• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +19°C
Detail image

Havers sobiq jamoasini ayab o‘tirmadi. Navbatdagi yirik hisob Arteta jamoasining chempionlik poygasidagi imkoniyatlarini yaxshiladi.

Foto: JULIAN FINNEY/GETTY IMAGES

London derbisida yirik hisob

«Arsenal»  «Chelsi» 5:0
Gollar: Trossar (4), Uayt (52, 70), Havers (57, 65).
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Tomiyasu (Zinchenko, 72), Parti (Jorjinio, 72), Edegor, Rays, Haverts (Gabriel Jyezus, 72), Trossar (Martinelli, 72), Saka (Fabiu Viyeyra, 82).
«Chelsi» – Petrovich, Gilkrist (Tiago Silva, 78), Disasi, Badiashil, Kukurelya, Gallaher, Mudrik (Sterling, 66), Fernandes (Chaloba, 67), Kaysedo, Madueke (Kazadei, 79), Jyekson.
Ogohlantirishlar: Gilkrist (42), Kukurelya (43), Trossar (45), Uayt (76).

«Arsenal» Chempionlar ligasidan chiqib ketganidan keyin APLda ikki o‘yinda jami 7:0 hisobi qayd etdi. Bu safar «kanonirlar» «Chelsi»ni tor-mor etishdi. Mikel Arteta jamoasi birinchi o‘rinda qoldi.

«Chelsi» «Arsenal» bilan o‘zining asosiy yulduzi Palmersiz o‘ynadi – u ayni vaqtda Holand bilan birgalikda APLning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. Koul kasal bo‘lib qolgan. «Ko‘klar» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino o‘yindan oldin bu mavsum Angliya chempionatida 20 gol urgan futbolchining yo‘qligi borasida o‘ziga xos so‘zlar aytgandi:

«Palmer yo‘qligi yaxshi chaqiriq. Boshqa jamoadoshlari uchun. Agar men Koul Palmerning jamoadoshi yoki unga o‘xshash pozitsiyadagi futbolchi bo‘lganimda, menda maydonga chiqish va bu «Koul Palmer» FK emas, balki «Chelsi» FK ekanini ko‘rsatishga harakat qilgan bo‘lardim. Albatta, bu ular uchun yaxshi ibrat – nega unda barchasi o‘xshayapti va nega ularning o‘zi bu ishni qila olmayapti?»

O‘yin ancha qizg‘in boshlandi. Birinchi navbatda, «Arsenal» futbolchilarining sa’y-harakatlari evaziga. Mezbonlarning birinchi hujumidayoq «Chelsi» markaziy himoyachisi Badyashil ortiga uzatilgan to‘pni o‘tkazib yubordi, «ko‘klar»ning sobiq hujumchisi Havers darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi va jarima maydonida yiqitildi. Mehmonlar darvozasiga penalti belgilanishidan laynsmen qutqardi – u bayroqchasini ko‘tarib, hujumchi ofsaydda qolib ketganini ko‘rsatdi.

«Chelsi»ning o‘ng qanotini Gilkrist – Madueke bog‘lami egalladi, odatda bu yerda Gyusto – Palmer dueti harakatlanardi. Va «Arsenal»ning ilk golli hujumi shu qanotdan uyushtirildi. Mezbonlar to‘rtinchi daqiqadayoq darvoza sohasiga yo‘llangan birinchi aniq zarba bilan hisobni ochishdi. Bu hujum chap qanot himoyachisi markazga ko‘chishi bilan kechadigan odatiy uslubda amalga oshirildi. Madueke Tomiyasu va uning hududida ochilgan Raysdan qaysi biriga qarashni bilmay qoldi, Gilkrist unga yordamga yetib borishga urindi, ammo shu vaziyatda Trossar bo‘sh qoldi. Deklan o‘z vaqtida to‘pni belgiyalik hujumchiga yetkazdi, darvozabon Petrovich o‘zi turgan joyga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi.

«Arsenal» urilgan goldan keyin ham ustunlik qilishda va vaziyatlar yaratishda davom etdi, «Chelsi» esa maydonning o‘z darvozasi joylashgan tomonida raqib pressingi ostida juda ko‘p bor to‘p yo‘qotdi. Statistikaga ko‘ra Pochettino jamoasi o‘yinning qo‘proq qismida to‘pga egalik qilgan, ammo faqat maydonning o‘rta qismidagi uzatmalar evaziga. Raqib hududidagi paslar bo‘yicha esa «kanonirlar» raqibdan ikki karra ustunlikka ega bo‘lishdi. Xuddi zarbalar soni kabi. «Chelsi» futbolchilari birinchi bo‘lim davomida biror marta to‘pni darvoza sohasiga aniq tepa olishmadi. Albatta, murabbiyning motivatsiyasiga qaramay, Palmerning o‘rnini yopib bo‘lmaydi. Pochettino jamoasi standartlar va Jyekson ishtirokidagi epizodlardan (u bir necha bor Salibadan qochib ketdi) umid qilishga majbur bo‘ldi. Bir safar uning oldinga tashlanishi va zarbasidan keyin to‘p Magalyansning oyog‘iga tegib yo‘nalishini o‘zgartirgan holda ustunga bordi.

Ikkinchi bo‘limni «Arsenal» yanada kuchli boshladi. Tanaffusdan keyingi ilk daqiqalarda Arteta jamoasi bir necha golli vaziyatlar yaratdi. Jumladan pressing evaziga, shunday vaziyatlardan birida Badyashil juda yomon pas bilan Gallaherni qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi. Rays to‘pni olib qo‘ydi va qarshi hujumni o‘zi yakunladi – Petrovich qutqardi. Keyin esa «Arsenal» APLda standart vaziyatlardan urilgan gollar bo‘yicha yaqqol yetakchi ekanini eslab qoldi. Mezbonlarga ikkinchi golni burchak zarbasi keltirdi. «Chelsi» futbolchilari jarima maydonida g‘alati joylashdi, «kanonirlar» ikkiga bir ustunligiga ega bo‘lishdi, jarima maydoniga kirish joyida ham «Arsenal»ning ikki futbolchisi bo‘sh turdi. Raysning uzoqdan yo‘llagan zarbasi yo‘nalishini Parti Uayt tomon o‘zgartirib yubordi va himoyachi mavsumdagi navbatdagi golini urdi.

Shundan keyin «Arsenal» raqibni qarshi hujumlarda ushladi. O‘yinning birinchi soati o‘tib borayotganidayoq hisob yirik ko‘rinishga kelishi mumkin edi. «Kanonirlar»ning uchinchi goli Magalyans Madueke bilan yakkakurashda to‘pni olib qo‘yib, Haversni oldinga boshlashi orqali urildi, nemis futbolchisini Badyashil va chap qanot himoyachisi Kukurelya quvib yeta olmadi va u osonlik bilan uchinchi golni urib, o‘zini keraksizga chiqargan sobiq jamoasi rahbariyatiga salom yo‘lladi.

Havers bu bilan to‘xtamadi – sakkiz daqiqa o‘tib dubl rasmiylashtirdi. Saka o‘z qanotida to‘pni erkin qabul qilib, Kukurelyani aldab o‘tdi va jarima maydonida germaniyalik jamoadoshini topdi. Badyashil mashg‘ulotlardagidek haykal vazifasini bajardi, Disasi ham yordam bera olmadi. Mehmonlarning serbiyalik darvozaboni navbatdagi bor to‘pni darvoza to‘ridan olib chiqdi.

Pochettino hisob yanada yiriklashib ketmasligi uchun himoyachi Chalobani tushirdi. Shunga qaramay, «Arsenal» beshinchi golni ham urdi. Yana Saka o‘z qanotida to‘pni qabul qilib, Kukurelyani ortda qoldirdi, ammo to‘pni orqaroqdagi Edegorga uzatdi, norvegiyalik esa jarima maydoniga kirib borgan Uaytni pas bilan ta’minladi. Ben darvozabon hududidagi jamoadoshlariga to‘p uzatmoqchi edi, ammo uning pasi chiroyli zarbaga aylanib ketdi. 0:5 – «Chelsi»ning ikkinchi bo‘limdagi o‘yini uchun yomon bo‘lmagan hisob. Zarbalar bo‘yicha yakuniy statistika – 27:7 (darvoza sohasiga borgan zarbalar bo‘yicha – 10:1, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 19:6). Bu — ularning so‘nggi yigirma yillikda «Chelsi»ga qarshi o‘yinlardagi eng yaxshi natijasi. 

«Chelsi» derbida 1986 yildan buyon bu qadar yirik mag‘lubiyatga uchramagandi, o‘shanda ular «KPR»dan 5 ta javobsiz gol o‘tkazgan. «Kanonirlar» uchun bu ushbu raqibga qarshi o‘yinlardagi eng yirik g‘alaba bo‘ldi.

Arteta shogirdlari chempionlik poygasida qolishda davom etmoqda. «Arsenal» hozirda ikkinchi o‘rindagi «Liverpul»dan uch ochkoga, «Manchester Siti»dan to‘rt ochkoga o‘zib ketgan. Klopp shogirdlari chorshanba oqshomida Mersisayd derbisida maydonga tushadi, amaldagi chempionlarda esa ikkita zaxira o‘yini bor. «Arsenal»ni keyingi turda yana bir derbi kutmoqda — jamoa azaliy raqibi «Tottenhem» mehmoni bo‘ladi.

Ўхшаш янгиликлар