• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +18.1°C
Detail image

Tohirjon Soliyev 1999-yil Farg‘onada tug‘ilgan. U dastlab Turin politexnika universitetida “Mechanical engineering” yo‘nalishida tahsil olgan. “Google” ofisiga qilgan sayohatidan keyin dasturchilik sohasiga qiziqqan.

Dasturchilikni o‘rganishga qiynalgani, darslarni o‘zlashtira olmagani va magistraturani 1 semestr o‘qib tashlab ketganiga qaramay, hozirda Polshadagi “Visa” kompaniyasida faoliyat yuritmoqda.


Qiyinchilikdan keyingi yo‘l

Kollejda o‘qib yurgan paytlarim matematika va fizika fanlaridan qo‘shimcha darslarga borib, universitetga tayyorlanganman. 2018-yil Toshkent xalqaro Vestminster, Inha, Turin politexnika va Islom Karimov nomidagi Texnika universitetlariga hujjat topshirdim.

Inha’dan boshqa hamma oliygohlarga qabul qilindim. Ular orasidan Turin politexnika universitetini tanladim va u yerda ta’lim olishni boshladim.

2019-yilda esa “Work and Travel” dasturi bo‘yicha Germaniyaga borgishga muvaffaq bo‘ldim. “Google"da ishlaydigan tanishim kompaniyaning Myunxenda joylashgan ofisiga 1 kunlik sayohat tashkil qilib berdi. Ana shundan keyin dasturchilik sohasiga qiziqishim uyg‘ona boshladi.

Mavzuga doir: “Work and Travel” dasturi, uning afzalliklari, kerakli hujjatlar va xarajatlar haqida batafsil bu yerda.

Foto: Tohirjon Soliyevning shaxsiy arxividan

2021-yil bakalavrni tugatgach, dasturlashni chuqurroq o‘rganishga qaror qildim, lekin nimani, qayerdan boshlashni bilmasdim. Shunda yaqin do‘stlarim Xumoyun Xo‘jamov “Java"ni, Axadjon Yulchiyev “NodeJs"ni va Muhammadbobur Akramov “ReactJs” dasturlash tillarini maslahat berishdi. Shu tariqa “Java"ni tanlab, uni “PDP Academy” da o‘rganishni boshladim.

IT — men uchun mutlaqo yangi yo‘nalish bo‘lgan, shu bois uni o‘rganish jarayonida juda ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldim. Dastlab, “Java” kursida o‘qiyotgan paytimda, o‘qituvchimiz kichik guruhlarga ajratgan. Mustaqil ravishda yangi loyihalar ustida ishlashni boshladik. Ammo, jamoa bilan ishlash ham menga qiyin bo‘ldi va topshiriqlar uchun deyarli hissa qo‘sha olmadim.

Keyin, algoritmlarni tushunish juda murakkab bo‘ldi. Bu bo‘yicha ham guruhda eng oxirgilardan bo‘lib turardim. Bundan tashqari boshqa qiyinchiliklar, bosimlar ham yetarlicha edi. O‘qishni allaqachon bitirganman, lekin ishlamasdan IT o‘qirdim. Kvartira va kundalik xarajatlar uchun uydagilardan pul so‘rash ham og‘ir edi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘z ustimda tinimsiz ishlab, kursni muvaffaqqiyatli tamomladim.

So‘ng, Amerika, Germaniya va Angliya davlatlariga magistratura uchun hujjat topshirdim, lekin viza ololmadim. 2023-yilning boshida esa Polsha davlatiga vizam chiqdi.

The Polish-Japanese Academy of Information Technology universitetida magistraturani o‘qish uchun keldim. Ammo, bu oliygohda faqat 1 semestr tahsil olib, tashlab ketishga qaror qildim.

Sababi, viza olishda qiyinchiliklar bo‘lgani uchun, Polshaga kech kelganman va universitetga borganimda allaqachon 2 hafta oldin darslarni boshlab bo‘lishgan edi. “Database” faniga kirganimda o‘qituvchi “sen darslarga kelmay qo‘yaver, chunki 4ta minusing bor ekan, baribir imtihonga kirmaysan” — degan. Keyin boshqa fanlar ham shundayligini o‘rgangach, universitetda o‘qigim kelmay qolgan.

Hozirda WSB universitetida “Computer science” yo‘nalishida o‘qiyman. Menga eng yoqqan jihati, darslar hafta oxirida bo‘ladi va bu ishimga hech ham xalaqit qilmaydi. Mashg‘ulotlar ba’zida offlayn, ba’zida esa onlayn olib boriladi.

polsha, visa, xorijda ish, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: WSB University

Polshadagi hayot

Polshada yashash yoqadi, chunki bu yerda hayot ancha sekin, ya’ni hech kim, hech qayerga shoshilmaydi, qolaversa juda ham tinch. Bu davlat hozirda tech hub’ga aylanyapti, shu bois dasturchilik bo‘yicha imkoniyatlar juda ham ko‘p.

Bir oy ichida “Google”, “Amazon”, “Microsoft” va “Netflix” ofislarini ko‘rishga ulgurdim va bularga o‘xshagan yuzlab yaxshi kompaniyalar bor.

Bu yerda yashash Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda anchagina arzon. Jamoat transporti ham yaxshi tashkil qilingan. Varshavada avtobus, tramvay, metro bor va bitta transport kartasi olsangiz hamma vositalarga to‘lov qilish mumkin. Uni narxi talabalar uchun taxminan $12 atrofida bo‘ladi. Markaziy yo‘llardagi avtobuslar 24/7 ishlaydi va bu degani sizga taksi umuman kerak bo‘lmaydi.

Tabiati ham o‘zgacha: ob-havosi bulutli va ko‘pincha maydalab yomg‘ir yog‘adi, ertalab yugurishga yoki sayr qilishga juda qulay.

Foto: Shaxsiy arxiv

Menga biroz noqulaylik tug‘dirgan, ammo hurmat qilsa arzigulik jihatlaridan biri, oddiy do‘konlardan tortib davlat korxonalarigacha hamma insonlar polyak tilida gapirishadi, ya’ni o‘zlarining ona tilini juda ham qadrlaydi.

Daromadlar

Ilk maosh. 2021-yil sentabrda “PDP Academy"ning “Java backend” kursida o‘qishni boshlaganimdan keyin, “Linkedin” va “Telegram” kanallarida ish qidirganman. Natijada, noyabr oyida 1ta, dekabr oyida esa 2 ta junior “Java Dev” lavozimiga intervyu topshirib, o‘ta olmadim. Boshida xafa bo‘ldim, chunki yangi yilgacha ish topib, keyin uyga qaytishni niyat qilgandim, afsuski amalga oshmagan.

Bu bilan to‘xtab qolmadim. Yanvar oyida “Exadel” kompaniyasi “Java” bo‘yicha ikki oylik internship ochdi va unga muvaffaqiyatli qabul qilindim. Unda qatnashib, yaxshi natijalar bilan yakunlagach, shu kompaniyadan “Associate Software Engineer” lavozimiga qabul xati oldim.

IT sohasiga kirishdan oldin, kamida $500 maoshli masofaviy ish xohlagandim, natijada $700lik ish topganman.

Foto: Shaxsiy arxiv

“Exadel"da bir yildan ko‘proq vaqt davomida ishladim. U paytdagi daromadim $500−$1000 atrofida bo‘lgan.

Hozirda esa Polshadagi “Visa” kompaniyasida “Software Engineer” bo‘lib ishlayman. Jamoa va loyiha haqida ko‘p fikr aytolmayman, chunki bu kompaniyada yanvar oyidan ish boshladim. Bu yerdagi daromadim $4000−$5000ni tashkil etadi.

O‘zbekistonda bu sohada tajribasi kam yoki 1−2 yil tajribaga ega xodimlarning aksariyati oyiga $500-$1000gacha, nisbatan yuqori darajadagilari esa $1500-$4000 atrofida daromad topishlari yaxshi bilaman. Polshada esa narxlar nisbatan balandroq, yuqoridagilarga mos ravishda $2000dan $6000gacha boradi.

Visaga suhbat jarayonlari

2023-yilning may oyidan keyin hech qayerga ish uchun hujjat topshirmadim, chunki u paytda daromadi yaxshi bo‘lgan ishim bor edi. Oktabr oyida esa “Visa talent acquisition team"dan “Linkedin"dagi profilimga kelgan xabarda, kompaniyada menga mos ish borligi va qiziqib ko‘rishimni tavsiya qilishdi.

Suhbat jarayoni ikki oydan ko‘proq vaqt davom etdi. Bir qancha intervyulardan so‘ng, dekabr oyi boshida qabul xati oldim.

Tayyorgarlik jarayonida quyidagi kitoblardan foydalandim:

Shuningdek, SQL, Spring, Apache Kafka, Microservices va AWS kabi texnologiyalar va bir qancha Udemy kurslari ham katta yordam bergan.

Bonuslar. Hozirda men faoliyat yuritayotgan “Visa"da xodimlar uchun bir qancha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, yillik kompaniya bonusi 9−18%, “lunch allowance fixed budget” (tushlik puli), uy va ofis jihozlari uchun mablag‘, o‘qish uchun shartnoma to‘lovi va boshqa kurs yoki ta’lim uchun yillik yetarlicha pul va yana bir qancha qo‘shimcha bonuslar berib boriladi.

Foto: Shaxsiy arxiv

Xatolar va xulosalar

Ish va hayotda hamma ham adashadi, ya’ni birdaniga to‘g‘ri qaror qilolmaydi. Menda ham bunday vaziyatlar ko‘p bo‘lgan, masalan bakalavrda ta’lim olish uchun sarflagan vaqtimga achinaman. Yana biri, 2016-yil IELTSdan 5,5 ball olganimdan keyin men uchun yetarli deb o‘ylab, ingliz tilini o‘rganishni to‘xtatib qo‘yganim ham haligacha, ba’zi joylarda qiyinchilik tug‘diradi.

Shuni tushunib yetganimdan keyin, har doim o‘z ustimda tinimsiz ishlayman, o‘qiyman va ingliz tili bilimlarimni oshirishga harakat qilaman. Xullas, doim izlanishda bo‘lishga intilaman, chunki hamma narsa bizni bugungi o‘sishimizga bog‘liq.

Rejalar. Dasturlash sohasiga kirib kelganimga ikki yil bo‘ldi, shu bois bu soha bo‘yicha ko‘p fikr ayta olmayman. Lekin, hozirgi kunda davlat tomonidan yuqori e’tibor qaratilayotgan yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekistonda oxirgi paytlarda aksariyat xorijiy kompaniyalar o‘z filiallarini ochib, ko‘plab dasturchilarni ish bilan ta’minlashdi. Umid qilamanki, yaqin 5−10 yil ichida bundan ham yuqori natijalarni ko‘rsatish imkoni bor.

Juda ko‘p dasturchilar kabi menda ham “Google"da ishlash orzusi bor. Lekin, eng katta maqsadlarimdan biri bu o‘z loyihalarimni yo‘lga qo‘yish, ko‘plab insonlarni ish bilan ta’minlash, insonlarning yashash sharoitini yaxshilanishiga hissa qo‘shish uchun harakat qilaman.

Ўхшаш янгиликлар