• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +21°C
Detail image

2023−2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, 2023−2024 yillarda 187 614 gektar maydonda yangi uzumzorlar barpo qilinishi hamda 51 ta tuman va shaharda “Oltiariq tajribasi” asosida har biri 2−2,5 ming gektar yer maydonlarida uzum plantatsiyalari tashkil etilishi belgilanmoqda.

Joriy yil, 1-avgustdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yangi uzumzorlarni barpo qilish, ko‘chat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi.

Bunda meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirishga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirlishi keltirilgan.

Jamg‘arma mablag‘lari “Qishloq qurilish bank"ga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs sifatida joylashtiriladi hamda loyiha tashabbuskorlariga 10 yil muddatga (5 yillik imtiyozli davr bilan) 2%dan ko‘p bo‘lmagan marja bilan tijorat krediti ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tadbirkorlarga uzum plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, yangi tokzorlarni barpo etish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatadi.

Bunda yangi uzumzorlarni 1 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan maydonlarda barpo qilish bo‘yicha loyihalar agentlik tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi.

Yirik uzumchilik plantatsiyasi shaklidagi loyihalar “Qishloq qurilish bank” kreditlari hisobidan amalga oshiriladi.

Texnik navli uzum plantatsiyalarini yaratish hamda uzum, mevalar va rezavorlardan alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga kompensatsiya va kafilliklar beriladi.

2024-yilning 1-fevraligacha uzumchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlar ilmiy muassasalari hamda ilg‘or tajribaga ega xalqaro tashkilotlardan 100 taga yaqin soha mutaxassislari jalb qilinadi.

Xorijdan keltirilgan sovuqqa chidamli, urug‘siz, hosildorligi yuqori 34 xildagi uzum navlarini “in-vitro” laboratoriyalarida mamlakat hududlarining tabiiy-iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha sinov-tajribalar tashkil qilinadi.

Qarorga ko‘ra, “Made in Uzbekistan” brendi ostida xorijiy davlatlarda milliy vino savdo uylarini ochish hamda vino mahsulotlari eksportini targ‘ib qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda davlat nazoratini olib borish boshqarmasi tashkil etildi.

Mazkur boshqarma iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatiga litsenziya berish, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish hamda uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish ishlarini tashkil etishga mas’ul hisoblanadi.

2022-yilning iyun oyida uzum ko‘chatlarini shpalerga ko‘tarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi.

Ўхшаш янгиликлар