• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +19.1°C
Detail image

Xitoyning “PowerChina International Group Limited” kompaniyasi Andijon viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini quradi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Energetika vazirligi, Andijon viloyati hokimligi hamda Xitoy kompaniyasi o‘rtasida loyihani amalga oshirishning asosiy shartlarini belgilovchi shartnoma imzolandi. Avvalroq vazirlik kompaniya bilan anglashuv memorandumini imzolagan.

Joriy yilning sentabrida qurilish ishlari boshlanishi hamda quyosh fotoelektr stansiyasining dastlabki 100 MVt quvvati 2024-yilning 1-apreligacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. To‘liq quvvati esa kelasi yilning 30-noyabrigacha ishga tushiriladi.

Loyiha natijasida yiliga 700 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda 212 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bundan tashqari, atmosferaga 294 ming tonna zararli issiqxona gazlari chiqishining oldi olinadi.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda foydalanilmaydigan yer maydonlari tanlangan.

“PowerChina International Group Limited” kompaniyasi 2016-yilda “Power Construction Corporation of China” tomonidan xalqaro loyihalar uchun tashkil etilgan.

Kompaniya shu kungacha umumiy 200 GVt quvvatga ega loyihalarni amalga oshirgan. 2019-yilda $50,5 mlrd, 2020-yilda $58,2 mlrd va 2021-yilda $69,5 mlrd miqdorida aylanma mablag‘larga ega bo‘lgan.


Avvalroq Xitoyning “LONGi” kompaniyasi O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirishi ma’lum qilingandi.

Ўхшаш янгиликлар