• 10674.08
  • 12576.20
  • 146.91
weather Тошкент: +26.6°C
Detail image

Qarshi tumanida paxta yetishtirish klasteri bilan shug‘ullanuvchi «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlar ustidan Qibray tuman ma’muriy sudiga murojaat qilgani xabari berilgandi. 

Shu yilning 9 iyul kuniga belgilangan dastlabki sud majlisiga javobgarlarning hech biri kelmagani sabab sud 16 iyulga qoldirilganidan ham xabardorsiz.

Bugunga belgilangan sud majlisi, nihoyat bo‘lib o‘tdi. Manbamizga ko‘ra, unda javobgar tomonlardan Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari ishtirok etib, ariza bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini bildirishi barobarida, berilgan savollarga javob qaytarishgan.

Sud majlisida prokuror, Biznes-ombudsman vakili hozir bo‘lgani aytilmoqda. Biroq bu – sud majlisi nihoyasiga yetganini anglatmaydi.

Gap shundaki, chaqirtirilganiga qaramay, Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev (yoki uning qonuniy vakili) kelmagani sabab sud muhokamasi 23-iyul kuni soat 11.00 ga qoldirildi.

Eslatib o‘tamiz, Qarshi tumanidagi «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi Qibray tuman ma’muriy sudiga Paxta-to‘qimachilik klasterlar faoliyati va salohiyatini baholash bo‘yicha Respublika ishchi guruhining (ishchi guruhiga Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev rahbarlik qiladi) xatti-harakatlarini noqonuniy deb topishni so‘rab murojaat qilgan.

Avvalroq Qarshi tuman ma’muriy sudi Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga «Sulton Tex Group» xususiy korxonasi klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020-yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘yilgandi.

Ўхшаш янгиликлар