• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2024 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

YTH ko‘p sodir bo‘ladigan joylarga “radar”lar o‘rnatiladi

Avtomobil yo‘llarida nazorat kuchaytiriladi. Bu haqda davlat rahbarining 2024 yil 26 martdagi tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan boshlab yo‘l bo‘yida joylashgan maktablar oldida, kamida to‘rt tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida, yo‘l-transport hodisalari o‘choqlarida, temiryo‘l kesishmalarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari IIVning «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish markazi tomonidan «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bosqichma-bosqich o‘rnatiladi.

Bunda:

– maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan belgilanadigan joylarga o‘rnatiladi;

– maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladigan joylar YHXX tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishlari hamda yo‘l-transport hodisalarining tahlilidan kelib chiqib belgilanadi.

Fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatiladi

Prezidentning 2024 yil 25 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida Adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmonida 2024 yil 1 iyuldan boshlab fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy qilinishi belgilangan.

Fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish quyidagi tartibda joriy qilinmoqda:

– Adliya vazirligi tomonidan «Madad» NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida «Madad» NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;

– huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi;

– Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi jamoat fondlari hisobidan «Madad» NNTning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq huquqiy maslahat byurolari faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat subsidiyalari ajratib boriladi. 

Shuningdek, 2024 yil 1 iyuldan aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida yangi tartib o‘rnatilmoqda.

Unga muvofiq:

  • Mobile-ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;
  • korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan arxiv hujjatlari o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishida, ularning elektron nusxalarini talab etish amaliyoti bekor qilinadi;
  • avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlangan) va hozir ham amalda bo‘lgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va bu haqida davlat reyestridan ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi;
  • noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.

 Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish maqsadida 2024 yil 1 iyuldan elektron hisoblash mashinalari uchun dastur va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, intellektual mulk obekti ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi QR-kod bilan muhofazalangan elektron hujjat berish tartibi joriy etiladi. 

Farmonda 2024 yil 1 iyuldan 2026 yil 1 iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tartibi joriy etilishi ham nazarda tutilgan. 

Huquqiy eksperiment doirasida:

  • Adliya vazirligi huzurida Oliy apellyatsiya kengashi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi huzurida Apellyatsiya kengashi tashkil qilinadi;
  • apellyatsiya kengashlari ma’muriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ma’muriy hujjatlarini sudgacha ko‘rib chiqish natijasida ushbu hujjatlarni o‘zgartirish, qisman yoki to‘liq bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi, bundan qonunchilikka muvofiq faqat sud tartibida bekor qilinadigan yoki o‘zgartiriladigan hujjatlar mustasno;
  • ma’muriy organlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi ma’muriy hujjatlarini apellyatsiya kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish manfaatdor shaxslarning shikoyatlari hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatishni monitoring qilish natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi;
  • apellyatsiya kengashlarining qarorlari E-qaror elektron tizimida e’lon qilib boriladi, shuningdek, ma’muriy shikoyat bo‘yicha ma’muriy ish yurituvi ishtirokchilariga belgilangan tartibda ma’lum qilinadi va ma’muriy organlar tomonidan ularning bajarilishi majburiy hisoblanadi;
  • apellyatsiya kengashlarining qarorlari yuzasidan manfaatdor shaxs tomonidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin, ma’muriy organlar uchun mazkur qarorlar qat’iy hisoblanadi va ularning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.

Xalqaro brendlar bilan ishlaganlarga imtiyoz beriladi

2024 yil 1 iyuldan boshlab nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga qator imtiyozlar beriladi. Bu haqda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonda belgilab qo‘yilgan.  

Hujjatga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan boshlab nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish va ekologik sertifikatlash xarajatlarini qoplab berish tartibi joriy qilinadi. Shuningdek, bunday korxonalar uch yil davomida nufuzli xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyolar mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan bojxona bojidan ozod etiladi. 

Bundan tashqari, nufuzli xalqaro brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berilgani uchun to‘lovlar undirilishi bekor qilinadi. 

Farmonda davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatida ochiqlik darajasini keskin oshirish va korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish maqsadida 2024 yil 1 iyuldan boshlab davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yirik soliq to‘lovchilar korporativ ijtimoiy mas’uliyat (CSR) hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) holati to‘g‘risida har yili 1 iyulga qadar hisobotni jamoatchilikka oshkor etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ham belgilangan. 

Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi oshiriladi

Davlat rahbarining tegishli qarori bilan 2024 yil 1 iyuldan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanmoqda. Qarorga ko‘ra, ushbu sanadan bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olinadigan ma’lumotlarning yagona bazasini yuritish orqali monitoring qilish tartibi joriy etiladi. 

Shuningdek, 2024 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi tartib o‘rnatilmoqda:

  • MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori balli yer silkinishi sodir bo‘lganda bino va inshootlarning holati bo‘yicha yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olingan ma’lumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi;
  • bino va inshootlarda aniqlangan xavf bo‘yicha zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga axborot kiritiladi;
  • Respublika kengashi uch kun muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda zilzila natijasida aniqlangan bino va inshootlarning zaif nuqtalarini mustahkamlash va xavfni bartaraf etish choralarini belgilab, ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Hujjatda qurilishda davlat nazorati sifatini oshirish maqsadida 2024 yil 1 iyuldan boshlab yangi qurilayotgan obektlarning xavf-xatar toifasini hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy inspektorlarning ish tajribasini inobatga olgan holda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari tashkil etilishi ham belgilangan. 

Dorilar reklamasida yangi tartib o‘rnatiladi

 Prezidentning 2024 yil 24 yanvardagi “Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan dori vositalarini reklama qilishda yangi tartib belgilanmoqda. 

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan boshlab:

a) dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar aholini sifati, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan tashkilot sifatida e’tirof etiladi hamda ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari belgilanadi;

b) dori vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq potensial xavf-xatarlarni tezkor aniqlash va ularga javob berishga qaratilgan, xalqaro standartlar talablari asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi farmakologik nazorat tizimi tashkil etiladi:

«Zarur farmakologik nazorat amaliyoti — GVP» standartini joriy etish;

Sog‘liqni saqlash vazirligida tibbiyot tizimining barcha bo‘g‘inlaridan dori vositalarining nojo‘ya ta’sirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish hamda tahlil qilish imkonini beruvchi elektron axborot tizimini yaratish;

v) dori vositalarini tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etishda ularning xavfsizligini nazorat qilish tizimi joriy etiladi. Bunda, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan farmakologik nazorat tahlili natijalari asosida inson salomatligiga zarar yetkazish xavfi yuqori bo‘lgan moddalar ro‘yxati shakllantiriladi.

Hujjatda keltirilicha, 2024 yil 1 iyuldan boshlab dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarda ularga berilgan litsenziya talablariga rioya etilishini bir yilda ko‘pi bilan bir marotaba vakolatli organni xabardor etish orqali nazorat qilish tartibi joriy etiladi (jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlari bundan mustasno). Dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilish uchun ishlab chiqilgan kontent Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan xulosa asosida efirga uzatiladi.

Shuningdek, yangi tashkil etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar saqlanadigan bojxona omborlari va erkin omborlar majburiy ravishda «Zarur saqlash amaliyoti — GSP» talablariga muvofiq tashkil etiladi.

Boshqa o‘zgarishlar

2024 yil 1 iyuldan boshlab:

  • raqamli texnologiyalar sohasida IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili o‘tkaziladigan tanlov asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki orqali 1 mlrd so‘mgacha grantlarni ajratish tizimi joriy etiladi;
  • portchilar va ularga biriktirilgan trenerlar va boshqa mutaxassislarning barcha ma’lumotlari «ERP Sport» yagona elektron boshqaruv tizimida yuritiladi. Bunda, faqat ushbu tizim orqali olingan ma’lumotlar haqqoniy hisoblanadi. Sportchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tasdiqlovchi (xalqaro sport federatsiya/assotsiatsiyalari talablari bo‘yicha joriy etiladigan hujjatlar bundan mustasno) boshqa har qanday sportchi pasportini joriy etish qat’iyan taqiqlanadi;
  • davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga bo‘ysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi. Shuningdek, korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy qilinadi
  • yuridik shaxslarga yetkazib beriladigan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar 100 foiz oldindan amalga oshiriladi;
  • mahalliy va xorijiy investorlarga berilgan preferensiyalar va imtiyozlarning turlari, muddatlari, tartibi va mas’ul organlarni o‘z ichiga olgan Yagona reyestr yuritiladi;
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlarning ro‘yxati va ularning belgilarini tasdiqlab boradi;
  • xususiylashtirilgan uy-joylarga oid davlat orderlari va ma’lumotnomalar tuman (shahar) hokimliklari tomonidan beriladi;
  • tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti tizimlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga beriladi
  • moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy to‘lovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida «Ijtimoiy himoya» ATda hisobi yuritiladi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar integratsiya qilinadi;
  • vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqiladigan barcha aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari va obektlarning loyiha hujjatlari, shuningdek, ularni kelishish va o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Shaharsozlik geoaxborot tizimiga majburiy joylashtirish tartibi joriy etiladi;
  • onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlarida, shuningdek, ular voyaga yetgunlariga qadar ushbu kasallik bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi;
  • avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda qiymati 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan loyihalar bo‘yicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi. Tender savdolari oferentlari tomonidan takliflar to‘liq raqamlashtirilgan holda kiritiladi.

Ўхшаш янгиликлар