• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +22°C
Detail image

Xitoy hukumati talabi bilan Apple bir qator ilovalar – WhatsApp, Telegram, Signal, Line va Threads messenjerlarini xitoycha App Store’dan olib tashladi. Mamlakat kibermakon ma’muriyatiga ko‘ra, mazkur ilovalarning ayrimlari XXR yetakchisi haqidagi «shubhali» siyosiy kontentni o‘zida saqlaydi.

Foto: Reuters

Xitoy hukumati Apple’dan bir qator ilovalar, jumladan WhatsApp, Telegram, Signal, Line va Threads messenjerlarini App Store’dan olib tashlashni talab qildi. Kompaniya ushbu talabni bajarishga rozi bo‘lgan.

Xitoyning kibermakon ma’muriyati Apple’dan WhatsApp va Threads messenjerlarini o‘chirib tashlashni so‘ragan, chunki bu messenjerlar XXR yetakchisi haqidagi «shubhali» siyosiy kontentni o‘zida saqlaydi.

«Biz faoliyat yuritayotgan mamlakatlar qonunlariga, ularga rozi bo‘lmasak ham, rioya qilishimiz kerak», - degan Apple vakili.

Bloomberg ilovalar o‘chirilishini AQSh hukumati mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlash choralarini ko‘rayotgani fonida amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, Bloomberg Pekin bir necha yillardan beri mamlakatda xorijiy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklab qo‘yganini, bu esa WeChat kabi mahalliy ilovalarning bozorda hukmronlik qilishiga yordam berganini ta’kidlagan.

Shu bilan birga xitoylik foydalanuvchilar hali ham VPN orqali xorijiy ilovalardan foydalanishlari mumkin.

Meta kompaniyasi vakili Bloomberg’ga Apple’ning izohlarini havola qilgan, Telegram va Signal vakillari esa ilovalarning do‘kondan olib tashlanishiga izoh berishmagan.

Xitoy hukumati 2023 yilning yozida ishlab chiquvchilardan 2024 yil martigacha mobil ilovalarni tartibga soluvchi organda ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qiluvchi farmonni imzolagandi. Ushbu farmonga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tmagan ilovalar do‘konlardan olib tashlanishi kerak. Bu qaror onlayn firibgarlikka qarshi kurashga qaratilgani ta’kidlangan. 

Mart oyida AQSh Kongressining Vakillar palatasi TikTok ijtimoiy tarmog‘i Xitoyning ByteDance kompaniyasidan ajratilmasa, mamlakatda undan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qullagandi. Ta’kidlanishicha, Xitoy hukumati ByteDance’ni ilova orqali to‘plangan amerikalik foydalanuvchilar ma’lumotlarini topshirishga majbur qilishi mumkin va bu AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soladi.

Ўхшаш янгиликлар