• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +20°C
Detail image

Vazir Hilola Umarova boshchiligidagi guruh Germaniya universitetlari bilan ta’limga doir samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Germaniyada bo‘lib, Myunxen texnika universitetida o‘tkazilgan xalqaro simpoziumda ishtirok etishdi.

Simpoziumda vazir Hilola Umarova ikki davlat hamkorligida amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, vazirlik huzuridagi “Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda Myunxen texnika universiteti hamkorligining 3-yillik faoliyati yuzasidan taqdimot ham tashkil etildi.

Tadbir doirasida Germaniyaning “Siemens”, “Knorr-bremse”, “Airbus”, “Deloitte”, “IT4IPM”, “Linde” kompaniyalari rahbarlari “Yangi O‘zbekiston” universitetida tashkil etiladigan Xalqaro sanoat maslahatlashuv kengashida ishtirok etish uchun taklif etildi.

Mazkur Kengash talabalarning amaliyot jarayonlarini amalga oshirish, sanoatdagi masalalarni ilm-fan, tadqiqot orqali hal qilish maqsadida tashkil etilgan. Unga mahalliy korxonalar rahbarlari ham jalb qilinadi.

Uchrashuvlar davomida “Siemens” kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi. Kompaniya bilan “Yangi O‘zbekiston” universitetining yangi kampusida laboratoriya o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadigan alohida trenajyor markazlarini ochish belgilanmoqda.

Myunxen texnik universiteti professorlari bilan professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturini kengaytirish muhokama qilindi. “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mitvayda amaliy fanlar universiteti bilan ikki diplomli magistratura dasturini tashkil etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, Sanoat boshqaruvi — innovatsiya va biznesni rivojlantirish dasturida talabalar ikkinchi semestrni Germaniyada davom ettiradi.

Ingolshtadt amaliy fanlar universiteti bilan imzolangan anglashuv memorandumiga ko‘ra, “Yangi O‘zbekiston” talabalari “Audi” va “BMW” kabi korxonalarda amaliyot o‘tashlari mumkin bo‘ladi. Mazkur kompaniyalar Ingolshtadt amaliy fanlar universitetining yaqin hamkori hisoblanadi.

Shuningdek, Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Drezden amaliy fanlar universiteti, Frayberg texnika universiteti, Nyurenberg universiteti bilan ham hamkorlik masalalari muhokama etilib, hamkorlik rejalari ko‘rib chiqildi.

Hilola Umarova Bavariya Parlamentining Ilm-fan va Madaniyat ishlari bo‘yicha qo‘mitasi boshlig‘i Robert Brannekemper bilan uchrashib, O‘zbekistondagi bir necha maktablarda Bavariya modeli asosida o‘quv dasturlarini amaliyotga joriy etishni ko‘rib chiqdi.

Avvalroq Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Sentabrdan universitetning tayyorlov kurslari ochilishi rejalashtirilmoqda. O‘quv rejalari, ta’lim dasturlarini yaratish va tasdiqlash, professor-o‘qituvchilarni jalb etish ko‘rib chiqildi.

Ўхшаш янгиликлар