• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +17°C
Detail image

Dushanbedagi yangi elchixona, Toshkent aeroportining kengaytirilayotgan terminallari, tadbirkorlarga yengillik va mahbuslar uchun yangi imkoniyat - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Prezidentning Dushanbega tashrifi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifining ikkinchi kunida Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashuv o‘tkazdi.

So‘ngra ikki davlat prezidentlari O‘zbekistonning Dushanbe shahridagi elchixonasi yangi binosini tantanali ochib berishdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan birgalikda Dushanbeda tashkil etilgan O‘zbekiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasiga ham tashrif buyurdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Aeroportda davlatimiz rahbarini Prezident Imomali Rahmon kuzatib qo‘ydi. 

Toshkent aeroportidagi qurilishlar

Toshkent xalqaro aeroportida yangi yuk terminali qurilishi rejalashtirilmoqda.

Yangi kargo-terminal Toshkent xalqaro aeroportining yuklarni qayta ishlash qobiliyatini qariyb 4,5 barobarga — sutkasiga 70 tonnadan 300 tonnagacha oshiradi.

Ayni paytda uchib ketish terminalining rekonstruksiyasi uch bosqichda davom etmoqda. Ishlar yakunlangach, qayddan o‘tish, bojxona nazorati va xavfsizlikni ta’minlash imkoniyati oshadi. Terminalning o‘tkazish quvvati ikki barobarga oshib, soatiga 2400 yo‘lovchiga yetadi. Bu yiliga 20 mln yo‘lovchini uchirib yuborish degani. 

Tadbirkorlarga yengillik

Nihoyat uzoq bahs-munozaralardan so‘ng tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarima kamaytiriladigan bo‘ldi.

Tadbirkorlar Soliq kodeksining 227-1-moddasi doirasidagi fiskal huquqbuzarliklarni sodir etganda, ularga qo‘llanadigan jarima miqdori oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizini, huquqbuzarlik takroran sodir etilganda esa uning 20 foizini tashkil etishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasida vazirlik va idoralar vakillari, qo‘mita ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi. 

Sartarosh uzr so‘radi

Mijozning sochini kalga olib tashlagan sartarosh uzr so‘rab chiqdi. U ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video 2022 yil oktyabr oyida olinganini aytib, qilgan harakati uchun qonunda belgilangan jazoga rozi ekani, mijoz va uning yaqinlaridan uzr so‘rashini bildirdi.

“Men qizishib ketib, jahl ustida sochini kalga olib tashladim. Ismi keyin menga ma’lum bo‘lgan Jasur ismli fuqarodan, uning ota-onasi, aka-ukasi va yaqinlaridan uzr so‘rayman”, degan sartarosh.

Shuningdek, u holat bo‘yicha qonunda belgilangan har qanday jazoga rozi ekani, qilgan ishidan pushaymonligini, bunday holat boshqa takrorlanmasligini ma’lum qilgan. 

Bolalarni qiynagan pedagogga ish ochildi

Toshkent shahrida bolalarning qo‘liga igna va “samorez” sanchgan o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bolalar ombudsmani tergovga qadar tekshiruv natijasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Sergeli tumanidagi 277-maktab o‘qituvchisi tomonidan 2016 yilda tug‘ilgan 2 nafar o‘quvchi kaftining ustki qismiga burama mix (samorez) bir necha marta sanchib kelingani, bolalarni qiynab, ularga tan jarohatlari yetkazgani aniqlangan.

Shu sababli 2002 yilda tug‘ilgan “pedagog”ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Mahkumlar uchun yangi imkoniyat

O‘zbekistonda jazoni ijro etish joylarida bo‘lib turgan mahkumlarga masofaviy video-uchrashuv xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Jazoni ijro etish muassasalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jalb etish orqali mahkumlarning masofaviy video-uchrashuv xizmatidan foydalanishi imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.

“Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning video-uchrashuv orqali onlayn uchrashish imkoniyatlari takomillashtirilayotgani munosabati bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Qonun loyihasi ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning jamiyatdan ajralib qolishi oldini olish, qayta jinoyat sodir etilishi holatlarini kamaytirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jazoni ijro etish faoliyatiga tatbiq qilish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Ob-havo ma’lumoti

Dam olish kunlari O‘zbekistonning ayrim joylarda yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.

“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘adi.

Harorat +22…+27, ba’zi joylarda +29 darajagacha ko‘tariladi. Toshkentda yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda 20-23 aprel kunlari kuchli yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani sababli Respublikaning 9 ta viloyatidagi tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligi e’lon qilindi.

Ertaga, 20 aprel kuni havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi hududlarga qarab +10...+18 darajagacha, kunduzi esa +24...+32 daraja oralig‘ida issiq bo‘ladi.

Ўхшаш янгиликлар