• 10769.78
  • 12166.62
  • 146.17
weather Тошкент: +7.3°C
Detail image

Yaqinda saytimizda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarkibidagi «Movarounnahr» nashriyotida bo‘layotgan ishlar, xususan «Hidoyat» jurnalining obuna pullari, nashriyot va «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasidagi  g‘alati-g‘alati  moliyaviy munosabatlar  haqida  «Hidoyat» jurnali obuna pullari qayoqqa ketdi?» sarlavhali maqola joylashtirilgandi.

«Azon.uz»dan olib berilgan maqola nainki sayt o‘quvchilari, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlari e’tiborini tortdiki, bu masala jiddiy ekaniga dalolat qiladi. Rost-da, «Hidoyat» jurnali chop etish xarajatlari uchun «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJ hisob-raqamiga yil boshidayoq «ko‘tarasiga pul o‘tkazilgani», biroq  o‘tkazilgan  milliardlab mablag‘ yil yarimiga yetib-yetmay sarflanib-yo‘qotilishi, bunday sirli «operatsiyalar» oqibatida obnuchilarning huquq va manfaatlariga zarar yetayotgani, eng og‘riqlisi – nashriyot va bosmaxonani birlashtirish orqali  «ochilayotgan qozonni yopishga» harakatlar boshlangani kishini o‘ylantirmay qolmaydi, albatta.  Bunday xatti-harakatlar dini-u diyonat maskani bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida bo‘layotgani esa ikki karra og‘riqlidir.

«Azon.uz» voqelik bo‘yicha yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi va mavzu qaytib, «Qozonni qanday yopamiz?» sarlavhali ikkinchi maqolani e’lon qildi. Mazkur maqolani biz ham  chop etishni ma’qul deb bildik.

***

«Hidoyat» jurnalining obuna pullari qanday sarflanayotgan haqidagi birinchi maqolada ma’lum qilingan amaliyotlardan soha rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov xabardormikan, degan tabiiy savol tug‘ilgan edi. Endi ishonch bilan ayta olamizki, muftiy bu gaplardan juda yaxshi xabardor bo‘lgan. Hatto bu ishlar boshida muftiy turmaganmikan, degan xayolga ham borasan kishi.

Xo‘sh, nega deysizmi?

Chunki muftiy shu yaqin orada ikki-uchta hujjatga shoshilib imzo chekkan.

Ularning birinchisi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’atining 2020 yil 22 iyundagi 06-sonli majlis bayoni. «Ro‘yxat asosida 17 kishi» deyilgan, ammo qaysi ulamolar qatnashgani yozilmagan. Kun tartibida bitta masala – «Movarounnahr» nashriyotini «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati tarkibiga qo‘shib yuborish. 

Ikkinchi hujjat — O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil 02 iyuldagi 01A 88-sonli buyrug‘i. 

Nima uchun ushbu hujjatlarni «shoshilinch imzolangan» deb atadik. Birinchidan, «Movarounnahr»dek nafaqat mamlakatimiz, balki yaqin xorijda ham taniqli nashriyot nomini o‘chirish uchun asosli sabab bo‘lishi kerak edi. Axir «Movarounnahr» sho‘rolar davrida butun sobiq Ittifoqda tashkil etilgan yagona diniy nashriyot edi-ku? Mustabid tuzumki, shu nomda  nashriyot ochib, faoliyatiga yo‘l qo‘yib bergan ekan, bugun hech bir sababsiz uni tugatib, nomini o‘chirsak, qanday ish qilgan bo‘lamiz? 

Ikkinchidan, Oliy hay’at majlisi qarorining 4-bandida «Movarounnahr» nashriyotini «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJ ga birlashishi hisobini to‘g‘ri aks ettirish maqsadida jarayonni «qo‘shib yuborish» amaliyoti tanlansin», (aynan ko‘chirma) deyilgan. Qarorning 5-bandida: «Movarounnahr» MChJ «Topshirish hujjati va taqsimlash balansi»ni ishlab chiqsinlar va O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etsinlar», deyilgan. E’tibor berilsa, har ikkala bandda ham faqat «Movarounnahr» haqida gap ketmoqda. «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJ ham mol-mulkini inventarizatsiya qilishi kerakligi haqida lom-lim deyilmayapti. Nega? Korxonalarni bir biriga qo‘shib, yangi bittasini tashkil etish shunaqa biryoqlama amalga oshiriladimi? Axir bunday yo‘l tutishda birlashtirilayotgan MChJlarning birida (ayni vaziyatda «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi»da) mol-mulk va mablag‘larni yashirib qolish, noqonuniy o‘zlashtirish uchun yaxshigina imkoniyat paydo etilmaydimi? Shunday qaror va buyruq bilan muftiy shoshilgancha halolni haromga, rostni yolg‘onga qo‘shib yubormaydi deb kim kafolat beradi? Shundoq ham «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJda bir yilga yetib ortarli katta mablag‘ negadir tez tugab qolgani aytilayotgan bo‘lsa... bu hujjatlarda ayni shu narsani yashirishga urinish bordek go‘yo. 

Uchinchidan, Oliy hay’at majlisi qarorida ham, muftiyning buyrug‘ida ham, eng asosiy narsa — davriy diniy-ma’rifiy nashrlar va obunachilarning haqlari borasida hech narsa deyilmagan. «Kitoblar, nashr mahsulotlari sifati, saviyasi» xaqida gap bor, xolos. 

Deylik, yangi tashkil etilgan jamiyat rahbariyati ushbu xujjatlarga so‘zma-so‘z amal qilib, davriy diniy-marifiy nashrlarni tayyorlash, chop ettirish, yetkazib berishga panja orasidan qarasa, o‘lda-jo‘lda tashlab qo‘ysa, nima bo‘ladi? Chunki qo‘lida Oliy hay’at qarori, muftiyning buyrug‘i ham bor. Ularda gazeta, jurnal tilga olinmagan, bu xususda biror ko‘rsatma yoki topshiriq berilmagan.  

To‘rtinchidan, Oliy hay’at qarorining 8-, 9-bandlarida «Qayta shakllangan MChJ Ustavida ta’sischining uni boshqarishdagi roli, keng huquqi, orttirilgan sof foydani taqsimlash va yirik bitimlarda qatnashish hamda boshqalar yuzasidan» tegishli bandlar kiritilsin», deb ko‘rsatma berilgan. Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga ta’sischining bunday «keng» aralashuvi amaldagi qonunchilikka to‘g‘ri kelish-kelmasligi o‘rganilmagan. 

Sanalgan sabablarga ko‘ra, muftiy imzolagan ushbu hujjatlarni yumshoqqina qilib «shoshilinch imzolangan» dedik. Muftiy Usmonxon Alimovning «Movaraunnahr» nashriyoti va «Shamsuddinxon Boboxonov bosmaxonasi» faoliyatida kechgan ushbu voqealardan aniq xabardor ekani ham oydinlashdi.

Muftiylarcha shoshqaloqlikning sabablari, maqsadlari va oqibatlari esa alohida mavzu.  

Abdurahim Xoliqnazarov

Ўхшаш янгиликлар