• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +27.1°C
Detail image

O‘zbekiston valyuta birjasi (O‘zRVB) joriy yilning yanvar-oktabr oylari bo‘yicha bozorlarning umumiy sharhini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, O‘zRVBdagi umumiy savdolar hajmi 549,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 86,1% o‘sgan.

Mazkur davrda valyuta bozoridagi umumiy savdolar hajmi 264,4 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan (164,9 trln so‘m) 1,6 barobar oshgan.

Joriy yilning oktabr oyida O‘zRVB valyuta bozorining yangi in-house savdo platformasida valyutaviy fyuchers operatsiyalarini amalga oshirish imkoni yaratildi.

Bozor ishtirokchilariga taklif etilgan yangi birja instrumenti valyuta xatarlaridan himoyalanish, shuningdek, narx o‘zgarishi natijasida daromad olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, valyuta bozorida fyuchers shartnomalari bilan savdolar boshlanishi sabab, O‘zRVB defolt-menedjment tizimi va markaziy kontragent faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan likvidlik provayderlari faoliyatini joriy etdi. Bu risklarni boshqarish mexanizmlarini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlanadi.

O‘zRVB qarz bozorida davlat qimmatli qog‘ozlari (DQQ) — Moliya vazirligining obligatsiyalari va majburiyatlari, shuningdek Markaziy bankning obligatsiyalari savdolari amalga oshiriladi.

Joriy yilda ushbu bozorda 74,2 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari joylashtirilgan bo‘lib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga (18,20 trln so‘m) nisbatan 4 barobar ortgan.

DQQ bozorida “UZCE mobile GB” mobil ilovasi ishga tushirilishi oldi-sotdi operatsiyalarini masofaviy tarzda amalga oshirish imkonini bergan.

Davlat qimmatli qog‘ozlarining ikkilamchi bozorida 8,21 trln so‘mlik bitimlar tuzildi. O‘tgan yilgi ko‘rsatkich (1,69 trln so‘m)ga nisbatan 4,8 barobar o‘sgan.

Ўхшаш янгиликлар