• 11430.07
  • 12299.90
  • 147.90
weather Тошкент: +18.1°C
Detail image

Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

Unda siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

“Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida o‘zimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz. Siz bilan so‘nggi yillardagi muloqotlarimiz bois munosabatlarimizda katta siljish kuzatilmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Joriy yilda Toshkent shahrida Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim o‘rin tutgani ta’kidlandi. Qatar tomoni Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi.

Tomonlar o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.

Qatar kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati $12 mlrd.dan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishdi.

Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shu yil sentabr oyida O‘zbekiston-Qatar investitsiya forumini o‘tkazish hamda qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Ko‘rfaz mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yo‘laklarni shakllantirish muhimligini qayd etishdi.

Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, ko‘rgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Mamlakatlar poytaxtlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama xalqaro shartnomalarni imzolash va almashish marosimida jami 15 ta hujjat imzolandi. Bu haqda “UzA” nashri xabar bermoqda.

Xususan, mazkur hujjatlar quyidagilar:

  • Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • Savdo sohasida hamkorlik memorandumi;
  • Investitsiya sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo Bayon;
  • ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • bojxona ishlarida o‘zaro ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
  • diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida bitim;
  • oliy ta’lim va ilmiy faoliyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum;
  • tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023−2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • sport va yoshlar ishlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • adliya vazirliklari o‘rtasida 2023−2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
  • Toshkent bilan Doha shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi;
  • o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi;
  • madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum.

Avvalroq O‘zbekiston Qatar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgandi. Unga ko‘ra, mazkur mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin bo‘lib, bu tartib 30 kunga amal qiladi.

Ўхшаш янгиликлар