• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +16.8°C
Detail image

Prezident Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati $445 mln bo‘lib, shundan $270 mln Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan jalb etiladi.

Xususan, mart oyida OIIB bilan $108 mln.lik kredit shartnomasi imzolangandi. Qolgan $162 mln.ni esa OTB ajratgandi.

Loyiha doirasida Buxorodan Xivagacha bo‘lgan 465 kilometr temir yo‘l tarmog‘i elektrlashtiriladi, bekat, nimstansiyalar va boshqa inshootlar quriladi. Natijada yo‘lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi.

Shuningdek, yuk tashish imkoniyati yiliga 11 mln tonnagacha, yo‘lovchilar soni 2,3 mln.ga yetadi. Poyezdlar elektr energiyasida yurishi hisobiga yiliga 18 ming tonna dizel yoqilg‘isi tejaladi.

“Bu yo‘lni qancha yaxshi qilsak, xalqimizga sharoit, turistlar uchun qulaylik, iqtisodiyotimizga manfaat bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buxoro va Xorazm viloyati hokimlariga tezyurar poyezd o‘tadigan tuman va shaharlarda yo‘l bo‘yi xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

“Temir yo‘l borgan joyga madaniyat boradi, hayot jonlanadi. Shunday ekan, bekatlar atrofida, huddi avtomobil yo‘llarida bo‘lganidek, savdo va xizmat shoxobchalarini ko‘paytirish kerak. Yana bir vazifa — temir yo‘l bo‘ylab cho‘l iqlimiga mos daraxt va butalar ekish zarur. Bu ham hudud ekologiyasiga ta’sir qiladi, ham yo‘l bo‘ylariga ko‘rk bag‘ishlaydi, — dedi prezident.

Bundan tashqari, Nukusgacha bo‘lgan temir yo‘lni ham elektrlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus o‘rtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.

Prezident qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat tashkilotlari binolarida quyosh panellari o‘rnatish, aholini bu borada rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.

Buxoro-Urganch-Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi tufayli temir yoʻl transporti yanada ekologik toza boʻladi. Atmosfera chiqindilari yiliga 81 ming tonnaga kamayadi, bu esa mamlakatning “past uglerodli” iqtisodiyotga oʻtishiga xizmat qiladi.

Ўхшаш янгиликлар