• 10674.08
  • 12576.20
  • 146.91
weather Тошкент: +26.5°C
Detail image

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti saytiga navbatdagi xabar joylashtirildi. Unda fibirigarlikda ayblanayotgan 33 yoshli Z. A.ga (ayol) oid jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari poyoniga yetgani aytiladi. Biroq xabar sarlavhasi naq hukmning o‘zginasi deng: «Firibgar ayolga nisbatan tergov harakatlari yakunlandi»!

Konstitutsiyaga ko‘ra (26-modda), jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxs to ishi sudda ko‘rilib, aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Demak, Z. A.ni hozirdanoq «firibgar ayol» deya do‘mbira chalvorish Konstitutsiyaning ayni tamoyiliga tamomila ziddir. Asosiy Qonunga teskari bunday xatti-harakatlar birorta jamoa xo‘jaligi yoki bozor ma’muriyati emas, qonun ustuvorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan organ tomonidan sodir etilayotgani oddiy mantiq ne, hatto sog‘lom aqlga sig‘maydi.

Xabar mazmunidan firibgarlikda ayblanayotgan ayolga tog‘ni o‘pirib ketmagan ko‘rinadi, zarar miqdori qisman qoplanganidan kelib chiqilsa, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangani ham katta savol tug‘diradi, rosti. Jinoyat ishi materiallari bilan tanish emasmizku-ya, biroq hozirgi murakkab sharoit, shuningdek ayblanuvchining ayol kishi ekani e’tiboridan unga nisbatan hech yo‘g‘i uy qamog‘i qo‘llansayam tergovchilarning asakasi ketmasmidi, deysan-da. Bundan og‘ir jinoyat sodir etganlarga ozmuncha mehribonlik ko‘rsatilmayaptimi?! Tizim xodimlarini tikka haqorat qilgan yallachi-ku, bitta uzr bilan qutulib ketayotganini aytmang...

Eng qizig‘i, xabar nihoyasida ayolni qanday jazo kutib turganini eslatish ham yoddan ko‘tarilmagan: «...Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 5-8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi». Rost, qonunda shunday. Biroq qayd etilgan jazolarning qaysi biri qo‘llanishi hali noma’lum-ku?! Bu — sud vakolatidagi masala. Shunday ekan, bunday mazmundagi xabarlarni hukm ohangida emas, axborot tariqasida berilishi maqsadga muvofiqdir. Yo‘qsa, aybsizlik prezumpsiyasi degan tamoyil IIV uchun yetti yotga aylanib boraveradi...

Ўхшаш янгиликлар