ladiki, har qanday jamiyatdagi muammolar, terakt bo‘ladimi yoki boshqa, ularni muhojirlar bo‘yniga qo‘yib, aybdor qilishga harakat qilishadi. Shu yerda ham hukumatimizning yordami kerak ekanini tushunishimiz lozim. Bizda ham shunday, migrantlarning huquqlarini himoya qilaylik deb chiqqan biror siyosatchini ko‘rmaysiz. Chunki bu ish bilan shug‘ullangan siyosatchining siyosiy statusi oshmaydi.

Shohrux Rahmonov: Migrantning huquqi umuminsoniy huquqlarga tegishli. Migrant bo‘lishdan qat’i nazar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham umuminsoniy huquqlarga ega.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan chet ellik shaxslar bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar, masalalar yuzaga kelmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida birinchi o‘rinda ish beruvchilar tomonidan ishchilar bilan tuzilgan, o‘rtada kelishilgan mehnat shartnomasini ko‘rsatish mumkin. Ya’ni mehnat shartnomasi qonuniy to‘g‘ri tuzilmagani yoki unga ish beruvchilarning amal qilmasligini aytish mumkin.

Bundan tashqari, asosiy sabablardan qonunchiligimizdagi O‘zbekiston fuqarolari, umuman rezident va norezidentlarning huquqlari o‘rtasidagi farqlarini aytish mumkin. Mana shu bo‘shliqlar ham O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan chet ellik shaxslarning huquqlarini himoya qilish, talab qilishda ayrim masalalarni keltirib chiqarmoqda.

Asosiy sabablardan yana biri migrantlar huquqlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning professional bilimlari yetarli emasligida. Ya’ni chet ellik shaxsning huquqini himoya qilish O‘zbekiston fuqarosinikini himoya qilishdan yuridik nuqtai nazardan biroz farq qiladi. Ya’ni uning huquqini himoya qilish uchun ayri xalqaro hujjatlarga murojaat qilish kerak yoki O‘zbekiston uni ratifikatsiya qilgan bandlariga amal qilish lozim bo‘ladi. Ko‘p holatlarda undan bexabar bo‘lishlari ham migrantlarning huquqlari buzilishiga olib keladi.

Botirjon Shermuhammad: Endi birinchi navbatda bu O‘zbekistonda mehnat muhojirlari kamligidan. O‘tgan yili [2023 yilda O‘zbekistonda ishlayotgan boshqa davlat mehnat muhojirlarining soni] 17 ming nafar deb e’lon qilingan edi, ya’ni bizda muhojirlar soni unchalik ko‘p emas. Ko‘paygandan keyin shunaqangi muammoli vaziyatlar kelib chiqadi, keyin ular bilan ishlash mexanizmi yaratiladi, e’tibor qaratiladi.

Mehnat muhojirining huquqi inson huquqi bilan uzviy bog‘liq. Ikkalasi ham inson, faqat nomi boshqa. Farqi yo‘q, o‘sha davlatning yoki chet elning fuqarosimi, huquqlar yaxshi ta’minlangan bo‘lsa, mehnat muhojirining ham huquqi yaxshi ta’minlanadi.

Misol uchun, Rossiya. Nima uchun Rossiyada mehnat muhojirlarimizning huquqlarini ta’minlashda muammo yuzaga keladi. Chunki Rossiyaning o‘zida ham fuqarolarining huquqlarini ta’minlashda yetarlicha muammolari mavjud. O‘zbekistonda ham xuddi shunday, O‘zbekistonning o‘zida vatandoshlarimizning haq-huquqlari yetarli darajada ta’minlangani yo‘q. Shu bilan bog‘liq. Hech qaysi jamiyatda fuqarolarning huquqlari yaxshi himoya qilinib, aynan muhojirlarniki tashlab qo‘yilmaydi.

– Aprel boshida mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirishga oid prezident farmoni qabul qilindi. Unda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz uchun qator yangilik va yengilliklar haqida so‘z boradi.

Botir aka, Shohrux aka, mana shu farmon bilan tanishib chiqqaninglarni bilaman. Hujjat bilan migrantlar muammolari qanchalik hal bo‘ladi, sizningcha? 

Botirjon Sheruhammad: Albatta, bu farmon hamma muammoga yechim bera olmaydi. Migratsiya muammosi juda ham keng qamrovli. Bu yerda muammolarni bitta-bitta yechib borish kerak. Asosiy narsa tahlil qilishda. Farmon juda ham katta, 50 varaqqa yaqin, siyosiy dastur sifatida qabul qilsa bo‘ladigan darajada katta farmon qabul qilingan. Bu yerda migratsiya bo‘yicha tadqiqotlar qilish haqida ham alohida bandlar bor. Shu tadqiqotlar natijasiga asosan O‘zbekistonning migratsiya siyosati belgilanishi kerak, qonunchilikni ishlab chiqishda ham ta’siri bo‘lishi kutilyapti.

Yana bir jihati, ma’lum bir muddatda tegishli organlarga O‘zbekistonning migratsiya siyosati bo‘yicha strategiya ishlab chiqish vazifasi berilgan. Ya’ni ilgari hamma narsa tartibsiz qilingan bo‘lsa, endilikda tizimlashtirib, qandaydir 10 yillik strategiya qilib, nima qilish kerakligi bo‘yicha harakat bor. Bundan tashqari, biz juda ko‘p gapirgan jamoatchilik kengashlari haqida gap bor. Hozirgi kunda mana shu farmon jamoatchilik kengashlari bilan muhokama qilinganidan xabarim yo‘q. Lekin juda katta hujjat qabul qilingan. Umid qilamizki, endi jamoatchilik kengashlari tuzilib, muhim hujjatlar muhokamadan o‘tkazilib, qabul qilinadi.

Endi bu yerda 3 ta eng asosiy deb hisoblangan: kasb, til bo‘yicha sertifikatlar, yo‘l chiptasi hamda ishchi viza uchun kompensatsiya berilishi bor. Bu kompensatsiyalar faqatgina tashkillashtirilgan tartibda boradigan mehnat muhojirlari uchun ajratilgan. Ya’ni hamma uchun emas. Faqatgina Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yoki xususiy bandlik agentligi orqali borganlarga kompensatsiya to‘lab beriladi deyilyapti. Nima sababdan o‘zi ketganlarga yo‘q?

2023 yil statistikasini olsak, ko‘p odam xorijga bormagan, 38 ming nafar odam tashkillashtirilgan tartibda ketgan. Butun dunyodagi 2 mln nafar o‘zbekistonlikni hisoblasak, yuqoridagi raqam 2 foizini tashkil qilar ekan. 2 foiz vatandoshimizni tashkillashtirilgan tartibda jo‘natyapmiz xorijga va ularga shunday kompensatsiyalarni bosyapmiz.

Agar davlatimiz kam miqdorda 2-3 foizini yubora olayotgan bo‘lsa, qolganlarni ham hisoblab hammaga birdek yordam qilishimiz kerak. Faqat shuncha odamga yordam qilsak, qolganlar nima qiladi degan savol ham bor. Qolganlar ham bizning vatandoshlarimiz, fuqarolarimiz.

Shohruh Rahmonov: Botir aka, to‘g‘ri aytib o‘tdilar. Davlat migratsiya siyosatida hamma ishchilarni qamrab ololmagani singari, ularning huquqlarini himoya qilishda ham hammasini qamrab ololmaydi. Yuqorida aytilganidek, elchixonalar, konsulxonalarning vakolatlari cheklangan. Bu sohada ko‘plab xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari, Xalqaro migratsiya yoki mehnat tashkilotining vakolatxonalari bormi? [Ularning ham vakolati cheklangan.]

Men faoliyat yuritayotgan “Respublika Istiqbolli avlod” NNT 20 yildan ortiq vaqtdan beri chet elda og‘ir vaziyatda qolgan migrantlarga yordam berib, vatanga qaytarish bilan shug‘ullanadi. Bunday jamoat tashkilotlarining migratsiya siyosatida bevosita hissasi katta. Bizning tashkilot farmonning muhokamasida ishtirok etgan, shaxsan o‘zim ishtirok etganman. Uning muhokamasida o‘zimizning takliflarni berganmiz.

Migrant qanday yo‘l bilan belgilangan davlatga borishidan qat’i nazar qo‘lida O‘zbekiston pasporti bormi, uning Konstitutsion huquqlari ta’minlanishi kerak. Qolgan masalalar keyingi o‘rinlarda turadi. Shuning uchun yuqoridagi farmon bungacha bo‘lgan qonunchilikda ham mazkur sohada o‘zgartirish kiritilishini aytganmiz.

Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Ўхшаш янгиликлар