• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +21.5°C
Detail image

Tijorat banklari Olot tumanida kutubxona ochgan Shahnoza Navro‘zovadan ilhomlanib, Toshkent shahridagi 100 ta mahallada kutubxona tashkil etyapti. Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Timur Ishmetovga ko‘ra, bu maskanlar 1 maydan boshlab ketma-ket ishga tushiriladi. O‘zbekistonda kutubxonalar soni 2000 yildagi 6027 tadan 2021 yilda 402 tagacha qisqarib ketgan.

Mirzo Ulug‘bek tumani Munavvarqori MFY kutubxonasi / Foto: Aloqabank

15 ta tijorat banki Toshkentdagi 100 ta mahallada kutubxona tashkil etish harakatini boshladi. Kutubxonalar 1 maydan boshlab ketma-ket ishga tushiriladi.

Bu haqda ma’lum qilgan prezident maslahatchisining o‘rinbosari Timur Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, banklar “Kutubxonachi qiz” Telegram-kanali muallifi Shahnoza Navro‘zova Buxoro viloyatining Olot tumanida kutubxona ochganidan ilhomlanib, bu tashabbusga qo‘l urgan.

Kun.uz avvalroq Shahnoza Navro‘zova bilan suhbat e’lon qilgan edi.

Shahnoza Navro‘zova

Ishmetovning ma’lum qilishicha, Toshkentda boshlanayotgan loyihaga “Mahalla kutubxonasi” deya nom berilgan.

“Ular mahalla uchun ommabop maskanga aylanadimi? Kelajakda ularning sonini ko‘paytirib, yagona tarmoqqa birlashtirish mumkinmi? Ularning uzluksiz ishlashi, kitoblar bilan to‘ldirib turilishi qanday tashkil qilinadi? Ushbu savollar javobi ustida bosh qotiramiz, hozircha boshlayveraylik”, – deya yozdi u X tarmog‘ida.

Loyiha doirasida Sanoatqurilishbank 15 ta, Milliy bank 14 ta, Xalq banki 10 ta, Hamkorbank 8 ta, Ipak yo‘li banki 8 ta, Davrbank 7 ta, Oriyent Finans Bank 6 ta, Trastbank 6ta, Turonbank 6 ta, Aziya Alyans Bank 5 ta, Asakabank 4 ta, Biznesni rivojlantirish banki 3 ta, Infinbank 3 ta, Mikrokreditbank 3 ta, Aloqabank 2 ta mahallada kutubxona ochmoqda. Prezident maslahatchisi o‘rinbosari buning uchun ularga minnatdorlik bildirgan.

Mirobod tumani Qo‘yliq ota MFY kutubxonasi / Foto: Milliy bank

“Jarayonni kuzatib, kutubxonalar ishga tushgach, ularning xizmatidan foydalanib, o‘z fikringizni bildiring (kutubxonalarning aksariyati mahalla binolarida joylashmoqda)”, – deya jamoatchilikka murojaat qildi Timur Ishmetov.

U banklar tomonidan kutubxona tashkil etilayotgan mahallalarning tumanlar kesimidagi ro‘yxatini ham keltirib o‘tdi:

  • Bektemir tumani: Nurafshon, Musaffo mahallalari
  • Mirzo Ulug‘bek tumani: Bog‘imaydon, Mustaqillik, Munavvarqori, Shahriobod, Darhon, Oliy himmat, Alisherobod, Azamat mahallalari
  • Mirobod tumani: Quyliq-ota, Temiryo‘lchilar, Parvona, Salar, Sharof Rashidov, Yuksalish, Oltinko‘l, Tolaqir, Yangi Qo‘yliq, Movarounnahr mahallalari
  • Olmazor tumani: Qichqiriq, Abu Bakr Shoshiy, G‘alaba, Moyariq, Yoshlik, Bo‘stonobod, Guzarboshi, Guruchariq, Universitet, G‘ani A’zamov, Elparvar, Achaobod mahallalari
  • Sergeli tumani: Saxovat, Asrobod, Nilufar mahallalari
  • Uchtepa tumani: Farhod, Jarbuloq, Istirohat, Shaftolizor, O‘tkir, Taqachi, Diyorobod, Vatan, Ko‘kcha-Oqtepa mahallalari
  • Chilonzor tumani: Katta Navbahor, Sharq, Mehrjon, Novza, 3-Charx Kamolon, Bahoriston, Do‘mbirobod, Sharaf, Xonto‘pi, Mevazor, Xirmontepa, Xayrobod, Dilobod mahallalari
  • Shayxontohur tumani: Bo‘ston, Kamolon Darvoza, Gulobod, Beltepa, Gulbozor, Huvaydo, Yangi Kamolon, Ipakchi, Bog‘ ko‘cha, Kichik Xirmontepa mahallalari
  • Yunusobod tumani: Tiklanish, Halqabog‘, Shahriston, Kulolqo‘rg‘on, Iftixor, Turkiston, Yurtobod, G‘ayratiy, Sevinch, Islomobod mahallalari
  • Yakkasaroy tumani: Armug‘on, Yunus Rajabiy, Muqimiy, Rakat, Dilbuloq, Konstitutsiya, Abdulla Qahhor, Bog‘saroy mahallalari
  • Yangihayot tumani: Olchazor mahallasi
  • Yashnobod tumani: Uch chinor, Mohinur, Qalqon, Behizor, Parvoz, To‘ytepa, Iltifot, Qadriyat, Tong, Dilbog‘, Go‘zal, Al-Xorazmiy mahallalari

Kun.uz avvalroq yozganidek, oxirgi 20 yilda O‘zbekistondagi kutubxonalar soni 15 barobarga kamayib ketgan. 2000 yilda respublika bo‘yo‘lab 6027 ta kutubxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilga kelib 402 tagacha qisqarib ketgan.

Ўхшаш янгиликлар