• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +24.2°C
Detail image

Shavkat Mirziyoyev davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan o‘n yilda 1,2 trln so‘mlik davlat aktivlari sotilib, 2022-yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 11,3 trln so‘mni tashkil etgan.

Xususan, Andijon tajriba sinov zavodi negizida $18 mln investitsiya hisobiga to‘qimachilik korxonasi tashkil etilib, mingta ish o‘rni yaratilgan, $40 mln.lik mahsulot eksport qilingan.

Qo‘qon superfosfat zavodini xorijiy investor olib, $40 mln investitsiya kiritgan, ishlab chiqarish hajmini 4 baravarga oshirgan.

Ipoteka bank” $324 mln.ga va “Coca-cola” kompaniyasidagi davlat ulushi $252 mln.ga sotilgani ham oxirgi yillardagi eng yirik bitimlar bo‘lgani qayd etilgan.

Toshkent viloyatida 112 ta obyekt sotilib, ularning negizida 150 ta tadbirkorlik va mingdan ziyod yangi ish o‘rni paydo bo‘lgan.

Lekin Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda o‘tgan yili savdoga chiqarilgan mulklarning 30%i ham sotilmagan.

Shuningdek, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi mulklarning xususiylashtirilishi sustligi qayd etildi.

Joriy yil boshida 30 mingdan ortiq davlat obyektida o‘tkazilgan xatlov bu borada ishlar ko‘pligini ko‘rsatgan.

Shu bois davlat rahbarining qarori bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda uchta yo‘nalishda — aksiya, ko‘chmas mulk va IPO bo‘yicha xususiylashtirish rejalari belgilangan.

Unga ko‘ra, 1 mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqarilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, 1 mingta ko‘chmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga qo‘yiladi. Ularda 600 gektar yer va 1 mln kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud.

Ushbu obyektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi.

2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obyektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi.

Xususan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2% aksiyalari aholiga taklif etiladi.

Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30%i dividend to‘lashga yo‘naltiradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trln so‘m tushum ta’minlanadi hamda 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yig‘ilishda xususiylashtiriladigan davlat mulklari imkoniyatini aholi va tadbirkorlar o‘rtasida targ‘ibot qilish, hujjatlarni rasmiylashtirishda ularga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.

Yirik davlat kompaniyalarini kapital bozoriga olib chiqish, investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘tgan yilning mart oyida davlat rahbari “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni qabul qilgandi.

Ўхшаш янгиликлар