• 10650.06
  • 12497.85
  • 146.08
weather Тошкент: +19.3°C
Detail image

Buxoro viloyatining Olot tumanida o‘zlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining vakillari va «Yurt salohiyati» gazetasi muxbirlari deb tanishtirgan shaxslar qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Olot tumanidagi dehqon bozori, savdo do‘konlari, kafe va restoranlar faoliyatiga noqonuniy aralashib, karantin qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazib, salbiy maqola chiqarish orqali savdo ob’yektini yoptirish, jarimaga tortish va tashkilot rahbarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish bilan qo‘rqitgan.

Tadbirkorlarning tuman IIBga qilgan murojaatidan so‘ng ularning shaxsiga oydinlik kiritildi. Ular — 1975-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan X.Sh.Sh., 1976-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan M.U.M. va 1984-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan K.E.M. ekanligi aniqlandi.

Tekshiruv davomida ularning yonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi» degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrog‘i tushirilgan xizmat guvohnomalari, bozor va savdo do‘konlarini tasvirga olgan qo‘l telefonlari va boshqa ayrim tegishli hujjatlar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Ayni paytda ushbu shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Olot tuman IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shuni ma’lum qiladiki, «Yurt salohiyati» gazetasi 2019-yil 19-sentyabrda Agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Muassis — OLTIN ASR SERVIS MChJ. Ushbu nashr va muassis Agentlikka daxldor emas va xizmat guvohnomasida Agentlik nomi qonunga zid ravishda  kiritilgan.

Mazkur masala yuzasidan Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli ravishda murojaat qilgan.

Ўхшаш янгиликлар