• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +26°C
Detail image

“Spot” auditor Yevgeniya Son bilan birgalikda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha maqolalar ketma-ketligini davom ettiradi.

Oldingi maqolada yetti bosqichdan iborat nazorat cheklisti berilgandi. Unda faoliyatini boshlagan tadbirkor uchun biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda bosib o‘tadigan butun yo‘l ko‘rsatilgan.

Shunday bosqichlardan biri — tashkiliy-huquqiy shaklni tanlashdir. Keling, buni batafsilroq ko‘rib chiqamiz:


bandlik, biznes, mchj, ytt

Yevgeniya Son,

auditor, “Yaran Consultingbuxgalterlik kompaniyasi hammuassisi.

Bugungi kunga kelib, uchta tashkiliy-huquqiy shakl eng dolzarb hisoblanadi: o‘z-o‘zini band qilish, yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) va mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ).

Har bir shakl o‘zining afzalliklari va kamchiliklariga ega, har birining xususiyatlarini bilib olgach, eng mos shaklni tanlash mumkin.

O‘z-o‘zini band qilish

Bu biznes qilishning eng yangi usuli. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning faoliyati tegishli nizom bilan tartibga solinadi.

Biz doimo tadbirkorlikka intiluvchi shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini o‘z-o‘zini band qilish shakli bilan boshlashni, agar biznes jadal rivojlanayotgan bo‘lsa, yanada murakkab tashkiliy-huquqiy shakllarga o‘tishni tavsiya qilamiz.

O‘z-o‘zini band qilish shaklining afzalliklari:

  • soliqqa tortish tizimi juda oddiy: faqat ijtimoiy soliq to‘lash talab etiladi — yiliga 1 BHM (maqola e’lon qilingan vaqtda — 300 ming so‘mga teng). O‘z-o‘zini band qilgan tadbirkorlarning barcha daromadlari shaxsiy daromad solig‘iga tortilmaydi;
  • soliq va moliyaviy hisobotlar talab etilmaydi, buxgalteriya hisobini yuritishga hojat yo‘q;
  • o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkor jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash huquqiga ega;
  • 2023-yil mart oyidan tadbirkorlar o‘z-o‘zini band qilganlarni barcha imtiyozlardan foydalangan holda uydan turib ishlaydigan xodim sifatida yollashlari mumkin;
  • o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkor xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga ham xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega;
  • mehnat staji hisoblab boriladi;
  • uydan turib ishlash mumkin, yuridik manzilni olish uchun hech qanday talab yo‘q.

O‘z-o‘zini band qilish shaklining kamchiliklari:

  • faoliyat turlarining miqdori cheklangan — 97 (to‘liq ro‘yxat bu yerda);
  • o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkor yollanma ishchi sifatida ishlamasligi yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmasligi kerak. Ammo boshqa MChJlarda ta’sischi bo‘lib ishlash mumkin;
  • xodimlarni ishga olish mumkin emas.

Yakka tartibdagi tadbirkor

Ushbu shakl so‘nggi 5−7 yil ichida sezilarli darajada rivojlandi. Agar ilgari bu eng oddiy va cheklangan shakl bo‘lgan bo‘lsa, endi to‘liq huquqiy bozor ishtirokchisidir.

Biz endi faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida biznes boshlashni tavsiya qilamiz, chunki bu shaklni saqlab qolish juda oson va arzon, agar biznes ish bermasa, YaTT juda tez tugatiladi.

Yakka tartibdagi tadbirkor — bu shaxsiy mulkka asoslangan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxs.

Shu narsaga alohida e’tibor qaratmoqchimanki, yakka tartibdagi tadbirkor o‘z majburiyatlari bo‘yicha to‘liq shaxsiy moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Ya’ni, agar biznes o‘xshamasa, qarzlar paydo bo‘ladi — YaTT ularni shaxsiy mulki bilan to‘laydi.

Taqqoslash uchun: MChJning qarzlari MChJning mulki bilan qoplanadi, ta’sischilar shaxsiy mulk bilan to‘lash javobgarligini bo‘yniga olmaydi.

Yakka tartibdagi tadbirkor yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan holda, agar sharoit shunga mos kelsa, yashash joyida ishlashga ham ruxsat beriladi. Biroq, chakana savdo faoliyati amalga oshiriladigan tadbirkorlik alohida yuridik manzilni talab qiladi.

YaTT faoliyat shaklidan qat’i nazar, besh kishigacha ishchi yollashi mumkin. U o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash bilan bir qatorda faoliyat turlari bilan cheklanadi, ularning atigi 88 turi mavjud.

Yakka tartibdagi tadbirkor ham jismoniy, ham yuridik shaxslar bilan ishlash, shuningdek import va eksport bilan shug‘ullanishi mumkin.

Ko‘plab yangi tadbirkorlar sheriklar bilan birgalik biznes ochishadi, bu moliyaviy va psixologik jihatdan osonroq. Ammo, afsuski, bu holda bu shakl to‘g‘ri kelmaydi, chunki YaTT’da faqat bitta shaxs rahbar bo‘lishi mumkin.

Soliqlar to‘langanidan keyin yakka tartibdagi tadbirkorning barcha daromadlari o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlash uchun uning mulkida qoladi.

Materiallarni sotib olishga, biznes va shaxsiy ehtiyojlar uchun xizmatlarni to‘lov qilishga sarflash mumkin yoki qolgan pulni istalgan vaqtda foyda sifatida chiqarib olish mumkin.

MCHJdan farqli o‘laroq, yakka tartibdagi tadbirkorda dividendlar uchun soliq yo‘q va dividendlarni taqsimlash uchun kamida bir kvartal kutish shart emas.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortish va hisobot berish soddalashtirilgan yoki umumiy tartibda belgilanishi mumkin.

Yillik tovar aylanmasi 100 mln so‘mgacha bo‘lsa, buxgaltersiz ham ishlash mumkin, chunki soliq hisobotini taqdim etish shart emas va qat’iy belgilangan soliqni my.soliq.uz'dagi shaxsiy kabinet orqali bemalol to‘lasa bo‘ladi.

Agar aylanmasi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa, buxgalter yollashni yoki buxgalteriya kompaniyasiga murojaat qilishni tavsiya qilamiz.

YaTTning afzalliklarini sarhisob qilamiz:

  • dividendlar uchun soliq olinmaydi;
  • yuritish unchalik qimmat emas;
  • yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish mumkin, alohida yuridik manzilga ehtiyoj yo‘q;
  • yopish oson;
  • 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tovar aylanmasi bilan buxgaltersiz ishlash mumkin.

YaTTning kamchiliklari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • faoliyat turlarining soni cheklangan — 88 ta;
  • to‘liq moddiy javobgarlik;
  • hamkorlikda ishlab bo‘lmaydi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat

MChJ eng mashhur tashkiliy-huquqiy shakllardan biridir, chunki faoliyatning xususiyatlari va tashkil etilishida deyarli hech qanday cheklovlar yo‘q.

Har qanday faoliyat turiga, shu jumladan eksport va import operatsiyalariga ruxsat beriladi. Ba’zi faoliyat turlari uchun qo‘shimcha litsenziya va ruxsatnomalar olish talab etiladi.

MChJ ta’sischilari jismoniy yoki yuridik shaxslar, shu jumladan xorijiy shaxslar bo‘lishi ham mumkin. Ta’sischilar soni 1 dan 49 tagacha bo‘lishi mumkin.

Ta’sischilarning vakolatlari, huquq va majburiyatlari “Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida"gi qonunda ko‘rsatilgan va ular ta’sis hujjatlarida ham qo‘shimcha ravishda belgilanishi mumkin.

Har qanday jismoniy shaxs MChJ rahbari bo‘lishi mumkin, buning uchun ta’sischilardan biri bo‘lish shart emas.

MChJ ustav fondining miqdori qonun bilan cheklanmaydi, ta’sischilar uni shakllantirish hajmi va shartlarini mustaqil ravishda belgilashadi.

Konsultatsiyalar davomida ustav kapitali miqdorini hisoblash uchun MChJning taxminan 6 oylik xarajatlarini hisobga olishni tavsiya qilamiz.

MChJ nafaqat mehnat shartnomalari, balki fuqarolik-huquqiy shartnomalar bo‘yicha ham xodimlarni soni bo‘yicha hech qanday cheklovlarsiz yollashi mumkin.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkorlar bilan ham ishlashga ruxsat beriladi.

Unda soliqqa tortish, hujjat aylanmasi, soliq, moliyaviy va statistik hisobotlar ancha murakkabroq, shuning uchun biz darhol buxgalter yollashni yoki buxgalteriya kompaniyasi bilan bog‘lanishni tavsiya qilamiz.

Dividend sifatida taqsimlanishi mumkin bo‘lgan daromad har kvartalda, har yili MChJ ustaviga va uning ta’sischilarining qaroriga muvofiq taqsimlanadi. Taqsimlangan dividendlar qo‘shimcha soliqqa tortiladi.

MChJning afzalliklari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:

  • har qanday faoliyat turiga ruxsat beriladi;
  • xodimlarni son cheklovisiz yollash mumkin;
  • ta’sischilar MChJ majburiyatlari bo‘yicha o‘zlarining shaxsiy mol-mulki bilan javob berishmaydi.

MChJning kamchiliklari:

  • dividendlarni kamida bir kvartal kutish kerak;
  • dividendlardan olinadigan soliq;
  • buxgalteriya xizmati talab qilinadi.

Keyingi maqolada soliqqa tortish mavzusini ko‘rib chiqamiz.

Ўхшаш янгиликлар