• 10650.06
  • 12497.85
  • 146.08
weather Тошкент: +18.1°C
Detail image

Xabaringiz bor, qator sayt va ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, «Xabar.uz»da ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi «Shamsiddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJ va «Movarounnahr» nashriyoti o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarga oid bir emas, ikkita tanqidiy maqol chop etildi.

Ikki karra ikkiday ko‘rinib turgan sirli-sirli «operatsiyalar» zamirida talon-torojliklar bo‘lishi ehtimoldan holi emasligi, bunday «o‘yin»lar oqibatida «Hidoyat», «Mo‘minalar» jurnallari, «Islom nuri» gazetasi obunachilarning manfaatlari zarar yetayotgani haqida bong urilgan har ikki maqola yuzasidan, nihoyat, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi munosabat bildirdi.

Yaratganga hamd-u sano, suyukli Payg‘ambarimizga salovotlar aytish bilan boshlangan munosabatda maqolalarda tilda olingan faktlar rasman rad etilmaydi, shu barobarida tan olinmaydi ham. Sermulozamat va sertavozelik bilan yozilgan matnda, jaydari tilda aytsak, «arava quruq olib qochiladi», xolos.

Ya’nikim, nomi qayd etilgan nashrlar «Shamsiddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJda (mamlakatimizning yetakchi va nuzufli matbaa korxonalaridan farqli ravishda!) nega qariyb 30 foiz (!) qimmatga chop etilayotgani, harajatlar yil boshidayoq «ko‘tarasiga» olvolganiga qaramay ishlar nima uchun ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketayotgani haqida tayinli izoh yo‘q. Shuningdek, shartnomaviy majburiyatlarini bajarmaganiga qaramay «Shamsiddinxon Boboxonov bosmaxonasi» MChJga «Movarounnahr» nashriyoti qo‘shib yuborilayotgani uning (bosmaxonaning) moliyaviy «toat-iboratlari»ni yopib borishiga imkoniyat yaratmayaptimi, mazmunidagi savol ham ochib qolib ketgan.

Bunday ochiq va og‘riqli savollardan «ko‘z yumgan» diniy idora «Movarounnahr» nashriyoti va «Shamsiddinxon Boboxonov» bosmaxonasining ta’sischisi sifatida mazkur korxonalarning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun istiqbolli rejalarni amalga oshirish, shu jumladan, xo‘jalik yuritish shaklini o‘zgartirish va yo‘naltirish kabi huquqlarga ega» ekanligini pesh qilishdan nariga o‘tmaydi hamda bu amaliyotning (ikki yuridik shaxsni qo‘shib yuborilishining) ijobiy jihatlarini sanashga tushadi... 

Albatta, bitta tashkilot tasarrufidagi ikki yuridik shaxsning birlashtirilishida ko‘proq samara bo‘lishi mumkin. Hamma gap imkoniyatlardan tor doira emas, umummanfaat yo‘lida foydalanishda! Samara ham shunda, baraka ham...

Qisqasi, musulmonlar idorasining munosabati bilan quyidagi havola orqali tanishingiz mumkin. Xulosa o‘zingizga tan.

Yana bir gap: avvalgi maqolalar chop  etilishi hamono huquqni muhofaza qiluvchi organlar e’tiborini tortgan, Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, undagi holatlar tegishli tartibda o‘rganib chiqiladi.

Demak, mavzuga qaytish ehtimoli yuqori.

Pirovardida, Musulmonlar idorasi ta’kidini qaytaramiz: Haq taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin!

Ўхшаш янгиликлар